Armaniston va AQSH kecha, 15 iyul kuni “Eagle Partner 2024” qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarini boshladi. Bu haqda Armaniston Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, AQSH armiyasining Yevropa va Afrikadagi a’zolari hamda Kanzas milliy gvardiyasi ishtirokidagi qo‘shma mashg‘ulotlar Armanistonda 24 iyulgacha davom etadi.
Mashg‘ulotlarda tinchlikparvarlik vazifalarini bajarish chog‘ida nizolashayotgan tomonlar o‘rtasidagi munosabatlarni barqarorlashtirish muammolarini hal qilishga asosiy e’tibor qaratiladi.
Ta’kidlanishicha, mashg‘ulotlardan tinchlikparvar operatsiyalar doirasida xalqaro tinchlikparvar missiyalarda ishtirok etuvchi bo‘linmalarning muvofiqlashtirish darajasini oshirish, boshqaruv va taktik aloqa sohasida ilg‘or tajriba almashish, shuningdek, arman bo‘linmalarining jangovar tayyorgarligini oshirish maqsad qilingan.
“Tinchlikparvarlik missiyalariga tayyorgarlik ko‘rish doirasida xalqaro tinchlikparvar operatsiyalarga tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘linmalar hamkor mamlakatlarda o‘tkaziladigan shu kabi qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar va o‘quv mashg‘ulotlarida muntazam ishtirok etadi”, deyiladi vazirlik bayonotida.