Bugun, 21 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev lavozimga qayta tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining 53-yalpi majlisida qaror qabul qilindi.
Bildirilishicha, Nig‘matilla Yo‘ldoshev 2019 yildan buyon O‘zbekiston Bosh prokurori vazifasida ishlab kelayotgandi. O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, Bosh prokurorning vakolat muddati 5 yilni tashkil qiladi. Nig‘matilla Yo‘ldoshev vakolat muddati tugaganligi sababli Bosh prokuror lavozimini ko‘rib chiqish masalasi Senatda muhokama qilinib, u lavozimga qayta tayinlandi.
Ma’lumot uchun, Nig‘matilla Yo‘ldoshev 1962 yil 5 noyabr kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining yurisprudensiya fakultetini tamomlagan.
U faoliyati davomida quyidagi lavozimlarda ishlagan:
- 1987-1991 yillarda – Olmaliq prokuraturasi katta tergovchisi;
- 1991-1993 yillarda – Toshkent shahar Yunusobod tumani tergovchisi;
- 1993-1994 yillarda – Toshkent shahar prokuraturasi katta tergovchisi;
- 1994-1999 yillarda – O‘zbekiston Bosh prokuraturasida boshqarma boshlig‘i;
- 1999-2000 yillarda – Bosh prokuratura Tergov bosh boshqarmasi boshlig‘i;
- 2000-2003 yillarda – Bosh prokuratura Ichki xavfsizlikni ta’minlash inspeksiyasi boshlig‘i;
- 2003-2006 yillarda – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Davlat maslahatchisi xizmatining prokuratura idoralari faoliyati masalalari bo‘yicha yetakchi inspektori;
- 2006-2008 yillarda – O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i;
- 2008-2011 yillarda – O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari;
- 2011-2015 yillarda – O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri;
- 2015 yil 22 yanvardan 2019 yil 20 iyungacha Senat a’zosi, Senat Raisi;
2016 yil 2 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning vafotidan keyin Konstitutsiyaga ko‘ra, Oliy Majlis palatalarining qarori bilan O‘zbekiston Prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangandi. 2016 yil 8 sentyabr kuni esa Prezident vakolatlarini bajarish mas’uliyatini vaqtinchalik Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevga topshirishini e’lon qilgan.
2019 yil 20 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan Bosh prokuror etib tayinlangan.