Meksikaning Gerrero shtatidagi Koyuka de Benites shahri meri lavozimiga o‘ng markazchi “Kuch va Meksika uchun yurak” alyansidan muxolifat nomzodi Xose Alfredo Kabrera Barriyentos saylovchilar bilan uchrashuvda otib o‘ldirildi. Bu haqda "El Universal" nashri xabar berdi.
Bu shtatda saylovoldi tashviqoti chog‘ida besh nafar merlikka va bir nafar deputatlikka nomzod o‘ldirilgan.
Siyosatchi basketbol maydonida saylovchilar olomonida bo‘lganida, noma’lum shaxs uning orqasidan yaqinlashib, to‘pponchani chiqarib, boshining orqa qismiga bir necha marta o‘q uzgan. Qotillik lavhalari ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilindi. Videoda kamida 15 ta o‘q ovozi eshitiladi.
Bir kun avval Xalisko shtatida Meksikaning hukmron "Morena" partiyasidan Enkarnasion de Dias munitsipaliteti rahbari lavozimiga nomzod Gilberto Palomar Gonsales qurolli hujum oqibatida yaralangan edi. Siyosatchi akasi va kotibi bilan birga o‘q jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan.
"Laboratorio Electoral" tadqiqotchilarining ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning yozidan beri Meksikada saylov kampaniyalari bilan bog‘liq 82 kishi o‘ldirilgan. Ulardan 34 nafari davlat siyosiy lavozimiga nomzodlar edi. Umuman olganda, 2023 yildan 2024 yilgacha siyosatchilarga qarshi 2172 zo‘ravonlik, jumladan hujumlar, tahdidlar va odam o‘g‘irlash holatlari qayd etilgan.
2 iyun kuni Meksikada umumiy saylovlar bo‘lib o‘tadi. Ular kelgusi olti yilga yangi prezidentni, shuningdek, Deputatlar palatasining 500 nafar a’zosini va Senatning 128 nafar a’zosini, to‘qqiz nafar gubernator va 19 ming mahalliy amaldorni saylaydi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Meksikaning Nuevo-Leon shtatida prezidentlikka nomzod Xorxe Maynesning saylovoldi tashviqoti mitingi vaqtida sahna qulab tushgandi. Shtat gubernatori Samuel Garsiyaga ko‘ra, hodisa oqibatida to‘qqiz kishi, jumladan, bir bola halok bo‘lgan, 50 ga yaqin kishi jarohatlangan.