Ma’naviyat va ma’rifat darsi
Bu yil mamlakatimizda Navro‘z umumxalq bayrami Prezidentimizning «2024-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, «Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!» degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruh va yuqori darajada keng nishonlanadi.
O‘lkamizga yasharish ayyomi – Navro‘zi olam kirib kelishi bilan ona zamin uzra ko‘klam nafasi taralib, qalblarda o‘zgacha orziqish, ko‘tarinki kayfiyat, shod-u xurramlik va ezgu niyatlar butun borliq bilan hamohanglik kasb etadi.
Navro‘z – tun bilan kunning tenglashishi, yangi davr, kunlarning uzayib, bog‘-u rog‘, dalalarga rizq-ro‘z qadash, mehnatning boshlanishidir.
An’analar silsilasi
Milliy an’ana va qadriyatlarimiz jamlangan ushbu shodiyona kun xalqimizning o‘ziday qadim va ulug‘ligi haqida tarixiy manbalarda atroflicha so‘z yuritilgan. Xususan, «yangi kun» ma’nosini beruvchi ushbu qadim va boqiy bayram, uning nishonlanishi Abu Rayhon Beruniyning «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar», Mahmud Qoshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk», Firdavsiyning «Shohnoma», Umar Xayyomning «Navro‘znoma» kabi asarlarida miloddan avvalgi VI–V asrlarda boshlanganiga oid ko‘plab ma’lumotlar yozib qoldirilgan. Navro‘zning tarixiy ildizlari borasida juda ko‘plab manbalar, jumladan, Avesto, Tabariyning «Tarixi Tabariy», Abu Rayhon Beruniyning «Tafhim», «Qonuni Mas’udiy», Mas’udiyning «Muruj az-zahab», Muhammad Husayn Burhonning «Forsnoma», Hofizi Abruning «Zubdat-at-tavorix», Alisher Navoiyning «Saddi Iskandariy», «Xazoyin ul-maoniy» asarlarida bayram va uning tarixiga oid qaydlar mavjud.
Abu Rayhon Beruniy «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» kitobida yilning birinchi oyi deb sanalgan Farvardin oyi to‘g‘risida so‘zlab: «Bu oyning birinchi kuni Navro‘zdir, – deydi. – Navro‘z yilning birinchi kuni bo‘lib, uning forscha nomi ham shu ma’noni anglatarkan. Navro‘z eronliklar zijlari bo‘yicha o‘tmish zamonlarda, ular yillarini kabisali qilgan vaqtlarida Quyoshning Saraton burjiga kirish paytiga to‘g‘ri kelar edi. So‘ngra u orqaga surilgach, bahorga keladigan bo‘ldi. Endi u butun yil unga xizmat qiladigan bir vaqtda, ya’ni bahor yomg‘irining birinchi tomchisi tushishidan, gullar ochilgan, daraxtlar gullashidan mevalari yetilguncha, o‘simlik unib chiqa boshlashdan takomillashguncha davom etgan vaqtda keladi. Shuning uchun Navro‘z olamning boshlanishi va yaratilishiga dalil qilingan».
Bahor elchisi
Musaffo osmon uzra saxiy quyoshning charaqlab nur sochishi, qir-u adirlar yam-yashil o‘t-o‘lanlar, boychechak-chuchmoma, lolaqizg‘aldoqlarga burkanib, yangi kun, bahorni olqishlayotgan qushlarning yoqimli ovozi har qanday inson ruhiyatiga ko‘tarinkilik bag‘ishlaydi. Ayniqsa, qadimdan bahor elchisi boychechak xonadonlarga shod-xurramlik, baxt va omad, to‘kinlik va baraka olib keladi, degan tasavvur uyg‘otgan.
Bu ajdodlarimizning o‘zi bilan tabiat o‘rtasiga chegara qo‘ymagani, balki o‘zlarini tabiatning bir bo‘lagi, deb qaraganining ham bir isbotidir. Ular boshi uzra porlab turgan oy, quyosh hamda yulduzlar, atrofini o‘rab turgan tabobat, nabototning sirini bilishga, undagi o‘zgarishlar inson qalbi va ruhiyatiga ta’sir etishini anglaganlar. Tabiatni alqaganlar, samoni ulug‘laganlar.
Boychechakni tutdilar,
Tut yog‘ochga osdilar.
Qilich bilan chopdilar,
Baxmal bilan yopdilar.
Bu qo‘shiq satrlari bir qaraganda, anchayin jo‘n va tushuniksizdek tuyuladi? Ammo qo‘shiqda boychechak muqaddas sanalib, «qurbonlik» qilinishi bilan bog‘liq qadim marosim haqida so‘z bormoqda. Qadimda qish uzoq cho‘zilib, ko‘klam kelishi intiqlik bilan kutilganda, Boychechak marosimi o‘tkazilgan. Bu marosim qish va ko‘klamning kurashini ifodalagan.
Shoh taom
Boqiy ayyomning shoh taomi – sumalak va uning tayyorlanishi bilan bog‘liq rivoyatlar tilimizda ko‘p va xo‘p aylanadi. Ushbu rivoyatlar zamirida esa bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilish, jipslashuv, yaxshi-yomon kunlarda birga, sabr va irodali bo‘lishdek ezgu g‘oyalar yotadi, albatta. Quvonarlisi, hozirda ham erta ko‘klamdan keksa-yu yoshning birdek doshqozon boshida jam bo‘lib, bahoriy taomni kovlashi, unga tosh tashlab, yaxshi niyatlar bilan duoga qo‘l ochishi misolida ibratli hikoyatlar ayni kunlarda ham insonlar qalbida o‘zining tarbiyaviy qimmatini yo‘qotmay kelayotganining isbotidir. Shuningdek, sumalak, halim va ko‘ksomsa, ko‘kchuchvara singari ko‘klam taomlari ilik uzildi paytida kishilarga quvvat bo‘lishi, darmondorilarga boyligi bilan zamonaviy tibbiyotda ham tan olinayotgani hech birimizga sir emas.
BARAKA FASLI
Har yili keksa-yu yosh uchun birdek orziqib kutiladigan va katta tantana bilan
nishonlanadigan Navro‘z bayrami umuminsoniy fazilatlar, milliylikka yo‘g‘rilgan urf-odatlar-u qadriyatlarimiz ifodasi yanglig‘ qalblarga olam-olam surur baxsh etadi.
Aynan Navro‘z kunlarida amalga oshiriladigan bunyodkorlik va obodonchilik ishlari, mehr-saxovat tadbirlari, insoniy fazilatlar boshqa vaqtdagi ezgu amallarga qaraganda yorqinroq namoyon bo‘ladi.
Sohibkor bog‘bon-u dehqonlar, keksalar ko‘klamning har daqiqasini qadrlab, g‘ayrat-shijoat bobida yoshlarga ibrat bo‘lishadi. Ular bosh bo‘lib qadalgan har urug‘, har bir nihol ertangi kunga baraka, dasturxonlarga rizq-ro‘z, el-u yurtga nasiba, farovon turmush omili bo‘lib unadi, ko‘kka bo‘y cho‘zadi.
Boqiy qadriyatlar
Tabiatning yangilanishi bilan boshlanuvchi bu bayram qadimdan to bugunga qadar turli marosimlarga boyligi bilan ham ajralib turadi. Xususan, xalq sayillari, milliy o‘yinlar – kurash, ko‘pkari musobaqalari, teatr tomoshalari tashkil etiladi. Oddiygina o‘tovdan tortib, yopilgan nonda, kashtachilik, naqshinkor gilamlarda ham tabiatga inja munosabat, uni ayash, ulug‘lash yaqqol aks etadi. Ayniqsa, beg‘ubor osmon bag‘rida bahoriy nasimlarga qonib, yengil parvoz qilgan varraklar, bolalarning qiy-chuvlari-yu shodon kulgulari tabiatning uyg‘onishiga rang kiritadi, go‘yo. Ot, chillak, qo‘g‘irchoq, arqon tortish, tosh ko‘tarish va boshqa o‘yinlarning zavqi esa o‘zgacha. Atlas va adrasdan tikilgan milliy liboslardagi bir-biridan chiroyli qizlar, beqasam to‘nlar kiygan ko‘rkam yigitlarning qiyofasida yangi kunning nashidasi ufurib turadi.
Fusunkor bayram
Navro‘z – oddiy bir bayram emas, balki xalqimizning tarixi, falsafasi, tushuncha tasavvurlari, qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan, millat bilan ulg‘ayib, millat bilan birga taraqqiy etgan va har jihatdan
uning ong-u shuuriga o‘zining benazir xosiyati bilan singib ketgan ayyom. Zotan, yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, «xalqimiz milliy yuksalish va milliy taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ygan hozirgi vaqtda barcha ezgu qadriyat va an’analarimiz qatori Navro‘z bayramining ham hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda». Buni har yilgi Navro‘zi olam ona xalqimizga milliy, azaliy urf-odatlar, qadriyatlar qanotida shodlik-xurramlik ulashib kelayotgani misolida yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Zero, musaffo osmon ostida tinch-totuv umr kechirayotgan har bir yurtdoshimizning qalbiga ona tabiatning betakror fusunkorligi bilan ko‘chgan ayyom, ularning o‘zidek aziz va ulug‘dir.
Gulnoza TURG‘UNBOYEVA.
Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tilga kirdi: Bobur haqida film suratga olinayotgani haqiqatdan yiroqligi maʼlum qilindi
Maʼlum qilinishicha, Bobur bilan bogʻliq tarix haqida dunyo ahlini chalgʻitish kabi bu holat mamlakat jamoatchiligini, ziyolilarni tashvishga solib, keskin munosabatlarga sabab boʻldi.'Shu qatori meni ham bu holat qattiq tashvishga soldi va tegishli davlat tashkilotlari, elchixonalar bilan vaziyat yuzasidan maʼlumot olish uchun bogʻlandim. Aytish lozimki, film haqidagi xabarlar haqiqatdan yiroq va bunga oydinlik ham kiritilmoqda. Albatta, bu masalaga yana aniqlik kiritib, qoʻshimcha xabar
YЕTMISh YILLIK YO‘L
Adolatli, halol, mehnatsevar insonlar doimo xalqimizning hurmat-e'tiborida bo‘lgan. Uzoq yillar ichki ishlar organlarida samarali xizmat qilgan iste'fodagi podpolkovnik Shavkat Otajonov ham ana shunday fidoyi insonlardan biridir.Yoshlikdan ilm olishga, o‘qimishli, ma'rifatli inson bo‘lishga intilgan Shavkat Otajonov maktabni tamomlagach, Urganch davlat pedagogika institutida tahsil oldi. U 1975–1981-yillar Urganch tumanidagi maktabda o‘quvchilarga ingliz tilidan saboq berdi va kel
“Sharq taronalari”: oʻzbekcha kuylagan yapon qizi
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/'Xalq soʻzi'. Registonning muazzam maydoni uzra turli tillarda ijro etilayotgan kuy-qoʻshiqlarni ezgulik jarchisi, deyish mumkin.Dunyoning 80 yaqin davlatidan 400 nafardan ortiq musiqa sanʼati namoyandalari qatnashayotgan 'Sharq taronalari' XIII xalqaro musiqa festivali tanlovining dastlabki kunida Bolgariya, Latviya, Sudan, Gretsiya, Hindiston, Qozogʻiston, Eron, Turkmaniston, Yaponiya, Malayziya, Mongoliya, Ozarbayjon vakillari oʻz dasturlarini namoyish etdi.Yaponiya
Oʻzbek sanʼati ogʻir judolikka uchradi
Oʻzbekiston, Turkmaniston va Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalq artisti Bobomurod Hamdamov 2024-yilning 2-sentyabr kuni 84 yoshida vafot etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi axborot xizmati xabar berdi.Bobomurod Hamdamov 1940-yilda Turkmanistonning Chorjoʻy shahrida tugʻilgan. U oʻzbek milliy qoʻshiqchilik sanʼatining rivojlanishida salmoqli hissa qoʻshib, bir nechta oʻlmas asarlar yaratdi va tomoshabinlar olqishiga sazovor boʻldi. Ayniqsa uning 'Sulton Jaloliddin', 'Kim ekan', 'Devona',