Buxoroda ilk bor bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan xalqaro zardo‘zlik festivaliga tayyorgarlik davom etmoqda (foto va video)

Buxoro shahrida ilk bor xalqaro zardo‘zlik va zargarlik, kashtado‘zlik san’ati festivali o‘tkaziladi. Ayni paytda festivalga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.

Foto: “Daryo”

Prezidentning 2021-yil 29-apreldagi “Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, festival viloyat hokimligi, Madaniyat vazirligi, “Hunarmand uyushmasi”, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, “O‘zbekzarsanoat” uyushmasi hamkoriligida o‘tkaziladi.

Foto: “Daryo”

Ayni kunlarda festivalni yuqori saviyada o‘tkazish uchun shaharning tarixiy qismida obodonlashtirish, bezatish ishlari boshlangan. Bildirilishicha, Buxoro shahrining 20 dan ortiq ko‘chalarining har biriga shahar hamda viloyat hokimligi tizimidagi boshqarma, korxona va tashkilotlardan mas’ullar biriktirilgan.

Foto: “Daryo”

“Buxoroda ilk bor o‘tkazilayotgan mazkur xalqaro festivalning maqsadi xalq amaliy san’atining zardo‘zlik va zargarlik an’analarini rivojlantirish, ularning noyob namunalarini targ‘ib etish, xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamkorlikni yanada mustahkamlashga, hunarmandchilik an’analari va maktablarini saqlash, qayta tiklashga qaratilgan. Zardo‘zlik va zargarlik buyumlarining keng ko‘lamli taqdimotlari o‘tkaziladi. Unda nafaqat, buxorolik, balki, har bir viloyatdagi hunarmand maktablari tarixi, hayot tarzi va an’analarini aks ettirgan ko‘rgazmasi ham tashkil etiladi. Ark qal’asidan Labi Hovuz majmuasigacha bo‘lgan manzil bayramona bezatilmoqda. Shu kunlarda Ark qal’asi maydonida barpo etilayotgan sahna Buxoroning hunarmandchilik mahsuloti ‘Shibirma’ sirg‘asi shaklida tayyorlanmoqda. Sahna 2000 nafardan ziyod tomoshabinga mo‘ljallangan”, — dedi Buxoro shahar hokimi Jamol Nosirov.

Foto: “Daryo”

Xalqaro festivalda turli tomoshalar, taqdimotlar, ko‘rgazmalar, musiqali teatr konsertlari va ko‘ngilochar dasturlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilishi, shuningdek, “An’anaviy zardo‘zlik va zargarlik san’ati festivali” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Foto: “Daryo”

O‘zbekiston “Hunarmand” uyushmasi Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i Akbar Muhammedovning so‘ziga ko‘ra, xalqaro festivalda ishtirok etish uchun xorijlik mehmonlar joriy yilning 19-may kunidan boshlab kelishni boshlagan. Ularga ingliz, arab, fors, ispan, turk va rus tilida mukammal so‘zlashadigan volontyorlar hamrohlik qilmoqda.

Foto: “Daryo”

Ta’kidlanishicha, festivalda ishtirok etish uchun respublikaning barcha hududlaridan 288 nafar hunarmand, jumladan, 110 nafar zargar, 37 nafar zardo‘z, 44 nafar kashtado‘z, 97 nafar hunarmandchilikning boshqa yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan hunarmand va shuningdek, 58 ta davlatdan 221 nafar xorijlik ishtirokchi, 112 nafar hunarmand, 9 nafar faxriy mehmon, 4 nafar yuqori martabali xorijlik davlat arboblari tashrifi rejalashtirilgan.

Foto: “Daryo”

Festival jarayonlarini yoritish uchun mahalliy ommaviy axborot vositalarining 200 dan ortiq vakillari, shuningdek, O‘zbekistonda doimiy faoliyat yuritayotgan 6 ta davlatning 14 nafar jurnalistini jalb qilish ko‘zda tutilgan.

Foto: “Daryo”