calendar 29 Nov 16:22
eye 78
comments 0
comments Manba: xs

Suvni tejash boʻyicha favqulodda ish tizimiga oʻtiladi

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 29-noyabr kuni qishloq xoʻjaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va yoʻqotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Mamlakatimizdagi suv resurslarining 20 foizi oʻzimizda, katta qismi qoʻshni davlatlarda shakllanadi. Iqlim oʻzgarishi oqibatida suv manbalari yil sayin kamayib bormoqda. Transchegaraviy daryolarni boshqarish boʻyicha vaziyat ham jiddiy. Bularning taʼsirida 2030-yilga borib yurtimizdagi suv tanqisligi 15 milliard kub metrga yetishi prognoz qilinayapti.

Lekin shu holatda ham suvdan samarasiz foydalanilayapti. Mamlakatimizdagi jami suv resursining 90 foizi qishloq xoʻjaligida sarflanayapti. Masalan, yurtimizda bir gektar paxta maydonini sugʻorish uchun yiliga 10-11 ming kubmetr suv sarflangani holda, iqlimi va yeri biznikiga oʻxshash mamlakatlarda bundan 2-3 baravar kam suv ishlatilayapti. U ham boʻlsa, suvni toʻgʻri boshqarish, isrof qilmaslik hisobiga.

Suv xoʻjaligiga har yili oʻrtacha 1 milliard dollar mablagʻ yoʻnaltirilmoqda. Bu soha byudjetdan mablagʻ olish boʻyicha taʼlim, sogʻliqni saqlash va qishloq xoʻjaligidan keyin 4-oʻrinda turadi. Ammo tizimda hisob-kitob toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmagani, suv resurslarini boshqarishda eskicha yondashuvlar saqlanib qolgani uchun samara kam.

Yigʻilishda bu sohadagi muammolar, yangi tashabbus va vazifalar muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari bir yil davomida suvni tejash boʻyicha favqulodda ish tizimiga oʻtilishini taʼkidladi.

Bunda birinchi muhim vazifa – kanal va ariqlarni betonlash. Hisob-kitoblarga koʻra, betonlanmagan irrigatsiya tarmoqlarida yiliga oʻrtacha 14 milliard kub metr yoki 36 foiz suv hech qanday iqtisodiy samarasiz isrof boʻlayapti. Eng koʻp suv yoʻqotishlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Namangan, Navoiy, Xorazm va Buxoro viloyatlariga toʻgʻri keladi. Kanallarning oxirida joylashgan 175 ming gektar ekin maydonida suv taʼminoti juda ogʻir.

Umuman, suv yoʻqotishlari oqibatida iqtisodiyotimizda yiliga 5 milliard dollar daromad boy berilayapti.

Shu bois suv xoʻjaligida “kanallarni betonlash boʻyicha zarbdor yil” eʼlon qilindi. Kelgusi yilda 1 ming 500 kilometr, yaʼni bu yilgiga nisbatan 4 barobar koʻp yirik kanallarni betonlash vazifasi belgilandi. 2025-yilda kamida 2 ming kilometrdan kanallarni betonlashga oʻtiladi.

Buning uchun noyabr-mart oylari eng qulay vaqt ekani, loyihasi tayyor kanallarda qurilishni hozirdan boshlash kerakligi qayd etildi. Viloyat va tuman hokimlariga bir yil ichida 3 ming 500 kilometr ichki tarmoqlarni beton qoplamaga oʻtkazish topshirildi. Bundan manfaatdor klaster va fermerlarga maxsus texnika va qurilish materiallaridan yordamlashib, xarajatlarni 2 karra kamaytirish mumkinligi aytildi.

Ikkinchi muhim vazifa – suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish.

Mamlakatimizda 4,3 million gektar sugʻoriladigan yer boʻlib, shundan 30 foiziga suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan. Bunday klaster va fermer xoʻjaliklarida suv 30-40 foizga, oʻgʻit va yoqilgʻi 25-30 foizga tejalishi bilan birga hosildorlik oshgan.

Lekin, suv yetkazish tannarxi juda qimmat boʻlgan Qashqadaryoda bunday usulda sugʻoriladigan yerlar atigi 16 foizni tashkil etadi. Suv tejashda eng sodda agrotexnik tadbir boʻlgan yerni lazerli tekislash ishlari ham yetarli emas. Bunday maydonlar Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlarida 10 foizdan kam.

Buning sabablaridan biri – suv tejovchi texnologiyani joriy qilgan fermerlarga kredit foizining bir qismini qoplash tartibi ishlamayapti. Shu bois yigʻilishda bu boʻyicha yangicha moliyalashtirish tizimi belgilandi. Unga koʻra, klaster va fermerlarga suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish uchun ikki yillik imtiyozli davr bilan besh yilga 14 foizli kredit ajratiladi. Buning uchun ochiq-oshkora platforma ishga tushiriladi. Ham bank bilan, ham taʼminotchilar bilan shartnoma elektron platforma orqali onlayn imzolanadi.

Mutasaddilarga buning moliyaviy-tashkiliy jihatlari boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Suv tejash joriy etilgan maydonlarni har yili kengaytirib borish, Turkiya, Ispaniya va Xitoyning bu boʻyicha tajribasini oʻrganish muhimligi taʼkidlandi.

Kelgusi uch yilda ham qishloq xoʻjaligi texnikasining 15 foizi va lazerli tekislagichning 30 foizini subsidiyalash amaliyoti davom ettiriladi. 2026-yilgacha hamma ekin yerlari lazerli tekislanadi. 2026-yildan keyin lazerli tekislanmagan yerlarga nisbatan yer va suv soliqlari keskin oshiriladi.

Uchinchi muhim vazifa – suvni yetkazish xarajatlarini qisqartirish.

Bugungi kunda klaster va fermerlarga yetkazib berilayotgan har 1 kubmetr suvga oʻrtacha 212 soʻm xarajat qilinayapti. Lekin Buxoro, Qashqadaryo va Namanganda bu 2-3 barobar qimmat.

Shu bilan birga, suv xarajatining 63 foizi nasos stansiyalari hissasiga toʻgʻri keladi. Xususan, sugʻorish uchun yiliga 7 milliard kilovatt soat elektr energiyasi sarflanadi. Chunki suv nasoslarining 80 foizi eskirgan, energiya sarfi yuqori.

Davlatimiz rahbari bu xarajatlarni kamaytirish va samaradorlikni oshirishning eng toʻgʻri yoʻli – nasoslarni modernizatsiya qilish va ularni boshqarishni xususiy sheriklikka berish ekanini taʼkidladi.

Bu borada bir nechta loyiha boshlangan. Bu ishlarni jadallashtirib, xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokida 95 ta nasos stansiyasini yangilash, kelgusi yil boshida yana 118 tasi boʻyicha tender eʼlon qilish vazifasi qoʻyildi.

Shu bilan birga, xorijiy kompaniyalar 268 ta nasosni boshqaruvga olish tashabbusini bildirgan.

Umuman, ushbu choralar orqali kelgusi yili nasoslarning elektr sarfini 300 million kilovatt soatga, keyingi uch yilda esa 1,5 milliard kilovatt soatga kamaytirish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.

Suv xoʻjaligi vazirligiga xalqaro moliya tashkilotlari bilan birga, nasoslarni modernizatsiya qilish boʻyicha uch yillik dastur ishlab chiqish topshirildi. Sohada zamonaviy boshqaruvni joriy etish, suv hisobini yuritish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Yigʻilishda suv xoʻjaligi vaziri, hokimlar va boshqa rahbarlarning axboroti eshitildi.


Doʻstlaringiz bilan ulashing

12 Jul 17:30
 
188
0
qalampir.uz

Abdulla Aripov qozog‘istonlik mavqedoshi bilan uchrashdi

Joriy yilning 11-12 iyul kunlari Olmaota shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 21-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda hukumat portalida xabar berildi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Oljas Bektenov boshchiligida o‘tgan yig‘ilishda so‘nggi yillarda mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shni

15 Jul 12:03
 
126
0
qalampir.uz

2,3 mlrd so‘mlik elektrni o‘g‘irlagan shaxsga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Namanganda o‘zboshimchalik bilan elektr tarmog‘iga ulangan MCHJ rahbariga jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi xabar berdi.  Qayd etilishicha, Norin tumanidagi “B.M.F.” MCHJ norasmiy rahbari Sh.U. jamiyatga qarashli g‘isht ishlab chiqarish sexidagi uskunalarni tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulab, 2 mlrd 365 mln so‘mlik (2 mln 128 ming kVt•soat) elektr energiyasini o‘g‘irlagan. Mazkur holat yuzasidan Sh.U.

23 Jul 11:35
 
84
0
xs.uz

Yangi milliy turizm brendi yaratiladi

Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 'Oʻzbekiston Respublikasida turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini yanada oshirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida'gi farmoni qabul qilindi.Farmonga koʻra, Oʻzbekistonning turizm mahsulotini xalqaro va ichki turizm bozorlarida targʻib qilish, sayohat va dam olish uchun xavfsiz mamlakat sifatidagi imijini yanada mustahkamlashga qaratilgan yangi milliy turizm brendi (tanitish belgisi) ya

23 Jul 11:51
 
112
0
xs.uz

Avia, temiryoʻl va avtobus qatnoviga chipta olish imkonini beradigan yagona platforma ishga tushiriladi

2024-yil 1-dekabrgacha xorijiy mamlakatlar kesimida xalqaro turizm koʻrgazmalarida namoyish qilish uchun madaniy, gastronomik va hunarmandchilik kontenti ishlab chiqiladi.2024-yil 1-dekabrgacha barcha avia, temiryoʻl va avtobus qatnovlari haqida maʼlumot va chipta olish imkonini beradigan yagona onlayn platforma ishga tushiriladi.Transport vazirligi: