O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan direktor o‘rinbosari ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, DXX va IIV xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro T.Ye. fuqaro S.S.ning ishonchiga kirib, uni tanishlari yordamida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Nukus filialiga o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 2 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ushlanib, uning ko‘rsatuviga asosan davom etgan tadbirda ushbu universitetning Nukus filiali direktori o‘rinbosari R.X. fuqaro S.S.ni o‘qishga kiritib qo‘yish uchun 2 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazm viloyatida joylashgan Urganch davlat universitetida ijodiy (kasbiy) imtihondan o‘tkazib qo‘yishni va’da qilgan fakultet dekani qo‘lga olingandi.