600 mlnlik avtoraqam qayta sotuvga qo'yildi. Xaridor pulni to'lay olmagan

image

Avval xabar berganimizdek, O'zbekistonda ilk bor 30 Z 777 ZZ avtomobil raqami qariyb 600 million so'mga sotilgan edi. Hozirda ushbu avtoraqam qayta sotuvga qo'yildi.

IIV YHXBB Axborot xizmatining maʻlum qilishicha, auktsionda g'olib bo'lgan talabgor belgilangan summani to'lay olmagan. Natijada belgilangan qoidalarga ko'ra, u tomonidan to'langan 11 mln 150 ming so'm zakalat shartnoma majburiyatlari ijro etilmagani tufayli jarima sifatida O'zbekiston Respublikasining respublika byudjyeti daromadiga o'tkazilgan.

Shu sababli mazkur avtoraqam Samarqand viloyati IIB YHXBB tomonidan qayta sotuvga qo'yilgan hamda boshlang'ich narx xuddi avvalgi kabi 111 mln 500 ming so'm etib belgilangan. Auktsion 5 fevral soat 12:28 gacha davom etadi.

Eslatib o'tamiz, avtoraqam sotilganidan so'ng, shoir va rejissyor Ahad Qayum ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand hududiga tegishli ushbu "rekordchi" avtoraqamni sotib olgani haqidagi daʻvo bilan chiqqandi. Vaziyatga aniqlik kiritish QALAMPIR.UZ Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi bilan bog'langandi.