calendar 02 Feb 19:09
eye 64
comments 0
comments Manba: xs.uz

Suv – bu bir xalq yoki millatning boyligi emas

image
Bugun Oʻzbekiston Respublikasida aholini suv bilan taʼminlash masalalari har qachongidan muhim ahamiyat kasb etmoqda. Geografik jihatdan Oʻzbekiston dunyoning suv taqchil boʻlgan hududlaridan biri ' Markaziy Osiyoda joylashgan. Ushbu mintaqa, shu jumladan Oʻzbekiston, iqtisodiyoti, aholisi va ekologik tahdidlari oʻsib borayotganligi bilan ajralib turadi.

BMT va Jahon Banki kabi xalqaro tashkilotlarning tahliliy maʼlumotlariga koʻra, 2050-yilga qadar Markaziy Osiyo aholisi soni 100 milliondan oshishi kutilmoqda. Bunda, eng koʻp aholiga ega boʻluvchi davlat sifatida Oʻzbekiston (taxminan 50 million kishi) eʼtirof etilmoqda. Aholi sonining oshishi esa, mutanosib ravishda suv resurslariga boʻlgan ehtiyojni ham oshiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonga suv resurslarining 80 foizi boshqa davlatlar hududlaridan keladi, 20 foizi mamlakatda hosil boʻladi. Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, 2030-yilga borib Oʻzbekiston 7 mlrd kub metr suv yetishmovchiligi muammosiga duch kelishi mumkin.

Suv resurslari bilan bogʻliq bugungi kun sharoitlari va istiqbolda kutilayotgan chaqiriqlar Oʻzbekistonda suvdan foydalanish sohasida samarali davlat boshqaruvini yoʻlga qoʻyishni taqozo etmoqda. Bunda, tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni amalga oshirish, suvdan oqilona foydalanish boʻyicha ommaviy madaniyatni shakllantirish va Oʻzbekistonga qoʻshni boʻlgan davlatlar bilan oʻzaro manfaatli suv diplomatiyasini olib borish talab etiladi.

Oʻzbekistonning suvdan foydalanish sohasidagi davlat siyosati

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston suvdan foydalanish sohasidagi davlat siyosatini zamonaviy sharoitlar va talablarga moslashtirib kelmoqda. Taʼkidlab oʻtish joizki, suvdan foydalanish masalalari Oʻzbekiston mustaqilligining ilk yillaridan boshlab davlat siyosatining muhim yoʻnalishi hisoblanadi. Buning yaqqol misoli sifatida, 1993-yilning 6-mayida Oʻzbekiston Respublikasining 'Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida'gi Qonuni qabul qilinganligini keltirishimiz mumkin. Ushbu Qonunning qabul qilinishi mamlakatimizda suvga oid munosabatlarni tartibga solish va sohada davlat boshqaruvini yoʻlga qoʻyishga imkon yaratdi. Uning ijrosini taʼminlash maqsadida esa koʻplab qonunosti hujjatlari ham qabul qilindi.

Suvdan foydalanish munosabatlarini huquqiy tartibga solishdan tashqari, amaliy chora-tadbirlar ham amalga oshirildi. Xususan, Oʻzbekistonda suvni tejovchi texnologiyalar va tomchilab sugʻorish tizimlarini ommalashtirishga davlat siyosati darajasida alohida eʼtibor qaratildi. Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish ishlarini yanada jadallashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-dekabrdagi 'Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida'gi qarori qabul qilindi. Ushbu hujjatning 2-bandiga muvofiq, 2021-yil yakuniga qadar respublika boʻyicha kamida 160 ming gektar paxta, 30 ming gektar mevali ekinlar, 15 ming gektar uzum va 5 ming gektar boshqa ekinlar yetishtiriladigan maydonlarda tomchilatib sugʻorish joriy etish, 14 ming gektar donli ekinlar, 2 ming gektar sabzavot va poliz hamda 2 ming gektar ozuqabop ekinlar yetishtiriladigan maydonlarda yomgʻirlatib sugʻorishni yoʻlga qoʻyish, 600 gektar paxta yetishtiriladigan maydonlarda diskretli sugʻorish texnologiyalarini joriy qilishni taʼminlash, 200 ming gektar ekin maydonlarida, shundan 43 ming gektar sholi yetishtiriladigan maydonlarda lazerli uskuna yordamida tekislashni tashkil etish belgilandi.



Albatta, jahon tajribasi suv resurslaridan oqilona foydalanishda suvni tejaydigan texnologiyalar va tomchilatib sugʻorish tizimlarining yuqori samaradorligini koʻrsatmoqda. Ammo, jamiyatda suvdan oqilona foydalanish masalalari nazorat qilinmasa, suvni tejash maqsadida yuqorida sanab oʻtilgan texnologiyalarni joriy qilish oʻz natijasini bermaydi.

Hozirda Oʻzbekistonda suvdan nooqilona foydalanish bilan bogʻliq koʻplab holatlar uchramoqda. Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, mamlakatimizda suvdan nooqilona foydalanish holatlarining oldini olishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy mexanizmlar talab darajasida emas.

Mamlakatimizda suvdan foydalanish masalalari Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 6-maydagi 'Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida'gi Qonuni, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi va Jinoyat kodekslari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi toʻgʻrisidagi nizom va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinmoqda. Mamlakatimizda suvdan oqilona foydalanishni taʼminlash bilan bogʻliq quyidagi kamchiliklarni sanab oʻtish mumkin:

1) Oʻzbekiston Respublikasining 'Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida'gi Qonunida 'suvdan oqilona foydalanish', 'suvdan nooqilona foydalanish', 'suvdan maishiy foydalanish', 'ichimlik suvi', 'chuchuk suv' kabi sohadagi asosiy tushunchalarning huquqiy taʼriflari berilmagan. Bu esa, oʻz navbatida, huquqni qoʻllash amaliyotida suvdan nooqilona foydalanish holatini aniqlashda murakkabliklarni keltirib chiqarmoqda.

Qolaversa, amaldagi Qonunda ichimlik suvidan aynan qaysi holatlarda foydalanish taqiqlanishi aniq koʻrsatilmagan. Huquqni qoʻllash amaliyotida ichimlik suvidan tomorqa yerlarni sugʻorishda, transport vositalari va gilam yuvishda, hovliga suv sepish va suv havzalarini toʻldirish, mevalarni muzlatish uchun ochib qoʻyish maqsadlarida foydalanish suvdan nooqilona foydalanish sifatida baholanmoqda. Ammo, taʼkidlash joizki, yuqorida sanab oʻtilgan holatlar suvdan nooqilona foydalanish holatlari sifatida amaldagi qonunchilikda aniq belgilanmagan;

2) Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi va Jinoyat kodekslarida suvdan nooqilona foydalanganlik holati uchun jazo choralari yagona moddada aks ettirilmagan. Bunda, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 74-moddasi uchinchi xatboshida 'suvdan foydalanish va suv isteʼmoli qoidalarini buzish' va 'suvdan xoʻjasizlarcha foydalanish' holatlari uchun tegishli jarimalar miqdorlari belgilangan. Ammo, 'Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida'gi Qonunda va Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi toʻgʻrisidagi nizomda suvdan foydalanish va suv isteʼmoli qoidalari hamda suvdan xoʻjasizlarcha foydalanish holatlari aniq belgilanmagan;

3) aksariyat holatlarda mutasaddi davlat tashkilotlari ham suvdan nooqilona foydalanish holatlariga yoʻl qoʻymoqda. Masalan, turli hududlarda vodoprovod trubalari nosozligi va teshilganligi yoki koʻkalamzorlashtirish tizimlarining nosozligi, bunday muammolar davlat tashkilotlari tomonidan oʻz vaqtida bartaraf etilmaganligi sababli juda koʻp miqdorda ichimlik suvi bemaqsad isrof boʻlayotganligi jamoatchilik vakillari tomonidan koʻplab asosli eʼtirozlarga sabab boʻlmoqda. Xususan, turli 'yashil hududlar', piyodalar yoʻlaklari va dam olish maskanlaridagi koʻkalamzorlashtirish tizimlarining nosozligi sababli katta miqdordagi suv isrof boʻlayotganiga jamoatchilik vakillari ijtimoiy tarmoqlar orqali oʻz eʼtirozlarini bildirishmoqda.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti meʼyorlariga koʻra, bugungi kunda bir kishining ehtiyojlari uchun kunlik 50-100 litr suv kerak, 'Oʻzsuvtaʼminot' AJ maʼlumotlariga asosan esa Oʻzbekistonda bu koʻrsatkich kunlik bir kishiga oʻrtacha 99,2 litrni tashkil etmoqda. Mazkur koʻrsatkich dunyo mintaqalarida quyidagicha koʻrinishga ega: Saudiya Arabistonida 500 litr; AQShda 450 litr; Kanadada 340 litr; Yaponiyada 320 litr; Rossiya Federatsiyasida 250 litr; Gʻarbiy Yevropada suv taʼminoti xizmatlarining yuqori narxi tufayli u 130 dan 180 litrgacha oʻzgarib turadi; Afrikaning qishloq joylarida 10-20 litr.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda suvdan nooqilona foydalanish holatlarining oldini olish chora-tadbirlari mamlakatni rivojlantirish boʻyicha strategik dasturlar doirasida amalga oshirib kelinmoqda. Yuqorida sanab oʻtilgan tashkiliy-huquqiy kamchiliklarni bartaraf etish, isteʼmolchilarda suvdan foydalanish madaniyatini shakllantirish va kelajak avlodlarga chuchuk suv zaxiralarini yetkazish vazifalari 2022 ' 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi, 'Oʻzbekiston ' 2030' strategiyasi, har yilgi davlat dasturlari va boshqa hujjatlarda aks ettirilmoqda. Xususan, 2024-yilgi Davlat byudjetida isteʼmolchilarning suvga nisbatan munosabatini oʻzgartirish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish va suvni tejash texnologiyalarini keng joriy qilish maqsadida subsidiyalar ajratish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.

Oʻzbekistonning zamonaviy suv diplomatiyasi qanday samaradorlik koʻrsatmoqda?

Keyingi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan har bir sohada keng koʻlamli islohotlar amalga oshirib kelinmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbuslari va siyosiy irodasi natijasi oʻlaroq, Oʻzbekiston tashqi siyosati ham yangicha tus oldi. Markaziy Osiyo mintaqasi Oʻzbekiston tashqi siyosatida eng muhim mintaqa sifatida belgilandi. Oʻzbekiston tashqi siyosatidagi bunday yondashuv, mintaqadagi transchegaraviy suvlardan foydalanish muammolarini tinch yoʻl bilan hal etishga ham ijobiy taʼsir oʻtkazganini taʼkidlash lozim.



Yuqorida qayd etib oʻtilganidek, Oʻzbekiston oʻzining suvga boʻlgan yillik ehtiyojlarining 80 foizini transchegaraviy suv manbalari resurslari orqali qondiradi. Oʻzbekiston mintaqaning markazida joylashgan boʻlib, Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan chegaralarga ega hamda ushbu davlatlarning barchasi bilan transchegaraviy suvlardan foydalanish boʻyicha oʻzaro aloqalarni olib boradi. Istiqbolda, Oʻzbekiston oʻsib borayotgan iqtisodiyoti va aholisining suv resurslariga boʻlgan ehtiyojlarini qondirishi uchun mintaqa davlatlari bilan samarali suv diplomatiyasini olib borishi talab etiladi.

Shu oʻrinda, Markaziy Osiyodagi suv zaxiralari va transchegaraviy suv manbalaridan foydalanish sohasidagi xalqaro huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida ayrim maʼlumotlarni keltirib oʻtish joiz:

birinchidan, mintaqadagi chuchuk suv zaxiralarining 60 foizidan ortigʻini togʻlardagi muzliklar (soʻnggi oʻttiz yilda uchdan bir qismi erib ketdi) tashkil etadi va hozirda global iqlim oʻzgarishi jarayonlari oqibatida ularning tezkor suratlarda erib borishi kuzatilmoqda. Olimlarning prognozlariga koʻra, Markaziy Osiyo muzliklarining erishi 2035-2055-yillar oraligʻida oʻz choʻqqisiga koʻtariladi. 2100-yilga borib esa mintaqadagi muzliklar zaxiralari 2015-yilgi hajmining 75 foizini yoʻqotishi taxmin qilinmoqda;

ikkinchidan, Afgʻoniston muvaqqat hukumati tomonidan Amudaryoda 'Qoʻshtepa' kanalini qurish ishlari olib borilmoqda. Mutaxassislarning taxminlariga koʻra, ushbu kanalning qurib bitkazilishi va ishga tushirilishi Oʻzbekiston Amudaryodan olayotgan suvning 25-30 foizga kamayishiga olib kelishi mumkin. Bu xususida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 17-noyabrda Surxondaryo viloyatiga tashrifida yaqin yigirma yilda Amudaryo va Sirdaryo oqimi 15 foizga kamayishi kutilayotganini hamda 'suv tekin emas', degan gʻoyani aholiga chuqur singdirish lozimligini aytib oʻtdi;

uchinchidan, xalqaro huquq normalariga muvofiq, Oʻzbekiston suvdan oqilona foydalanishni taʼminlash boʻyicha bir qator majburiyatlarni oʻz zimmasiga olgan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi BMTning 1992-yilgi 'Transchegaraviy ochiq suv oqimlari va xalqaro koʻllarni muhofaza qilish hamda foydalanish boʻyicha' (Oʻzbekistonda 2007-yildan kuchga kirgan) va 1997-yilgi 'Xalqaro ochiq suv oqimlaridan kemalar qatnamaydigan turda foydalanish huquqi toʻgʻrisida'gi (Oʻzbekistonda 2014-yildan kuchga kirgan) konvensiyalarini ratifikatsiya qilgan.

2018-2023-yillarda Oʻzbekistonning mintaqa davlatlari bilan suv diplomatiyasi tarixiy natijalarga olib keldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Oʻzbekistonning ushbu davr mobaynidagi mintaqa davlatlari bilan transchegaraviy suvlardan foydalanish masalalari yuzasidan olib borgan siyosati sohadagi koʻplab muammolarning diplomatik yechimlarini topishga koʻmaklashdi. Xususan, Oʻzbekiston suv diplomatiyasining samaradorligi yuzasidan tarixiy kelishuvlarning quyidagi misollarini keltirish mumkin:

2018-yilda Oʻzbekiston va Tojikiston Farxod va Rogʻun GESlari yuzasidan oʻzaro manfaatli kelishuvga erishgan boʻlsa, 2022-yilda har ikki mamlakat davlat rahbarlari Zarafshon daryosida Yovon GESi qurilishini boshlab berishdi.

2017-yilning soʻnggida Oʻzbekiston va Qirgʻiziston suv masalalari boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiya tuzishdi. 2022-yilda esa har ikki davlat Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish toʻgʻrisidagi bitimni ratifikatsiya qildi.

2021-yilda Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston oʻrtasida Toʻqtagʻul suv omboridan foydalanish masalalarida kelishuvga erishildi. 2023-yilning yanvar oyida ushbu davlatlar Qambarota-1 GESi qurilishi loyihasini tasdiqlashdi hamda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasida Qambarota-1 GESi qurilishi yuzasidan investitsiyaviy bitim imzolandi.

Taʼkidlab oʻtish joizki, Oʻzbekistonning tashabbuskorligi va siyosiy irodasi natijasida erishilgan mazkur tarixiy kelishuvlar, avvalambor, aholimiz, iqtisodiyotimiz va kelajak avlodning suvga boʻlgan ehtiyojlarini qondirishga yoʻnaltirilgan. Ushbu kelishuv va bitimlarning yana bir oʻziga xos jihati shundan iboratki, ular barcha chegaradosh, qoʻshni davlatlarning ham suvga boʻlgan manfaatlarini inobatga oladi. Zero, suv ' bu bir xalq yoki millatning boyligi emas va transchegaraviy suvlardan foydalanish muammolariga yechim izlanganda undan foydalanuvchi barcha tomonlarning manfaatlarini inobatga olish talab etiladi.

Bugungi kunga kelib, Oʻzbekiston suv diplomatiyasi samaradorligini qoʻshni davlatlar bilan erishilgan tarixiy kelishuvlar va amaliy natijalar orqali koʻrishimiz mumkin. Ammo, kelajakda mamlakatimiz suv diplomatiyasi yechim topishi kerak boʻlgan koʻplab muammolar va chaqiriqlar ham yoʻq emas. Ulardan biri, shubhasiz Afgʻoniston muvaqqat hukumati tomonidan Amudaryoda qurilayotgan 'Qoʻshtepa' kanali masalasi hisoblanadi. Eʼtiborlisi, Markaziy Osiyo davlatlaridan birinchi boʻlib Oʻzbekiston ushbu kanalning qurilishi yuzasidan oʻz munosabatini bildirdi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022-yilning 20-dekabrida Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga murojaatnomasida Amudaryo oʻzanida yangi kanal qurilishi boʻyicha qoʻshni Afgʻonistonning muvaqqat hukumati hamda jahon hamjamiyati bilan birga xalqaro meʼyorlar asosida va mintaqaning barcha davlatlari manfaatlarini inobatga olgan holda amaliy muloqotlar olib borish lozimligini taʼkidlab oʻtdi. Oʻzbekiston kanal qurilishi va Afgʻonistonning Markaziy Osiyodagi transchegaraviy suvlardan foydalanish munosabatlariga yangi ishtirokchi sifatida kirishishining xalqaro huquq meʼyorlariga asoslangan tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini yaratish tarafdori boʻlib kelmoqda. Mazkur yoʻnalishda Oʻzbekiston va Afgʻoniston muvaqqat hukumati delegatsiyalari oʻrtasida muzokaralar davom etmoqda.



Oʻzbekiston suv diplomatiyasi oʻzining tashabbuskorligi bilan ham ajralib turadi. Oʻzbekiston transchegaraviy suvlardan foydalanish munosabatlarini yanada takomillashtirish va kelajakda kutilayotgan hodisalarga moslashtirish bilan bogʻliq koʻplab tashabbuslarni ilgari surmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023-yilning 15-sentyabrida Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi taʼsischi davlatlari rahbarlari kengashi majlisidagi nutqida transchegaraviy suvlardan hamkorlikda foydalanish mexanizmlarini takomillashtirish yuzasidan bir qator tashabbuslarni ilgari surdi:

birinchidan, Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish va institutsional mexanizmlarini modernizatsiya qilish. Bunda, asosiy hujjatlar va bitimlarni xatlovdan oʻtkazish, jumladan, 1990-yillarda qabul qilingan Jamgʻarma nizomini qayta koʻrib chiqish, amaldagi tuzilma faoliyatini birgalikda tahlil qilish va Jamgʻarma tarkibidagi tashkilotlar ishini muvofiqlashtirish va samarasini oshirish borasida takliflar tayyorlash, uning faoliyati va hamkorlik masalalarini aniq tartibga soluvchi 'Qoida va tartib-taomillar'ni ishlab chiqish taklif etildi;

ikkinchidan, mintaqaviy loyihalarni ilgari surish uchun investitsiya, texnologiya va texnik koʻmakni jalb etish masalalari boʻyicha tizimli hamkorlikni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi. Mamlakatlarimizning har biri aniq maqsadli koʻrsatkichlarni belgilagan holda, mintaqaviy loyihalarga chetdan koʻmakni jalb etish boʻyicha oʻziga majburiyat olishi lozimligi aytib oʻtildi;

uchinchidan, suv va boshqa tabiiy resurslardan tejab-tergab foydalanish madaniyatini shakllantirish, maxsus dasturni qabul qilgan holda, yoshlar tashabbuslari va startaplarini qoʻllab-quvvatlash masalalarida yoshlar bilan ishlashni mintaqaviy darajada tashkil etishga alohida eʼtibor qaratish takliflari ham bildirildi.

Qolaversa, davlatimiz rahbari 'Qoʻshtepa' kanalining qurilishi yuzasidan oʻz fikrlarini bildirib oʻtib, uning ishga tushirilishi Markaziy Osiyodagi suvdan foydalanish tartibi va muvozanatini tubdan oʻzgartirib yuborishi mumkinligi, shuning uchun Afgʻoniston vakillarini suv resurslaridan birgalikda foydalanish boʻyicha mintaqaviy muloqotga jalb etish masalasini koʻrib chiqishni taklif etdi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib xulosa qiladigan boʻlsak, soʻnggi yillarda sohada baʼzi tashkiliy-huquqiy kamchiliklar mavjudligiga qaramasdan Oʻzbekiston suv resurslaridan foydalanish masalalariga tizimli yondashmoqda. Mamlakatimizda qabul qilingan strategik dasturlar va amalga oshirilayotgan amaliy chora-tadbirlar suvdan foydalanish masalalari davlat siyosatining alohida, muhim yoʻnalishiga aylanib boʻlganini koʻrsatmoqda. Oʻzbekistonning qoʻshni davlatlar bilan olib borayotgan suv diplomatiyasi ham bir qator tarixiy natijalarga erishishga imkon berdi. Istiqbolda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish maqsadida quyidagi asosiy masalalarga eʼtibor qaratish lozim:

birinchidan, suv resurslaridan nooqilona foydalanishning aniq holatlarini qonunchilikka kiritish hamda ularning oldini olishga imkon bermayotgan huquqni qoʻllash amaliyotidagi kamchiliklarni bartaraf etish;

ikkinchidan, aholining suvdan oqilona foydalanish madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan targʻibot ishlarini olib borish, Yurtboshimiz taʼbiri bilan aytganda, 'suv tekin emas', degan gʻoyani aholiga chuqur singdirish;

uchinchidan, Amudaryoda qurilayotgan 'Qoʻshtepa' kanali Oʻzbekiston suv diplomatiyasi yechim topishi kerak boʻlgan eng muhim mintaqaviy masalaga aylanib bormoqda, bunda kanal qurilishi va uning ishga tushirilishining xalqaro huquqiy asoslarini ishlab chiqish maqsadida Afgʻoniston muvaqqat hukumati bilan muzokaralar olib borishni davom ettirish talab etiladi. Amirbek KENJAYEV, Toshkent davlat yuridik universiteti Davlat boshqaruvi kafedrasi oʻqituvchisi


Doʻstlaringiz bilan ulashing

26 Jul 11:19
 
18
0
xs.uz

Navoiyda ikkita tibbiyot binosi foydalanishga topshirildi

Mazkur boʻlim Shveysariyaning 'Daytech' kompaniyasi bilan oʻzaro kelishuv asosida 530 ming dollarlik angiografiya qurilmasi bilan jihozlangan. U yurak-qon tomir va sohadagi boshqa turli kasalliklarni erta aniqlash hamda oldini olishga xizmat qiladi. Qurilmadan neyroxirurgiya, nevrologiya, kardiologiya, qon-tomir jarrohligida, urologiya va terapiyada foydalanish mumkin.Viloyatning Nurota tumanida tugʻruq kompleksi toʻliq qayta taʼmirlanib, barcha qulayliklarga ega holda topshirildi.' Markazi

18 Jul 15:30
 
45
0
xs.uz

Oʻzbekistonda elektrosamokatlar tezligiga cheklov qoʻyildi

Unga koʻra, individual harakatlanish vositalarini (elektrosamokat, elektr skeytbordlar, segveylar, unitsikllar, monogʻildirak va boshqa shunga oʻxshash vositalar) boshqarayotgan shaxslar yoʻl harakati qoidalariga rioya qilishi, trotuarlardan, piyodalar yoʻlkalaridan, piyoda va velosiped yoʻlkalarida soatiga 10 kilometrdan oshmaydigan tezlikda, ular boʻlmaganda esa yoʻl chetida soatiga 20 kilometrdan yuqori boʻlmagan tezlikda harakatlanishi kerak boʻladi.Elektrosamokatlarni velosipedchi

07 Jun 19:27
 
59
0
qalampir.uz

Toshkentda Lacetti daraxtga borib urildi (video)

Toshkent shahrida Lacetti daraxtga urilib ketdi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmati xabar berdi. Qayd etilishicha, bugun, 7 iyun kuni  soat 13:30 larda Yashnobod tumani Elbek ko‘chasida 1998 yilda tug‘ilgan haydovchi B.T.  Lacetti rusumli avtomashinasini boshqarib ketayotib, rul boshqaruvini yo‘qotgan va yo‘l chetidagi daraxtga to‘qnashishi oqibatida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan. “Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar

05 Jul 12:13
 
75
0
qalampir.uz

Jizzaxga yangi prokuror tayinlandi

Bosh prokurorning buyrug‘iga asosan adliya katta maslahatchisi Baxtiyor Toyirjonovich Ibrohimov Jizzax viloyati prokurori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi. Baxtiyor Ibrohimov tayinlovga qadar Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlagan. Bungacha sobiq adliya katta maslahatchisi Toshkent shahar prokuraturasi, Bosh prokuraturada turli mas’ul lavozimlarda ishlagan. Shuningdek, Chirchik shahar prokurori, Jizzax hamda Buxoro vi