Ukrainadagi harbiylar va siyosatchilar orasida umumiy safarbarlik zarurligi, jumladan, ayollarni urushga jalb qilish kerakligi haqidagi fikrlar tobora ko‘proq eshitilmoqda.
Xususan, Ukraina Qurolli kuchlari podpolkovnigi Mixail Nikolov qattiq choralar ko‘rish zarur, deb hisoblaydi. U 18 yoshdan boshlab barcha erkak va ayollarni safarbarlikka chaqirdi. Bu haqda “strana.ua” xabar berdi.
“Endi asosiysi yutqazmaslik. Yo‘qotmaslik uchun “ajdaho” usullari kerak. Buni qanday qilamiz: 18 yoshdan boshlab barcha erkak va ayolning umumiy safarbarligi bilan... O‘rtada tafovut bo‘lishi shart emas. Bundan tashqari, mahbuslar ham janglarda qatnashishi mumkin”, deydi Nikolov.
Oliy Rada deputati Inna Sovsunga ko‘ra, agar kerak bo‘lsa, mudofaa vaqtida ayollar ham ishtirok etishi mumkin.
Sovsunning ta’kidlashicha, qonunchilikda Ukrainaning barcha fuqarolari jinsidan qat’i nazar, davlatchilikni himoya qilishda ishtirok etishi shart, ammo negadir majburiy harbiy xizmat faqat erkaklar uchun mo‘ljallangan.
“Mening pozitsiyam shuki, agar bu davlatning mudofaa ehtiyojlari uchun zarur bo‘lsa, biz buni bajarishimiz kerak. Shuningdek, bu adolatni ta’minlash nuqtayi nazaridan ham to‘g‘ri”, degan Sovsun.
Ma’lumot uchun, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga 2023 yilning dekabrida Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi unga qo‘shimcha 450-500 ming kishini urushga safarbar etish so‘rovi bilan murojaat qilgan va hukumat parlamentga safarbarlik to‘g‘risidagi qonun loyihasini kiritgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainada mushuklar ham frontga safarbar qilinayotgan edi.