Qo‘mita navbatdagi yalpi majlis kun tartibidagi masalalarning ta’lim jarayonlarini takomillashtirishga qaratilgan jihatlariga e’tibor qaratdi

Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”
Shu kunlarda Oliy Majlis Senati qo‘mitalarida navbatdagi yalpi majlis kun tartibi doirasida muhokama etiladigan masalalar dastlabki tarzda ko‘rib chiqilmoqda. Xususan, Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi a’zolari, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, Qo‘mita ekspertlari ishtirokida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasida investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunni muhokama qildilar.
Mazkur hujjat bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunga Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan jalb etilgan xorijiy mutaxassislar 2027-yil 1-oktabrga qadar konsullik yig‘imi, doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun davlat bojini to‘lashdan ozod etilishi yuzasidan tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Qo‘mita a’zolari bunday imkoniyat albatta ta’lim jarayonlarini jahon andozalariga moslashtirish, ta’lim tizimiga xalqaro tajribani joriy etish, yangi pedagogik texnologiyalarni milliy ta’lim tizimiga integratsiya qilishda muhim omil bo‘lishini ta’kidladi.
Shuningdek, senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2022-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
Muhokama jarayonida hisobotda keltirib o‘tilgan maqsadli guruhlar uchun maxsus ta’lim dasturlari asosida joylarda uchrashuv va muloqotlar hamda manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda keng qamrovli tadbirlar o‘tkazilganiga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, umumta’lim muassasalari o‘quvchilarining moliyaviy savodxonligini oshirishga doir tadbirlar ko‘lami kengaytirilgan. Mamlakatimiz bo‘yicha 2022-yil mart-may va oktabr-noyabr oylarida 5-11 sinf o‘quvchilari uchun “Moliyaviy savodxonlik oyligi” loyihasi amalga oshirilgan. Loyihada 253 ta umumta’lim muassasasidagi 799 o‘qituvchi va 24 mingga yaqin maktab o‘quvchilari ishtirok etgan. 19 ta tijorat banklari tomonidan 3 106 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasasida 270 863 nafar 5-11 sinf o‘quvchisi uchun 6 033 ta ochiq dars tashkil etilgan.
Senatorlar bu kabi tadbirlar qamrovini kengaytirishga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.
Majlis yakuni bo‘yicha Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”