“Oʻztransgaz” AJ masʼullari ishtirokida “Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarining borishi” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi

Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”

“Oʻztransgaz” aksiyadorlik jamiyatida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik tadbirlari doirasida amalga oshirilgan ishlarga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Anjumanda Boshqaruv raisining oʻrinbosari – Xayriddin Xamidov, Boshqaruv raisi maslahatchisi – Toʻxtamurod Ismoilov, Magistral gaz quvurlarini ekspluatatsiya qilish departamenti boshligʻi – Javlon Yusupov, Kompressor stansiyalarini ekspluatatsiya qilish departamenti boʻlim boshligʻi – Foziljon Mahmudov va boshqa masʼullar ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbarining 2022-yil 15-iyundagi “Tabiiy gaz bozorini isloh qilishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan AJ faoliyatida yangi sahifa boshlandi. Endilikda “Oʻztransgaz” AJ tabiiy gazni tashish, saqlash va tranzit qilishga ixtisoslashgan yagona magistral gaz uzatish tizimi operatoriga aylandi. Darhaqiqat endilikda bizning oliy maqsadimiz - gaz transport tizimining ishonchli va xavfsiz ishlashini taʼminlash, tabiiy gazni magistral gaz quvurlari orqali tashishdagi yoʻqotishlarni minimallashtirishdan iborat. Bugungi kunda jamiyat tomonidan turli diametrdagi 14 ming kilometrga yaqin yuqori bosimli magistral gaz quvurlari (MGQ) tarmogʻiga xizmat koʻrsatiladi. Aksiyadorlik jamiyatida 14 ta hududiy va tizim tashkilotlari boʻlib, ularda 8 mingdan ortiq ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Joriy yilning olti oyi davomida respublika isteʼmolchilariga qariyb 21 milliard kub metr tabiiy gaz yetkazib berildi.

Yoz fasli - gaz tizimi xodimlari uchun masʼuliyatli davr. Shu pallada tizim kuz-qish mavsumiga tayyorlanadi, keng koʻlamdagi kapital qurilish, kapital taʼmirlash, modernizatsiya, rekonstruksiya tadbirlari amalga oshiriladi. Joriy yilning 28-aprelida Jamiyat Boshqaruv raisining “2023/24-yillar kuz-qish davrida magistral gaz quvurlari va inshootlaridan samarali hamda ishonchli foydalanishga tayyorlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi buyrugʻi qabul qilindi. Buyruq bilan yoʻnalishlar boʻyicha 14 banddan iborat chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, shu asosda ishlar olib borilmoqda. Oʻtgan yarim yillikda qariyb 83 km yangi magistral gaz quvurlari qurildi. Jumladan, Respublika isteʼmolchilarining aksariyatini tashkil etuvchi Fargʻona vodiysini tabiiy gaz bilan taʼminlashda muhim tarmoq sanalgan “Fargʻona-Rishton” MGQning 39 km uzunlikdagi 2-tarmogʻi, shuningdek gaz transport tizimining modernizatsiya dasturi boʻyicha 38 km, Sirdaryo viloyatida qurilayotgan quvvati 1500 MVtga teng issiqlik elektr stansiyasini tabiiy gaz bilan taʼminlash uchun 3,4 km magistral gaz quvuri, “Yangi Andijon” GTS hamda unga keltiruvchi 2,2 km gaz quvuri qurildi. Joriy yil soʻngiga qadar 117 km magistral gaz quvurlarini qurish hamda 47 km kapital taʼmirlash ishlarini bajarish rejalashtirilgan.

1-oktyabrdan shimoldan Respublika hududiga import boʻladigan tabiiy gaz hajmini oʻlchash maqsadida “Xiva-Beyneu” magistral gaz quvurining 307-kilometrida gaz oʻlchov stansiyasi qurish rejalashtirilgan. Shu kunlarda loyihalashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

“Oʻztransgaz” AJ tomonidan gaz transport tizimining ishonchli va xavfsiz ishlashini taʼminlash maqsadida oʻtgan davrda magistral gaz quvurlarini tyekshirish va diagnostika natijasida aniqlangan 16,4 km nuqsonli qismlar almashtirildi. Taʼmirlangan uchastkalarda ishchi bosim koʻrsatkichlari 30 kgs/sm2 bosimdan 45 kgs/sm2 bosimga oshiriladi. Mazkur ishlarni amalga oshirishda 10,4 mln m3 tabiiy gaz iqtisod qilindi. Shuningdek magistral gaz quvurida quvur ichki yuzasini tozalash, quvurda diagnostika ishlari bajarildi.

2023-yil 10-iyul holatiga gaz taqsimlash stansiyalar 426 ta, tarmoqlar soni 1 137 tani tashkil etadi. Kuz-qish mavsumiga tayyorlash rejasiga asosan stansiyalarda chiqish quvurlari izolyatsiyasi, tozalash filtrini tekshirish, odorantlash bloki taftish qilish kabi tadbirlar bajarildi.

“Oʻztransgaz” AJ tarkibida 22 ta kompressor stansiyasi boʻlib, ularda 43 ta kompressor sexi va 232 ta gaz haydash agregati mavjud. 12 ta agregat mukammal, 16 tasi oʻrta va 22 tasi joriy taʼmirlandi. 2023-yilda gaz haydash agregatlarini optimal rejimda ishlatish natijasida 26 mlrd. soʻm iqtisod qilindi.

Aksiyadorlik jamiyati tarkibiy tizimida 2 ta gazni yer ostida saqlash inshooti mavjud boʻlib, ular “Xoʻjaobod” va Gazli GEOSIdir. Mazkur inshootlar yoz mavsumida tabiiy gazni haydash yoʻli bilan toʻldiriladi hamda tabiiy gazga ehtiyoj ortgan kuz-qish mavsumida gaz qayta qazib olinib, Respublika ehtiyojlariga ishlatiladi.

Hozirgi kunda Gazli GEOSIda qoʻshimcha quduqlarni burgʻulash va siquv stansiyasini yangilash orqali inshootni kengaytirish ishlari amalga oshirilmoqda.

“Xoʻjaobod” gazni yer osti saqlash inshooti aktiv gazini saqlash hajmini 900 dan 1 050 mln. kub metrgacha oshirish” loyihasi doirasida hozirgi kunda 10 ta quduqdan 4 tasining burgʻulash ishlari amalga oshirilgan va 2 tasi burgʻulanmoqda.

Yer usti texnologik uskunalarni sotib olish va qurilish montaj ishlarini amalga oshirish maqsadida oʻrnatilgan tartibda “Naklgazmaxsuskurilish” AJ bilan shartnoma rasmiylashtirilgan.
Jamiyatda energiya resurslarini tejash yoʻnalishi doirasida oʻtgan davrida elektr qurilmalarida oʻtkazilgan taftish va profilaktik sinovdan oʻtkazish, rejim sozlash shuningdek taʼmirlash ishlari natijasida tizimda oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 38 mln.kVt.soat elektr energiya kam isteʼmol qilingan.

Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”