calendar 02 Jul 15:07
eye 62
comments 0
comments Manba: qalampir.uz

Neuralink'ga ikkinchi ko‘ngillining miyasiga chip o‘rnatishga ruxsat berildi

image

Ilon Maskning Neuralink kompaniyasi AQSH oziq-ovqat va farmatsevtika idorasidan (FDA) ikkinchi ko‘ngillining miyasiga kompyuter bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa qilish uchun chip o‘rnatishga ruxsat oldi. Bu haqda “The Wall Street Journal” nashri xabar berdi.

Mask X ijtimoiy tarmog‘ida kompaniya allaqachon miya chipining ikkinchi oluvchisi bo‘lishni istagan har bir kishidan arizalarni qabul qila boshlaganini yozdi.

“Bu bizning kibernetik miya implantimiz “Telepatiya” bo‘lib, u telefon va kompyuteringizni faqat o‘ylash orqali boshqarish imkonini beradi”, deb yozgan Mask.

Implantatsiya qilingan qurilma qabul qiluvchi kapsula bo‘lib, u eshitish vositasi kabi quloq orqasiga o‘rnatiladi va undan ipga o‘xshash elektrodlar miyaga boradi.

Umuman olganda, miyaga 1500 tagacha elektrod joylashtiriladi, ularning har biri inson sochidan to‘rt barobar yupqaroqdir.

Bitta 4x4 mm protsessor 10 ming elektroddan olingan ma’lumotlarni qayta ishlaydi.

WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, Amerika regulyatori birinchi sinov ishtirokchisi Nolan Arboda qurilma bilan bog‘liq muammolardan keyin kompaniya tomonidan taklif qilingan Neuralink chipini implantatsiya qilish jarayoniga o‘zgartirishlarni ma’qullagan.

Yelkasidan shol bo‘lgan erkak chipni 2024 yil yanvar oyi oxirida implantatsiya qilgan. Mart oyida Neuralink uning shaxmat o‘ynayotgani, o‘z fikrlari yordamida harakatlar qilgani aks etgan videoni chop etdi.

Operatsiyadan bir oy o‘tgach, ishlab chiquvchilar qurilmadagi nosozliklarni payqashdi.

WSJ'ning qayd etishicha, chipning ipga o‘xshash elektrodlarining aksariyati noto‘g‘ri bo‘lib qolgan va endi signallarni o‘qiy olmaydi.

Neuralink endi muammo takrorlanmasligi uchun chipni ikkinchi ko‘ngillining miyasining motor korteksiga chuqurroq joylashtirmoqchi.

2024 yil oxirigacha Neuralink qurilmalarni 10 nafar ko‘ngilliga implantatsiya qilishni, shuningdek, Kanada va Buyuk Britaniyada o‘z chiplari bilan sinovlar o‘tkazish uchun ariza topshirishni kutmoqda.


Doʻstlaringiz bilan ulashing