Maʻnaviyat va maʻrifat darsi: Til – millat tafakkurining bebaho xazinasi
Til muayyan tovush va so'zlar yig'indisi hamda ularning bog'lanish qoidalaridan iborat quruq tizim emas. Uni faqatgina aloqa quroli, deb tushunish ham to'g'ri emas. U ancha murakkab tirik mohiyatdir. Unda shu tilda so'zlashuvchilarning bor bisoti: ongi va tafakkuri, bilimi va dunyoqarashi, ruhiyati va madaniyati, yashash tarzi va kasb-kori yashaydi.
Tilshunos olim Nizomiddin Mahmudov taʻkidlaganidek, «til, eng avvalo, insonning ichki dunyosi, olamni idrok qilishi, tafakkur tarzi va kamolotini belgilaydigan vosita. Tilga ko'pincha aloqa vositasi sifatida qarashadi. Aslida bu tilning mohiyatini to'g'ri anglamaslik natijasida paydo bo'lgan noto'g'ri qarash. Til faqat aloqa vositasigina emas, u insonning tafakkur tarzini tayin qiladigan, dunyoni bilish, ko'rish, eshitish vositasi hamdir».
Tilda xalq ruhining aks etishi haqidagi qarashni ilgari surgan buyuk tilshunos olim V. fon Gumboldning fikricha, «tillarning xilma-xilligi faqat tovushlarning turlichaligi emas, balki har bir millatdagi dunyoni ko'rishning farqliligi natijasidir».
Darhaqiqat, har bir millat olamni tili bilan ko'radi, tili bilan eshitadi, tili bilan anglaydi. Masalan, eskimoslar doimiy sovuq muhitda yashaydi va tilida qor bilan bog'liq so'zlarning ko'pligi tabiiy. Eskimos tilida muz va qorning har xil turlarini nomlash uchun qirqqa yaqin so'z mavjud ekan. O'zbekiston serquyosh yurt bo'lganligi bois faqat birgina «qor» degan so'z mavjud.
Tilshunos Benjamin Li Uorf «Agar Nyuton inglizcha gapirmaganida, inglizcha o'ylamaganida edi, uning koinot haqidagi buyuk kashfiyoti bir qadar boshqacharoq bo'lardi», degan edi. Demak, har bir inson qaysi tilda fikrlasa, qaysi tilda orzu qilsa, qaysi tilda xayol sursa, otasi yoki onasi qaysi millatga mansub bo'lishidan qatʻi nazar, u shu millatning haqiqiy aʻzosi. Yaʻni, u olamni shu xalq bilan bir xil ko'radi, bir xil eshitadi.
Masalan, o'zbekcha tafakkur egasi kuchukning ovozini «gav-gav» emas, «vov-vov», o'rdakning ovozini «ga-ga-ga» emas, «g'a-g'a-g'a» deb eshitadi. Uning uchun ko'chadagi umrida ko'rmagan kishi «aka» yoki «uka», «opa» yoki «singil» bo'lishi mumkin. Uyiga kelgan bittagina odamga nisbatan «keldilar» yoki «kelishdi», deya oladi. Begona inson eshik qoqca, «marhamat» so'zini ishlata oladi. Uning uchun «tegirmonga tushib butun chiqish», «yulduzni benarvon urish», «zaharli ilonning yog'ini yalash» cho't emas. Turli dog'lari bo'lgan dum-dumaloq oy go'zal sanamning chehrasiga, shiringina o'g'ilchasi qo'zichoqqa o'xshashi mumkin.
Darvoqe, «shirin» so'zi xususida. O'zbek xalqi shakar solingan choyini ham, lazzatli palovni ham, yoqimtoygina bolasini ham, ezgu orzularini ham, jarangdor ovozni ham, mazmunli hayotni ham bir so'z bilan ifodalay oladi va bunda hyech qanday g'ayritabiiylik yo'q. Bu xalqimizning ijodkorligi, dunyoni o'ziga xos ko'rishi, uni o'ziga xos qabul qilishi va nomlashidan darak beradi.
Badiiy asardan olingan ushbu parchaga diqqat qilaylik: «Ehtimol, ishq-muhabbatning ipak tolasi uning nozik qo'l-oyog'ini kishanlagan, lekin u negadir sirini hyech kimga aytmaydi». Mirkarim Osim bu o'rinda muhabbat dardiga chalingan oshiqni ipak tolalar bilan chirmab tashlangan ipak qurtiga o'xshatadi. Nazdimda, o'zbek ijodkoridan boshqa ijodkor muhabbat va ipak qurtini bu kabi go'zal bog'lay olmasa kerak.
Shotland lingvomadaniyatida sochning qoraligi qarg'aga qiyoslanadi. Shotlandiya shimoliy o'lka bo'lib, u yerda yilning deyarli barcha faslida qarg'alarni uchratish mumkin. Mazkur o'xshatish shotlandiyalik shoir Robert Byorns qalamiga mansub sheʻrda yaqqol aks etgan: «Sochlaring qarg'a rangiga o'xshardi, barq urib do'ng peshonangni bezab turardi...». Ushbu misralar rus tarjimoni Samuil Marshak tomonidan o'girilganda, «qarg'a»ga qiyoslangan soch «mum»ga aylanganini ko'rish mumkin. Qozoq mutarjimi Qubondiq Shang'itboyev talqinida esa «ko'mirdan ham qora» tus olgan. Ushbu misol orqali ham har bir tilda xalq tafakkurining o'ziga xos aks etishini kuzatish mumkin.
Har bir tilning tilla sandig'ida shunday so'zlar, iboralar bo'ladiki, ular tilning qaymog'idir. Ushbu leksik birliklar xalq madaniyati va maʻnaviyatini o'zida aks ettiradi. Keling, o'zbek tili xazinasida o'zbekning tom maʻnodagi tafakkurini o'zida aks ettirgan birliklarning ayrimlariga eʻtibor qarataylik. Bu o'rinda «tafakkur» so'zini bejiz qo'llamadim. Zero, madaniyatni ham, maʻnaviyatni ham, ruhiyatni ham tafakkur belgilab beradi. Tafakkursiz na maʻnaviyat, na madaniyat mavjud bo'la oladi.
O'zbek xonadonida har kuni bir necha bor ishlatiladigan oddiy so'zlarni tahlil qilib ko'raylik. Nima uchun dadamiz onamizga «onasi», onamiz esa «dadasi» deya murojaat qiladi? Nega ismlarini aytib chaqirishmaydi? Bu o'zbek xonadonidagi yuksak andishaning natijasidir. Er va xotinning jamiyat oldida, hattoki, ismlarini aytishga andisha qilishidandir. Ayni paytda esa bu oddiy o'zbek oilasining yuksak maʻnaviyatidan, hayosidan bir nishonadir. Hozirgi kunda yosh oilalarda bu odatning bir qadar unutilgani esa achinarli holdir.
Maqsaddan yiroqlashmasdan, oiladagi aka, uka, opa, singil so'zlariga to'xtalamiz. Biz yaxshiroq bilgan rus, ingliz, tojik tillarida oiladagi qiz yoki o'g'il farzandlar yosh nuqtai nazaridan farqlanmaydi. O'zbek tilida esa bu ikki tushuncha alohida nomlanadi. Bu xususida Alisher Navoiy hazratlari o'zining «Muhokamatul lug'atayn» asarida ham salmoqli fikrlarni keltirib o'tgan.
Xo'sh, nega o'zbek tilida bu ikki bir jinsli farzand nomlari farqlanmoqda? Maʻlumki, o'zbek oilalarida katta farzandning kichiklarga masʻulligi ajdodlardan avlodlarga o'tib kelayotgan qadriyat, o'zbekona hikmat. Katta farzandlar kichiklarga ota-onadan keyingi masʻuldirlar. Opa yoki akalar ota-ona vaqtinchalik uyda bo'lmaganda ham, olamdan o'tganda ham, uka va singillarning yoshidan qatʻi nazar, ularga yordam beruvchi, yo'l ko'rsatuvchi, maslahat beruvchidir. Oilada katta farzand zimmasidagi «yuk» va o'z-o'zidan obro'si baland bo'lganidan bu ikki tushuncha farqlangan. O'zbek tilida to'ng'ich so'zining mavjudligi ham xuddi shu qadriyatga asoslanadi.
Bilamizki, turli millat vakillaridagi murojaat shakllari ham har xil nuqtai nazarlar bilan farqlanadi. Xususan, ingliz tilida murojaat shakllari ayollarga nisbatan qo'llanganda, turmushga chiqqan va chiqmaganligi hisobga olinadi. Masalan, turmushga chiqmagan qizlarga nisbatan «miss», oilali ayollarga nisbatan esa «mis» so'zi ishlatiladi. O'zbek tili egalarida esa oila aʻzolarining nomi bilan murojaat qilish ko'p kuzatiladi. Yaʻni, «onaxon», «otaxon», «buvijon», «bobo», «opa», «aka», «singil», «uka», «tog'a», «amaki», «xola» nomlari qo'llanadi. Bu ham o'zbek xalqining insonparvarligi, bag'rikengligidan, insonlarni o'ziga yaqin olishidan dalolatdir.
Keling, o'zbek xonadonlaridagi erkalovchi so'zlarga eʻtibor qaratamiz. Biz odatda bolajonlarimizni «qandim», «asalim», «shakarim» kabi so'zlar bilan erkalatamiz. Aslida bolajonlarni shirinlikka o'xshatish dunyoning deyarli barcha xalqlarida uchrar ekan. Lekin bolajonlarimizni qo'zichoqqa, bo'taloqqa, toychoqqa o'xshatish bizning millatga xos odat. Har bir millat bolalarini o'zining hayot tarziga yaqin bo'lgan hayvon nomlari bilan erkalaydi.
Tilda millat tafakkuri aks etishi maʻlum bo'lgani holda, har bir kishining nutqida ham uning tafakkuri, madaniyati va boshqa jihatlari aks etadi. Masalan, «O'tkan kunlar»dagi Yusufbek hojining nutqiga eʻtibor berganmisiz? Uning nutqidagi madaniyat, bilim, arab tiliga xos bo'lgan so'zlarning ko'p qo'llanishi Yusufbekning jamiyatda tutgan o'rni, o'qimishliligi, hoji ekanligi kabi omillar bilan bog'liq. Bu esa Abdulla Qodiriyning mahoratidan darak beradi.
Xulosa o'rnida shuni aytish mumkinki, til o'zida necha-necha asrlik tarixni asrab kelishi bilan xalq tafakkurining bebaho xazinasidir. Ushbu bebaho xazinamiz kun sayin sayqallanib boyib borsin, aslo kamaymasin.
Muhayyo HAKIMOVA,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti,
filologiya fanlari doktori.