Bangladeshning Dakka, Narayanganj va Chitagong shaharlarida hukumatga qarshi norozilik namoyishlarida kamida 19 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tartibsizliklar oqibatida 500 dan ortiq kishi turli darajada jarohatlangan. Qurbonlar soni ortishi kutilmoqda.
Mamlakat poytaxti Dakkada politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan. Bir qator hududlarga zirhli texnikalar kiritilgan, shaharda mobil aloqa va internet o‘chirilgan.
Namoyishchilar Bangladeshning 1971 yildagi Mustaqillik urushida qatnashgan faxriylarning oila a’zolari uchun davlat ish o‘rinlarining 30 foizigacha bo‘lgan kvota ajratilishi tizimini bekor qilishni talab qilmoqda. Minglab universitet talabalari politsiya va hukmron partiya tarafdorlari bilan to‘qnashgan. Hukumat bunga javoban universitetlarni noma’lum muddatga yopish va kampuslarda xavfsizlik kuchlarini joylashtirish orqali javob berdi. Namoyishchilarning asosiy qismini tashkil qilgan talabalar hukumat iste’fosi va maoshlar oshirilishini talab qilmoqda.
Mamlakatning Adliya vaziri Anisul Xak hukumat amaldorlari norozilik ishtirokchilari bilan muzokaralar uchun bir stol atrofiga o‘tirishga tayyor ekanligini bildirgan. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, namoyishchilar qurbonlar soni ko‘pligini bahona qilib, vazirning taklifini rad etgan.