AQShda TikTokni taqiqlash taklif qilindi

Amerikalik qonunchilar Kongressning ikkala palatasiga AQShda TikTok ijtimoiy tarmog'idan foydalanishni taqiqlovchi, shuningdek, Rossiya, Xitoy va boshqa bir qator davlatlar nazoratidagi media-kompaniyalarga nisbatan sanktsiyalar qo'llash imkoniyatini ko'zda tutuvchi qonun loyihasini taqdim etdi. Hujjat kecha, 13 dekabr kuni AQSh senatori Marko Rubio saytida chop etildi.
Ushbu tashabbus Rubio, shuningdek, AQSh Vakillar palatasi aʻzolari Mayk Gallager (Respublikachi, Viskonsin shtatidan) va Raja Krishnamurti (Demokrat, Illinoys shtatidan) tomonidan ishlab chiqilgan. Ularning fikricha, qonun loyihasi amerikaliklarni ijtimoiy tarmoqlar sohasida mavjud yoki kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo'lgan kompaniyalardan foydalanish bilan bog'liq bir qator dushman davlatlar tahdididan himoya qilishi kerak. Tashabbus mualliflariga ko'ra, ijtimoiy tarmoqlar yordamida boshqa davlatlar amerikaliklarni nazorat qilish yoki kuzatish, ular haqida muhim maʻlumotlarni to'plash, taʻsir kampaniyalarini o'tkazish, tashviqot tarqatish, tsenzura o'rnatishga urinishi mumkin.
Qonunchilarning taʻkidlashicha, TikTok AQShda taqiqlanishi kerak, chunki Xitoy Kommunistik partiyasi ushbu ijtimoiy tarmoqdan o'z manfaati yo'lida foydalanishi mumkin. Rubioning so'zlariga ko'ra, TikTok har kuni o'n million amerikalik bolalar va kattalar haqida maʻlumot to'playdi. Taqiq TikTok’ga egalik qiluvchi ByteDance kompaniyasiga nisbatan joriy etilishi taklif qilinmoqda.