Afg‘onistonda hokimiyatni nazorat qilayotgan “Tolibon” harakati ayol afg‘on sportchilarining mamlakat Olimpiya terma jamoasidagi ishtirokini tan olmaydi. Bu haqda “Tolibon” muvaqqat hukumatining sport boshqarmasi vakili Atal Mashvaniy ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Parij Olimpiadasida Afg‘oniston sharafini faqat erkak sportchilar himoya qilishi mumkin.
Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) a’zolarining salmoqli qismi xorijda istiqomat qiluvchi Afg‘oniston Milliy Olimpiya qo‘mitasi bilan maslahatlashgan. Muhokamalardan so‘ng 2024 yilda Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etish uchun olti nafar sportchi taklif qilindi – uch erkak va uch ayol. Ulardan faqat bir nafari, ya’ni dzyudochi erkak Afg‘onistonda istiqomat qiladi va shug‘ullanadi.
Qayd etilishicha, Olimpiadada Afg‘onistonni faqat 3 nafar erkak sportchi himoya qilish huquqiga ega, chunki mamlakatda ayollar sport bilan shug‘ullanishi taqiqlangan. Shuningdek, XOQ Afg‘oniston Olimpiya terma jamoasining ehtimoliy tarkibi bo‘yicha “Tolibon” rasmiylari bilan maslahatlashmagan.
XOQ “Tolibon” hukumati bilan maslahat qilmagani, faqat mamlakat Milliy Olimpiya qo‘mitasi, birinchi navbatda uning quvg‘inda yashovchi prezidenti va bosh kotibi bilan muzokara olib borganini tasdiqladi.
Shunday qilib, Afg‘oniston Olimpiya terma jamoasi olti kishidan iborat bo‘ladi. Ular Afg‘oniston Respublikasining qora-qizil-yashil rangli bayrog‘i ostida chiqish qiladi. “Tolibon” esa hokimiyatni qo‘lga kiritgach, bayroqni o‘zgartirgan.