THE University Impact Rankings reytingida Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti gender tenglik boʻyicha kuchli 20 talikka kirdi

Keyingi yillarda Oʻzbekiston Respublikasining yetakchi oliy taʼlim muassasalari xalqaro taʼlim xizmatlari bozorida oʻzlarining raqobat mavqeyini mustahkamlashga harakat qilmoqdalar. Xalqaro reyting agentliklari tomonidan shakllantiriladigan yetakchi universitetlar roʻyxati har bir reyting agentligining uslubiyoti asosida universitetlarning akademik, ilmiy, moddiy texnik va moliyaviy salohiyatining ayrim jihatlarini yoritib beradi. Ularning eng xususiyatli jihatlaridan biri yuqorida tilga olingan salohiyat elementlarini umumiy reyting koʻrsatkichlaridagi vaznining har xil ekanligidadir. Dunyoning eng nufuzli reyting tashkilotlaridan biri hisoblangan Times Higher Education (THE) 2023-yil natijalarini eʼlon qildi.
Reyting asosiy maqsadi Birlashgan millatlar tashkiloti tomonidan 2030-yilga qadar moʻljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) amalga oshirishda oliy taʼlim muassasalarining (OTM) taʼsirini baholashdan iboratdir. THE University Impact Rankings umumiy reytingida ishtirok etish uchun universitet kamida toʻrtta BRMni amalga oshirishda ishtirok etishi kerak. Oʻtgan yilda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti ilk bor ushbu reytingga kiritildi va jahonning eng yaxshi 1000+ universitetlari qatoridan joy oldi.
Universitetda barqaror rivojlanish maqsadlarining barcha yoʻnalishlarida samarali faoliyat yoʻlga qoʻyilganini 2023-yil natijalari ham koʻrsatib turibdi. Bu yil natijalariga koʻra Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti dunyoning eng yaxshi 600+ OTMlari qatoridan joy oldi. Ikkinchi yildagi ishtirokning oʻzidayoq qariyb 400 oʻringa yuqorilash misli koʻrilmagan ijobiy natijadir. Ayniqsa, gender tenglikni taʼminlash va xotin-qizlar taʼlimiga qaratilayotgan eʼtibor boʻyicha dunyoning top 20 ta universitetlari qatoridan oʻrin egalladi. Bu eng avvalo, universitetda taʼlim va tarbiya jarayonining toʻgʻri yoʻlga qoʻyilgani, jamoaning tizimli va samarali faoliyati natijasidir.
Bu yil universitet mazkur reyting doirasida Oʻzbekiston OTMlari orasida yetakchilik qilmoqda.