Avvalroq, ukrainalik 26 yoshli Karolina Shiino “Yaponiya go‘zali-2024” milliy tanlovida g‘olib bo‘lgan edi. Endilikda u sovrinni olishdan bosh tortgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda "Kyodo News" agentligi xabar berdi.
Sovrinni rad etishiga yapon nashrlaridan birida uning oilali erkak bilan munosabati haqida yozilgan xabar sabab bo‘lgan.
Tanlov assotsiatsiyasi g‘olibning unvondan voz kechish haqidagi bayonotini qabul qilganini va tartibsizliklar uchun barcha manfaatdorlardan uzr so‘rashini bildirdi. Shuningdek, assotsiatsiya unvon yil oxirigacha bo‘sh qolishini qo‘shimcha qildi.
Qayd etish joizki, o‘zining 50 yillik tarixida birinchi marta "Miss Yaponiya" tanlovida boshqa millatga mansub qiz qatnashgandi.
Tanlov finalida esa Shiino o‘zining nutqida ham, ongida ham yapon ekanligini va odamlar tashqi ko‘rinishiga qarab baholanmaydigan jamiyat yaratish uchun o‘z hissasini qo‘shayotganini aytgandi.
Otaboyeva Madina