Kecha, 13 iyul kuni AQSH prezidentligiga nomzod Donald Trampga Pensilvaniyadagi tarafdorlari bilan uchrashuv vaqtida noma’lum shaxs tomonidan o‘q uzilib, suiqasd uyushtirildi. Oq uy sobiq rahbarining hayotiga qilingan tajovuzga dunyo mamlakatlarining rasmiylari qanday munosabat bildirdi?
Vladimir Zelenskiy, Ukraina Prezidenti
“Trampni otishganini qoraylayman. To‘g‘risi, suiqasddan dahshatga tushdim. Bunday zo‘ravonlikni oqlab bo‘lmaydi va dunyoning hech bir joyida bundaylarga joy yo‘q. Dunyoda hech qachon zo‘ravonlik ustun bo‘lmasligi kerak”, deb yozgan Zelenskiy X sahifasida.
Shuningdek, Zelenskiy AQSHning Ukrainaga ko‘rsatayotgan harbiy yordamini tez-tez tanqid qilib kelayotgan Trampnga tezroq tuzalib ketishini tilagan.
Kir Starmer, Buyuk Britaniya Bosh vaziri
“Men prezident Tramp mitingidagi shokka soluvchi manzaradan dahshatga tushdim va biz unga va uning oilasiga eng yaxshi tilaklarimizni bildiramiz. Bizning jamiyatimizda har qanday shakldagi siyosiy zo‘ravonlikka joy yo‘q, mening o‘y-xayollarim haliyam ushbu hujum jabrlanuvchilarida qolyapti”, degan Starmer.
Ursula fon der Lyayen, Yevrokomissiya rahbari
“Trampning Pensilvaniyadagi chiqishida unga qilingan suiqasddan qattiq shokka tushdim. Demokratiyada siyosiy zo‘ravonlikka o‘rin yo‘q”, degan u o‘z sahifasida.
U, shuningdek, voqea paytida halok bo‘lgan tomoshabinga ishora qilib, begunoh qurbonning oilasiga hamdardlik bildirgan.
Jorjia Meloni, Italiya Bosh vaziri
“Men Trampga hamdardlik bildiraman va tez orada sog‘ayishini tilayman, umid qilamanki, saylovoldi kampaniyasining keyingi oylarida muloqot va mas’uliyat nafrat va zo‘ravonlikdan ustun keladi”, degan u.
Kamola Harris, AQSH vitse-prezidenti
“Tramp jiddiy jarohat olmaganidan xursandmiz. Biz u, uning oilasi va bu ma’nosiz otishmadan jabrlanganlarning barchasi uchun duodamiz. Biz xodimlari tezkor reaksiya ko‘rsatgani uchun AQSH Maxfiy xizmatiga hamda zudlik bilan chora ko‘rganlari uchun mahalliy rasmiylarga minnatdorchilik bildiramiz. Mamlakatimizda bunday zo‘ravonlikka o‘rin yo‘q. Biz barchamiz bu jirkanch harakatni qoralashimiz va u navbatdagi zo‘ravonlik holatlariga olib kelmasligi uchun qo‘limizdan kelganini qilishimiz lozim”, deydi Harris.
Barak Obama, AQSHning 44-prezidenti
“Bizning demokratiyamizda siyosiy zo‘ravonlikka mutlaqo o‘rin yo‘q. Hali nima bo‘lmaganini aniq bilmasak-da, biz barchamiz sobiq prezident Tramp jiddiy jarohatlanmaganidan yengil tortishimiz va shu vaziyatdan siyosatimizga sodiqligimizni tasdiqlash uchun foydalanishimiz kerak. Mishel va men unga tez orada sog‘ayib ketishini tilayman”, degan u.
Ilon Mask, SpaceX asoschisi
“Men prezident Trampni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman va uning tez orada sog‘ayib ketishiga umid qilaman”, degan biznesmen.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Donald Trampga qilingan suiqasadni qoralab, unga tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi.
Shu paytgacha AQSHning qaysi prezidentlariga suiqasd uyushtirilgan?
AQSH tashkil topganidan beri to‘rtta prezident va bir nomzod o‘ldirilgan. Ular:
- 16-prezidet Avraam Linkoln 1865 yilda;
- 20-prezidet Jeyms Abram Garfild 1881 yil;
- 25-prezidet Uilyam Mak-Kinli 1901 yilda;
- 35-prezidet Jon Kennedi 1965 yil;
- 1968 yilda prezidentlikka nomzod Robert Kennedi.
Bundan tashqari, yana Oq uyning sobiq yetti rahbariga suiqasd qilingan:
- 26-prezidenti Teodor Ruzvelt 1912 yilda;
- Nomzod Jorj Uolles 1972 yilda;
- 32-prezidet Franklin Ruzvelt 1933 yilda;
- 33-prezidet Garri Trumen 1950 yilda;
- 38-prezidet Jerald Ford 1975 yil;
- 40-prezidet Ronald Uilson Reygan 1981 yil;
- 43-prezidet Jorj Uoker Bush 2005 yilda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Federal qidiruv byurosi tomonidan Trampni otgan odamning shaxsi ochiqlandi. Unga ko‘ra, Oq uyning sobiq rahbariga uyushtirilgan suiqasdni Pensilvaniya shtati, Betel-Park shaharchasida yashovchi 20 yoshli Tomas Metyu Kruks uyushtirgani tasdiqlandi.