calendar 13 Feb 22:03
eye 215
comments 0
comments Manba: xs.uz

Vatanga muhabbat ramziga aylangan siymo

image
1

Ulugʻ ajdodimiz, Zahiriddin Muhammad Bobur janobi oliylari!

Kamina bir ushogʻingiz, oʻzlari moʻtabar 'Boburnoma'da zikr etgan Margʻinon kunchiqishida, vodiyning markazida, chet bir qishloqda tugʻilgan kamtaringina shogird... Aziz tavallud kuningiz munosabati bilan maktub yozib, Sizni muborakbod etishga jazm qildim... Imom Buxoriy, Beruniy, Ibn Sino, Jaloliddin Manguberdi, sohibqiron Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy kabi va boshqa tabarruk zotlar bilan xayolan suhbatlashib turish odatimdir.

Avvalo, shunday qutlugʻ kunlar, ulugʻ ajdodlarimizning tavallud ayyomlarini nishonlash dunyolarga bergisiz bir savobki, ular oʻzligimizni anglashga, ertangi kunimizga sinchkovlik bilan qarashga, hushyorlikni qoʻldan bermaslikka, beparvo boʻlmaslikka undaydi va chorlaydi.

Biz, avvalo, oʻzimizning kimligimizni yaxshi, yaxshi emas, yaxshiroq anglab olishimiz kerak. Bu ' aksioma. Quvonchlisi shuki, aynan ortga qaytmas oʻzimizni anglash jarayoni dadil olgʻa siljimoqda. Uning boshida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev turibdi. Bu tahlikali zamonda donishmandlik, uzoqni ravshan koʻra olishlik, bosiqlik va shijoat bilan olib borilayotgan rahnamolik, yurt boshqarish tufayli yangi Oʻzbekistonning mavqeyi jahon hamjamiyatida ortib bormoqda. Osiyoda, Yevropa va Amerikada tan olinyapti, hali mamlakatimizga kelmagan davlat rahbarlari tashrif buyurishga shoshilmoqda. Sanoat keskin rivojlanish pallasiga kirayotir (axir bizda bir vaqtlar gugurt ham ishlab chiqarilmagan), qudratimizga qudrat qoʻshayotir. Xorijliklar bizlarga havas qilmoqda, yurtimizni ziyorat qilishga kelayotgan turistlar soni tobora koʻpaymoqda...

Meni nihoyatda mamnun etgan hodisa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning shu yil 12-yanvarda Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida axborot masalalariga alohida toʻxtalgani, xususan, axborot makonida milliy kontentni kengaytirish masalasi boʻyicha teran fikr-mulohazalar yuritgani boʻldi. Bagʻoyat dolzarb muammo koʻtarildi!

Tan olaylikki, shu paytgacha biz maʼlumot olishda, asosan, Rossiya axborot vositalaridan foydalanamiz, shunga oʻrganganmiz, qizigʻi, ular nima desa (yolgʻon boʻlsa ham), haqiqat shu ekanda, deb qabul qilish bizga odat boʻlib qolgan. Rossiya kanallarida toʻppa-toʻgʻri yuzimizga igʻvogarona gaplar, tuhmatlar, hatto xalqimiz, davlatimiz shaʼniga haqoratlar yogʻdirsalar ham jim qarab oʻtiramiz... Ular shunday yoʻl bilan tashviqotni kuchaytirib, nafaqat oʻz teletomoshabinlarida, balki dunyoda ham nosogʻlom kayfiyat uygʻotadi. Shunday ekan, har qanday tanqidga javob berish kerak.

Yangi Oʻzbekistonning asil haqiqatlarga asoslangan oʻz milliy kontenti yaratilishi juda zarur, toki u Oʻzbekistonning oʻz soʻzi boʻlsin!

Yuqorida jahonda yurtimizdagi rivojlanishlar, bu taraqqiyotni hayrat bilan kuzatayotganlar bor, dedik. Lekin ular ichida olakoʻzlar uchrashi kishini tashvishlantiradi. Yashnab borayotgan chaman, obod shaharlar badnafslarning koʻzini oʻynatadi. Ularning ichida qora niyat etagini tutganlar tap-tortmay iddao qilishlari koʻngillarga xiralik soladi... Hammamiz hushyor boʻlmogʻimiz ham farz, ham qarz!

2

Ulugʻ vatandoshim! Vatanparvarlik ramziga aylangan siymoingiz hammamizni ruhlantirib turadi, axir Hindistonda, olis Agrada turib, oʻsha 'qovun mahalida poliz boshida qovun sotmoq rasm' boʻlmagan ona yurt Andijonni sogʻinib, bir qovun tiligiga mahtal boʻlganingiz Vatanga sodiqlik, buyuk vatanparvar ekaningiz belgisi emasmi? Jahonda oʻxshashi yoʻq durdona asaringiz 'Boburnoma', ona tuproq sogʻinchi bilan yoʻgʻrilgan gʻazallaringiz, nainki bugun, balki keyingi avlodlarga ham mangulik ibratdir, abadulabad iftixordir!

Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, buni maqtov deb tushunmasinlar, asil haqiqatni aytaman: ona tilimiz kamolga yetishi uchun butun kuchini ayamagan ulugʻ Alisher Navoiyga sadoqat koʻrgizib, uni sidqidil qoʻllab-quvvatlab, Andijonni taʼrif qilganlariday: 'Eli turkdur. Shahr va bozorisida turki bilmas kishi yoʻqtur. Elining lafzi qalam bila rost...'ligidan'kelib chiqib, 'Boburnoma'day tengsiz va bebaho asarni oʻsha vaqtda urf boʻlgan fors tilida emas, balki ona tilimizda insho etdilar va ona tilimiz xazinasiga xazina, parvoziga parvoz qoʻshdilar! Buning oʻzi millatparvarlikning, vatanparvarlikning oliy namunasi edi.

Prezidentimiz Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan majlisida ajoyib mavzu ' vatanparvarlik haqida gapirdi. Har birimiz oʻzimizga savol berib koʻraylik: bizlar vatanparvarlarmizmi?.. Shu haqda xolisona fikr qilaylik. Dushmanni yurtdan quvib chiqarish uchun qoʻliga qilich olib jangga otlangan malika Toʻmaris, yurtni deb oʻz jonini qurbon qilgan qahramon Shiroq, dovrugʻi tillarda doston Spitamen, bir parcha yerini dushmanga berishga rozi boʻlmagan xunlar xoni Modexon, Turonzamin uchun jon olib, jon bergan Amir Temur... Ular beshak-beshubha asil vatanparvarlardir.

Janubiy Koreyada fuqaro chet el mashinalarini sotib olmaydi, bunga intilmaydi ham, faqat oʻzlarida ishlab chiqarilgan mashinalardan foydalanishadi. Bu gʻurur sanaladi, vatanparvarlik belgisi hisoblanadi. Bundan oʻrganishimiz kerak.

Yana 'Boburnoma'ga qaytaylik. Oʻzlarining qisqa umrlarida bir bayramni bir joyda ikki marta oʻtkazish nasib etmadi, hamisha safar, notinchlik va besaranjomlik, koʻch-koʻch, toʻpolon, jangu jadallar, xavf-xatarlar, sargardonliklarda kun kechirganlariga qaramay, shunday ulkan asarni yarata olganlari misli yoʻq hayratlanarli hodisa!

Buyuk ibrat shundaki, ulugʻ vatandosh, bu moʻjizaviy asarni kimningdir topshirigʻi bilan emas, balki vatansevar fidoyi qalb amri bilan, yolgʻiz yuksak farzandlik burchi etagini tutib, ona adabiyot oldidagi qarzdorlik hissi zalvari tufayli hech qanday gʻarazsiz (davlat mukofoti yoki boshqa siylovlarni oʻylamay, koʻkrak nishonlaridan umidvor boʻlmay) ado etdilar! Bunga faqat tahsin aytamiz!

3

Ulugʻ vatandoshim! Sizga bir noxush hodisadan xabar bermay ilojim yoʻq.

Oʻzlari yaxshi bilurlar, tilimizda besh harfdan iborat, 'yuzsiz' degan soʻz bor. 'Oʻzbek tilining izohli lugʻati'da unga shunday taʼrif berilgan: 'Yuzsiz ' raʼy-andishani bilmaydigan, or-nomussiz, uyatsiz'. Boshqa suveren davlatlarga oʻrinsiz tahdid qilish, tuhmat uyushtirish, nohaqdan boʻlmagʻur daʼvolar oʻylab topish, hech narsadan hech narsa yoʻq, birovni behurmat qilish, bosim oʻtkazish, badnom etishga urinish, surbetlik kabi bunday illatlar insonlik qiyofasini yoʻqotganlardan kelib chiqadi... Ular ochiqdan-ochiq tekinxoʻrlik, haromxoʻrlikdan oʻzini tortmaydiganlar, aytilgan soʻzda turmaydiganlar, gapda doʻstlik haqida ogʻiz koʻpirtirib, amalda 'doʻstlik'ning koʻchasiga ham yoʻlamaganlar, yolgʻonchilikni bus-butun kasb-kor qilib olganlardir. Boshqacharoq aytsak, bu hol borib turgan noinsoflikning aynan oʻzidir. Bular yovuzlik imperiyasining 'sifat'lari.

Kimligining tayini ham yoʻq, hammaga tanilib shov-shuv koʻtarmoqchi boʻlgan odam, agar toʻnini teskari kiyib koʻchaga chiqsa, bas, darhol olamga mashhur boʻladi. Bundaylarni biz bechora, aqli joyidamas, telba odamlar, deb ataymiz. Ulugʻ rus yozuvchisi F. Dostoyevskiy bekorga 'Telba' romanini yozmaganga oʻxshaydi. Ammo biz undaylar bilan gaplashishni koʻpda oʻzimizga ep koʻravermaymiz. Ammo na chora, gaplashishimiz shart!

Yaqinda rossiyalik bir betavfiq (nomini keltirishni ham istamaydi kishi, ular koʻp...), toʻnini teskari kiyganlardan biri ochiqdan-ochiq 'Oʻzbekistonni qoʻshib olamiz', deb chiqdi, keyin boshqasi hech andishaga bormay, inqilobgacha oʻzbeklar, qozoqlar, ozarbayjonlar yoʻq edi, degan boʻlmagʻur gapni aytib yubordi... Bechora va savodi haminqadar, dunyo tarixidan mutlaq bexabar odam ekani ayon koʻrinib turibdi.

1865-yilda Toshkentni bosib olgan Chor Rossiyasi har xil aldov yoʻllar bilan yolgʻon siyosat yuritib, xalqimizni qul qilish, mardikor sifatida ishlatish, dalaning qora mehnati bilan xalqimizning qoʻl-oyogʻini bogʻlab tashlash, rostakamiga ezish, xor etish yoʻlida koʻp yovuz ishlarni amalga oshirdi. 1874-yilda goʻyoki Turkiston xalqiga muruvvat koʻrsatish maʼnosida chor podshosi tomonidan: 'Tuzem (yerlik) xalq bolalari ellik yil mobaynida armiyaga olinmaydi' degan norasmiy farmon tarqatildi. Bu muruvvat emasdi, aslida maqsad boshqa edi, uning tagida Turkiston bolalariga qurol bermaslik, ularni harbiy xizmatdan mutlaq nari tutish, bobolarga xos boʻlgan kuchli harbiy ruhni, shiddat-shijoatni soʻndirish, janglardan qoʻrqadigan harbiy savodsizlarga aylantirish edi. Ular oʻzbek xalqining tarixda qanchalar jangovar hayot kechirganini, Chingizxonni lol qoldirgan Jaloliddin Manguberdi, Turon zaminida buyuk saltanat qurgan sohibqiron Amir Temur, uch yuz yildan ortiq hukm surgan davlatni barpo etgan Zahiriddin Muhammad Bobur singari olamshumul lashkarboshilar yetishib chiqqanini yaxshi eslarida saqlashardi.

Shu sababdan, 1916-yilda Turkiston xalqidan mardikorlikka odam olinganda xalq qoʻzgʻolon koʻtarganini olam afkor ommasi juda yaxshi biladi.

Avantyurachi bolsheviklar Chor Rossiyasi siyosatini 'muvaffaqiyatli' davom ettirdi. Hech oʻzgarish yoʻq, oq rang qizilga aylandi, холос... Eski hammom, eski tos. Mohir sarkardalarga, qahramon jangchilarga aylanishi mumkin boʻlgan chapani va tanti oʻzbek yigitlari, asosan, 'rabochiy batalyon'larga olindi, ular harbiy taʼlimdan yiroq yerlarda ogʻir mehnatlarga duchor qilindi, katta qurilish maydonlariga tashlandi. 1962-yilda Moskva yonidagi Klin shahrida xizmat qilgan amakim Abduqahhorni koʻrgani borganimda barchasining guvohi boʻlganim esimda.

Bolsheviklarning boshqa xalqlarni, jumladan, oʻzbeklarni kamsitishdan iborat yomon odati bor edi. Bu uni tarixidan uzib tashlash, qadim ildizlarini quritish, savodsiz qoldirish, manqurtga aylantirish va hokazodan iborat. Bir misol keltiraman:

Mustamlaka davrida oʻzbek xalqining '2 foiz'i savodli (!) deb hisoblash juda urf boʻlib ketgandi. Uyalmay-netmay shunday safsatani dastak qilishni yaxshi koʻrardilar. Lekin hech kim bu hisobning qaysi oʻlchovdan olinganini soʻrab-surishtirmasdi. Ular aytdimi, demak, bu rost, deb qabul qilinardi. Dunyo faniga tamal toshini qoʻygan buyuk allomalar chiqqan xalqning bahosi shumi?.. Aslida bu fikrni gapirganlar, oʻzlariga oʻzlari baho berganlar, desak, adolatli boʻladi.

Taniqli tatar olimi A. Karimullin etnoslar haqidagi bir kitobida shu masalaga toʻxtalib, '2 foiz' deganda, buni aytganlar, rus tilini biladigan odamlarnigina nazarda tutgan boʻlsalar kerak, deb kinoya qilgandi.

4

Ulugʻ vatandoshim! Sezib turibman, Siz Vatanimda nimalar yuz berayotir, deb bezovta boʻlmoqdasiz... Oʻzingizga maʼlum, xalqimizga xos boʻlgan hamisha 'kengfeʼllik', 'bagʻrikenglik', 'ishonuvchanlik' kabi urf-odatlarimizni juda ardoqlasa arziydi, bari tengsiz insoniy fazilatlar, lekin ular meʼyoridan oshib ketsa, zarar yetkazishi ham tarixdan maʼlum.

Oʻzlarining bir hikmatlari bor edi, juda koʻnglimga oʻrnashib qolgandi, hatto uni sheʼrga solgandim:

Tor koʻngilli dushmaningni

Bartaraf aylayin deb,

Oʻtga-choʻqqa urma oʻzing,

Yurma behuda gʻam yeb.

Oʻz ishing qil. Haq deb seni

Bir kun koʻrgizib imdod,

Tor koʻngilli dushmaningni

Bartaraf etgay hayot!

Bu ' toʻgʻri... 'Tor koʻngilli dushman'ni hayot bartaraf etishiga ishonchim komil. Albatta, adolat qaror topadi! Lekin... Bu qachon? Xalqimiz, har bir vatandoshimiz, yaʼni sizu men, ular ' barchamiz doʻppini yerga olib qoʻyib, doʻst kim, dushman kim ekanini ajratib olishimiz kerak! Bugun zamon talabi shunday boʻlib qoldi. Lekin biz hali ajratganimiz yoʻq...

Sohibqiron Amir Temur uch narsani mahkam tutardi: 'Mulk, xazina, qoʻshin'. Mulkni mustahkam qilish, xazinani boyitish va qoʻshinni oliy maqomga yetkazish... Biz hech kimga qarshi kurashmaymiz, biz dushmanga qarshi kurashamiz! Bizni hurmat qilganlarning hurmatini joyiga qoʻyamiz, bizga tuhmat etganlarni esa bobomizdan ulgi olib, munosib javob beramiz. Bunga shak-shubha boʻlishi mumkin emas!

Sohibqirondan ibrat olib mulkni barqaror qilish, xazinani poydor etish, qoʻshinni esa togʻlarday qudratli kuchga aylantirish yoʻlida qattiq qaygʻurganingizni yaxshi bilamiz. Oʻzlari mard va qoʻrqmas, bahodir sipoh-jangchilarni hamisha ardoqda tutganlar, shijoatli sarkardalarini bosh ustiga qoʻyganlar.

Mustaqil yangi Oʻzbekiston ' nufuzli, kuchli davlat, katta mamlakat, u qudratli armiyaga ega. Har qanday dushman kelsa, shubhasiz, oʻzining munosib javobini oladi. Harbiy kuchlarimizga eʼtibor katta. Prezidentimiz, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida armiyamiz Vatanimizning metin qoʻrgʻoniga aylanmoqda, xalq va armiya birligi mustahkamlanib bormoqda, takomillashish yoʻlida davom etmoqda.

Armiyamizning qudratini oshirish, harbiy sanʼatni chuqur egallash, strategiya va taktikani teran oʻrganish borasida maqsadli izlanishlar, harbiy mahorat mashqlari bir lahza ham toʻxtagani yoʻq. Ayni paytda mamlakatimizda harbiy sanoatni jiddiy rivojlantirishga qaratilgan harakatlar hammamizni quvontirmoqda. Armiyamiz eng zoʻr qurol-aslahalar, zamonaviy ilgʻor texnik anjomlar bilan jihozlanishi shart. Maktab oʻquv dasturlariga harbiy-vatanparvarlik darslarini kiritish zarur.

Jangovar Qurolli Kuchlarimiz, bahodir askarlarimiz ota-bobolardan oʻtib kelgan, qonlarida gupurib turgan jasorat, shijoat, bahodirlik, vatanparvarlik tuygʻularidan koʻkraklari baland, boshlari magʻrur. Jahonning turli mamlakatlarida oʻtkazilayotgan harbiy salohiyat boʻyicha xalqaro musobaqalarda birinchi oʻrinlarni olib kelayotganlari buning yorqin isbotidir. Ha, Oʻzbekiston askarlari oʻzlarining kimligini dunyoga koʻrsatmoqda.

Ulugʻ vatandoshim! Hamisha bezovta pok ruhingizni, oz boʻlsada, xotirjam qilay, degan umidda yuqoridagi soʻzlarni yozishga oshiqdim...

Boqiy salom va ehtirom ila... shogirdingiz.

Muhammad ALI,

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi.


Doʻstlaringiz bilan ulashing

29 Jun 17:43
 
37
0
postda.uz

XODIMLAR MA’NAVIYATINI YUKSALTIRISH YO‘LIDA

Bugun IIV Madaniyat saroyida vazirlik markaziy apparati xodimlari ishtirokida “Tarix – vatanparvarlik, milliy g‘urur va iftixor manbai” mavzusida navbatdagi ma’naviyat va ma’rifat darsi o‘tkazildi. Unda ishtirok etgan tarixchi Ixtiyor Esonov har bir xalq o‘z oldiga qo‘ygan ulkan maqsadlarni amalga oshirishda, avvalo, milliy o‘zligini anglashi, kindik qoni to‘kilgan ona yurtning qadimiy va boy o‘tmishini o‘rganishi hamda ulkan kuch-qudrat manbai bo‘lmish milliy g‘oya

26 Jul 10:19
 
10
0
qalampir.uz

Rossiyalik bloger Guseyn Gasanov soliqlardan qochib yuribdi

Rossiyalik bloger Guseyn Gasanov qarzlari sabab  qochib yuribdi. Bu haqda “Vedomosti” nashri xabar berdi. Qayd etilishicha, bloger Guseyn Gasanovga tegishli bo‘lgan ayrim kompaniyalar davlat oldidagi qarzlari sabab yopilgan. Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, soliq idorasining sudga qilgan da’vosidan so‘ng, bloger o‘z majburiyatlaridan bo‘yin tovlab, qochib yuribdi. Bildirilishicha, Gasanovning soliq idoralaridan qariyb 1,7 million dollar qar

11 Jul 15:13
 
21
0
xs.uz

Jizzaxliklar yutadi, deb oʻylagandik…

Jizzaxliklardagi oʻzlariga boʻlgan ishonch bejiz emasdi. Chunki, ular 1866-yilda general Chernyayev boshchiligidagi bosqinchilarni Chinozga qarab chekinishga majbur qilgandi. Shu bois ular yangi bosqinga qarshi hozirlikka zavq-shavq bilan kirishdilar.Oʻziyam, sakkiz oy mobaynida minglab odamlar qalʼa devorlarini deyarli qaytadan mustahkamlash chiqishadi. Devor aslidan uch baravar baland qilib tiklangan, devorlarning qalinligi ham oshirilgan. Kamiga, qalʼa atrofi boʻylab oʻtgan xandaqlar c

22 Jul 17:58
 
33
0
xs.uz

Farrux Zokirovga Ozarbayjon «Xalq artisti» faxriy unvoni berildi

Qayd etilishicha, Ozarbayjon Respublikasi bilan Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirishdagi xizmatlari uchun Farrux Zokirovga 'Xalq artisti' faxriy unvoni berilgan.Maʼlumot uchun, 78 yoshli Farrux Zokirov bir vaqtning oʻzida 7 ta ' Oʻzbekiston, Qoraqalpogʻiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Ingushetiya, Tatariston va Boshqirdistonning xalq artisti hisoblanadi.