calendar 12 Jul 15:00
eye 100
comments 0
comments Manba: xs.uz

Fargʻona yirik sanoat markaziga aylanmoqda — Fotoreportaj

image
Davlat rahbari viloyatga tashrifini yangidan ochilgan Qoʻqon aeroporti bilan tanishishdan boshladi.

Joriy yil mart oyida Qoʻqon aeroporti ham yangidan ochilgan edi. 11-iyul kuni Oʻzbekiston Prezidentining samolyoti ilk bor bu yerga qoʻndi.



Mazkur aeroport 1977-yilda qurilgan boʻlib, yaqin yoʻnalishlarga parvozlar amalga oshirilgan. Keyinchalik faqat harbiy havo kuchlari tomonidan foydalanilgan. Modernizatsiya natijasida ushbu aeroport orqali yana fuqaro aviatsiyasi parvozlari yoʻlga qoʻyildi.

Aeroportda 100 nafar yoʻlovchiga moʻljallangan yangi terminal qurilgan, uchish-qoʻnish yoʻlagi qoplamasi taʼmirlangan. Zamonaviy aeronavigatsiya uskunalari oʻrnatilgan. Bu ishlar natijasida aeroport A320-200 va ATR 72-600 rusumli samolyotlarni qabul qilish imkoniyatiga ega boʻldi.



Shundan soʻng Prezident Shavkat Mirziyoyev 'Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals' aksiyadorlik jamiyati faoliyati bilan tanishdi.

Sobiq Qoʻqon superfosfat zavodi moliyaviy sogʻlomlashtirish va diversifikatsiya qilish maqsadida 2019-yilda Singapurning 'Indorama Holdings BV' kompaniyasiga investitsiya majburiyatlari bilan sotilgan edi. Uning negizida 'Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals' korxonasi tashkil etildi. 70 million dollar xorijiy investitsiya jalb etilib, ishlab chiqarish texnologiyalari modernizatsiya qilindi. Ispaniya, AQSH, Xitoy, Hindiston, Turkiya va Rossiya davlatlarining yetakchi kompaniyalaridan zamonaviy uskunalar keltirib oʻrnatildi. Qoʻshimcha 150 ta ish oʻrni yaratildi.



2021-yilda modernizatsiya ishlarining birinchi bosqichi doirasida ammoniylashgan superfosfat, suvda tez eruvchan kompleks mineral oʻgʻitlar, azot-fosfor-kaliyli (NPK) mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Zavod quvvati yiliga 75 ming tonnadan 450 ming tonnaga yetkazildi.

Korxona izchil rivojlanmoqda va keyingi bosqichlar boʻyicha ham ish olib borilmoqda. Ikkinchi bosqich doirasida 50 million dollar investitsiya oʻzlashtirildi. Shveysariya, Germaniya, Hindiston, Xitoy va Italiyadan zamonaviy texnologik uskunalar keltirib oʻrnatildi. Ushbu bosqichda yiliga 24 million dollarlik kaliy sulfat, sulfat kislotasi va ammoniy-xlorid oʻgʻitlari ishlab chiqariladi. 120 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.



Uchinchi bosqich ishlari 2025 ' 2028-yillarda amalga oshiriladi. Unda mono va dikalsiy fosfat, kaliy-nitrat, azot-fosfor-kaliyli kompleks mineral oʻgʻit, kalsiy xlorid, mono ammoniy fosfat, mono kaliy fosfat ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Loyiha qiymati ' 100 million dollar. 235 ta ish oʻrni yaratiladi.

Davlatimiz rahbari Fargʻona viloyatida rejalashtirilgan yangi investitsiya loyihalari bilan tanishdi.



Keyingi yetti yilda Fargʻona viloyatiga qariyb 77 trillion soʻmlik investitsiyalar jalb etilgan. Ularning natijasida 116 mingta ish oʻrni va 4,5 milliard dollarlik eksport imkoniyati yaratilgan.

Bu yil viloyatda 1,3 milliard dollarlik mingdan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda.



Endi Fargʻona viloyatida xorijiy investor va mahalliy tadbirkorlar tomonidan umumiy qiymati 7 milliard dollardan ziyod 132 ta loyiha shakllantirilgan. Shundan 2,1 milliard dollarlik 25 tasi davlatimiz rahbariga taqdimot qilindi.

Loyihalarga Avstriya, AQSH, Xitoy, Rossiya, Turkiya, Germaniya, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Yaponiya va Ozarbayjon kabi mamlakatlar kompaniyalari investitsiya kiritmoqda. Ular toʻqimachilik, oziq-ovqat, tibbiyot, elektrotexnika, qurilish materiallari, xizmat koʻrsatish va boshqa tarmoqlarni qamrab olgan.



Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoʻqon universitetida yaratilgan sharoitlar ham bilan tanishdi.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-avgustdagi qarori asosida tashkil etilgan ushbu taʼlim maskani 6 ming 400 oʻringa moʻljallangan. Oʻquv binolari, 500 oʻrinli 2 ta talabalar turarjoyi hamda axborot-kutubxona markazida yoshlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Talabalarga 233 nafar professor-oʻqituvchi saboq bermoqda.



Bu yerda xorijiy universitetlar bilan samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, 80 ga yaqin xorijiy universitet bilan shartnomalar imzolangan. Universitet Turkiy tilli davlatlar universitetlari kengashi aʼzosi. Oʻtgan oʻquv yilida Kengashning taʼlim grantlari asosida 22 nafar oʻqituvchi Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻistonda malaka oshirib qaytdi. 15 nafar xorijlik oʻqituvchi esa Qoʻqon universitetida malaka oshirdi.

Hududda olti qavatli, ikki ming oʻringa moʻljallangan yangi oʻquv binosi qurilmoqda. Bu yerda oʻquv xonalari, fan laboratoriyalari, tipografiya joylashadi. Shuningdek, ikki qavatli yoshlar IT akademiyasi barpo etilmoqda. Ularni shu yil sentyabrda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.



2022-yilda universitetning turizm fakulteti uchun ming oʻrinli yangi bino barpo etilgan.

Davlatimiz rahbari milliy uslubdagi ushbu majmuani koʻzdan kechirdi. Xorijdan professorlarni taklif etib, dual taʼlim tizimini keng qoʻllash, turizm tashkilotlari buyurtmasi asosida talabalarni maqsadli tayyorlash zarurligi taʼkidlandi. Bu sohada yetuk nazariy va amaliy bilimlarga ega kadrlar ishlashini taʼminlaydi.



Shu yerda Fargʻona turizm halqasini yaratishga oid konsepsiya taqdimot qilindi.

Prezidentimiz universitet yonidagi Tepaqoʻrgʻon arxeologiya yodgorligini ham koʻzdan kechirdi.



Yodgorlik shahar yoshini aniqlagani hamda qadimgi oʻrda oʻrnida joylashgani bilan ahamiyatlidir. Yaʼni bu yer Qoʻqon shahrining eng qadimiy asosidir.

Davlatimiz rahbari Bagʻdod tumanidagi Yuksalish mahallasida boʻlib, aholi turmush sharoiti bilan tanishdi.



Hunarmandchilik, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan bu mahallada 3 ming 300 nafarga yaqin aholi yashaydi. 560 dan ortiq xonadonlarning barchasida tomorqa, oʻndan ortiq issiqxonalar bor. Ulardan omilkorlik bilan foydalanib, ikki martalab hosil olinmoqda.

Yana baʼzi oilalar yogʻoch oʻymakorligi, temirchilik, kashtachilik bilan shugʻullanadi. Bugungi kunda mahallada tadbirkorlik subyektlari soni yigirmatadan oshdi. Maktab, bogʻcha va poliklinika bor. Ularda hudud aholisining bir qismi doimiy ish bilan band.



Oʻtgan yili 131 kishi ishga joylashtirilgan. Aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun 22 ta loyihaga 240 million soʻm kredit ajratilgan.

Davlatimiz rahbari mahalladagi 'Gulnora Matqulobod bodomlari' korxonasi faoliyati bilan tanishdi.



Bagʻdodda bodom yaxshi oʻsadi. Korxona 11 ta mahalladagi 500 dan ortiq xonadonlarga bodom tarqatib, sotuvga tayyorlatadi. Bir kunda 3 tonnagacha mahsulot qayta ishlanadi. Hozirgi kunda poʻsti yumshatilgan mazali bodomlar poytaxtimiz va viloyatlarga yetkazib berilmoqda. Tadbirkor ayol endi uni eksport qilishni rejalashtirayotganini aytdi.

Prezidentimiz tadbirkor va kasanachi ayollar bilan samimiy suhbatlashdi. Tashabbuskorligi va mehnatsevarligi, islohotlarga kamarbasta boʻlib, xotin-qizlarni ishli qilayotgani uchun ularga minnatdorlik bildirdi.



Mahalla byudjetida 83 million soʻm bor. Koʻchalar obod, xonadonlar saranjom-sarishta. Mahalla markazida huquq-tartibot idorasi, chiqindi yigʻish punkti barpo etilgan.

Shu yil 25-iyun kuni davlatimiz rahbari huzurida oʻtgan yigʻilishda mahallalarda servis kompaniyasi tashkil qilish choralari belgilangan edi. Shu asosida bu yerda ham 'Yuksalish' mahalla-servis kompaniyasi tashkil etildi.



Servis kompaniyasi Bagʻdod tumanidagi 5 ta mahallaga xizmat koʻrsatadi. 24 soatlik ish yoʻlga qoʻyilgan. 22 nafar ishchi, oʻnga yaqin yuk tashish va maxsus transportlar, taʼmirlash anjomlari el xizmatida.

Fargʻona viloyatining Margʻilon shahrida aholi zich yashaydi. Yaqin kelajakda bu nufus oshib boradi. Yosh oilalarga va kelgusi avlodlarga munosib sharoit yaratish maqsadida Prezidentimiz shaharda yangi massiv qurish gʻoyasini ilgari surdi. Tashrif chogʻida bu borada margʻilonlik nuroniylar, jamoatchilik vakillari bilan maslahatlashildi.



Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fargʻonaga tashrifi chogʻida Lola Murotova nomidagi qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashtirilgan kasb-hunar maktabi ochildi.

Lola Murotova Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi, 'El-yurt hurmati' va 'Fidokorona xizmatlari uchun' ordenlari sohibasi boʻlgan. Butun umrini shu sohaga bagʻishlab, katta muvaffaqiyat va hurmat qozongan.



Bu boy tajribani yoshlarga yetkazish, qishloq xoʻjaligida oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlash maqsadida ushbu taʼlim dargohi tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari bu yerda yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi.



Prezident Shavkat Mirziyoyev Fargʻona shahrida qurilayotgan 'Yangi Oʻzbekiston' massivini ham borib koʻrdi.

Aholiga munosib yashash sharoitlari yaratish, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish davlatimiz rahbarining doimiy eʼtiborida. Shu bois barcha hududda bunday loyihalar amalga oshirilmoqda.



Prezidentimiz 2022-yil va oʻtgan yilda Fargʻona shahridagi ushbu massiv qurilishini koʻzdan kechirgan edi. 300 gektarli hududda 65 ming aholiga moʻljallangan 365 ta koʻp qavatli uy bosqichma-bosqich bunyod etilmoqda. Bu uylar 7, 9, 12, 16 va 25 qavatli boʻlib, viloyat shaharsozligida oʻziga xos yangilik sanaladi.

Hozirgi kunda ilk uylar va bogʻlar obod aholi manziliga aylanib ulgurdi. 2 ming 887 xonadonli 75 ta uy foydalanishga topshirildi. Ularning negizida Nurafshon mahallasi tashkil etildi. Uylarga 500 dan ortiq oila koʻchib keldi. Ikkita maktab, uchta bogʻcha va poliklinika ochildi.



Hovlidagi oʻyin maydonchalardagi bolalarning shodon qiyqirigʻi koʻngillarni shod qiladi. Joriy yil yana 25 ta uy bunyod etiladi.

Davlatimiz rahbari massiv boʻylab yurib, soʻlim maskanni koʻzdan kechirdi. Bogʻda qurilgan amfiteatrda qisqa konsert dasturi namoyish etildi.





























































































Foto: Xasan Paydoyev / 'Xalq so'zi'


Doʻstlaringiz bilan ulashing

09 Oct 12:39
 
28
0
xs.uz

Prezident yangi qaror imzoladi

'Oʻzbekiston Respublikasi milliy malaka tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida'gi Prezident Qarori qabul qilindi. Qarorga koʻra, quyidagilar Milliy malaka tizimini isloh qilishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilandi, jumladan: Milliy malaka tizimining normativ-huquqiy, institutsional va uslubiy asoslarini takomillashtirish; norasmiy va informal orttirilgan koʻnikma va malakalarni tan olish ('Recognition of Prior Learning') tizimini joriy qilish; koʻni

03 Sep 21:35
 
27
0
xs.uz

Shavkat Mirziyoyev Birinchi Prezidentimiz haykali poyiga gulchambar qoʻydi

2-sentyabr kuni davlat tashkilotlari vakillari, Toshkent shahri jamoatchiligi Islom Karimovni yod etish uchun yigʻildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, Birinchi Prezidentimiz haykali poyiga gulchambar qoʻydi.Islom Karimovning mamlakatimiz mustaqilligini eʼlon qilgan va uni taraqqiyot yoʻliga olib chiqqan yetakchi ekanligi qayd etildi. Davlatimiz rahbari Mustaqilli

08 Sep 16:44
 
22
0
xs.uz

Toshkentda “psixotrop” sotayotgan shaxs ushlandi

Toshkent shahri Yashnobod tumanida kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini sotayotgan shaxs ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yashnobod tuman boʻlimi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan E.A. 56 dona 'Regapen' nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini fuqaro A.A.ga 5,2 m

09 Oct 12:39
 
26
0
xs.uz

Choʻlponni yod etib...

Saminjon HUSANOV/'Xalq soʻzi'. Andijonlik bir guruh ijodkorlar Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlpon tavalludining 126-yilligi munosabati bilan uning Andijon shahridagi uy muzeyida boʻldi. Bu yerda shoirning hayoti va ijodiga bagʻishlangan eksponatlar bilan tanishdi.' Muzeyda Choʻlponning qalamiga mansub boʻlgan asarlarning haqiqiy qoʻlyozmasidan tortib uning qatl etilishiga doir rasmiy hujjatlarning nusxalarigacha oʻrin olgan, ' deydi Oʻzbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasining Andij