Bugun, 19 iyun kuni Qoraqalpog‘istonda xususiy bog‘cha tarbiyalanuvchilarini olib ketayotgan avtomobil bilan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi axborot xizmati xabar berdi.
Aniqlanishicha, xususiy bog‘cha rahbari S.G. Nexia rusumli avtomashinasida bog‘cha tarbiyalanuvchilarini olib ketayotganda, U.Q. boshqaruvidagi Gentra rusumli avtomobil to‘satdan Nexia avtomashinasi oldiga chiqib ketishi oqibatida to‘qnashuv sodir bo‘lgan.
Yo‘l-transport hodisasi oqibatida bog‘cha tarbiyalanuvchilari 2018 yilda tug‘ilgan X.F. va 2021 yilda tug‘ilgan N.S. tan jarohati olib, shifoxonaga statsionar davolanishga yotqizilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, har ikkala jabrlanganlarda o‘rta darajadagi jarohatlar aniqlanib, zarur tibbiy muolajalar ko‘rsatilgan. Qolgan yo‘l-transport hodisasi ishtirokchilari to‘liq ambulator ko‘rikdan o‘tkazilgan, ahvoli qoniqarli.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
“Jinoyat ishi doirasida yo‘l harakati qoidalariga rioya etmasdan Nexia avtomashinasida belgilanganidan ortiq yo‘lovchi tashigan S.G.ning hamda Gentra rusumli avtomashina haydovchisi U.Q.ning harakatlariga qonuniy baho berilishi ta’minlanadi”, deyiladi xabarda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi tergovi ustidan prokuror nazorati o‘rnatildi.