“Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti Qozog‘istondagi “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonun Prezident Qosim-Jomart To‘qayev tomonidan jurnalistika muhitini yaxshilash bahonasida o‘z hukumatining matbuot ustidan nazoratini kuchaytirish uchun imzolanganini aytdi. Bu haqda tashkilot bayonotida so‘z boradi.
Tashkilot Qozog‘iston rahbarini ushbu qonunni bekor qilishga va uni haqiqiy islohot bilan almashtirishga chaqirgan holda mamlakatda jurnalistlarni ta’qib qilishga yordam beruvchi qonunchilikning kuchayib borayotganidan xavotir bildirdi.
“Prezident Qosim-Jomart To‘qayev 19 iyun kuni e’lon qilgan “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunning belgilangan maqsadi jurnalistlarga axborotni tadqiq qilish va tarqatish ishlari uchun yanada yaxshi kafolatlar berishdan iborat. Lekin u asosan amaldagi qonunlarni qayta ko‘rib chiqadi va ommaviy axborot vositalarini himoya qilishdan ko‘ra nazorat qilishga intiladi”, deyiladi tashkilot xabarida.
Qayd etilishicha, qonunning bir qancha moddalari jurnalistika va OAV uchun yaxshi yangilik emas. Xususan, ushbu qonunning 1-moddasida ommaviy axborot vositalarining ta’rifi mavjud bo‘lib, unda ommaviy axborot vositalari faoliyatini boshlashdan oldin ruxsat olish talabi bilvosita kiritilgan. Ta’kidlanishicha, bu esa matbuot erkinligi tamoyiliga ziddir. Shuningdek, qonun xorijiy jurnalistlarning Qozog‘istonda akkreditatsiyasiz ishlashini taqiqlaydi (30-modda). Tashkilot nazdida hozirgi siyosiy kontekstda bu yangi chora orqali hokimiyatni tanqid qiluvchi OAVda ishlaydigan muxbirlarning o‘zboshimchalik bilan taqiqlanishi ehtimoli ko‘proq, degan xavotir bor.
“Prezident Qosim-Jomart To‘qayev tomonidan imzolangan qonun jurnalistlarning mehnat muhiti va himoyasini yaxshilash emas, balki aslida ularni senzura qilish uchun ishlatilishi mumkin. Afsuski, ushbu “qayta ko‘rib chiqish” faqat kichik yutuqlarni o‘z ichiga oladi va xalqaro standartlardan uzoqroq bo‘lgan qonun formasini ishlab chiqilishiga olib keldi”, deya ta’kidlaydi “Chegara bilmas muxbirlar”.
Qozog‘iston bu yilgi jahon matbuot erkinligi indeksida allaqachon sakkiz pog‘onaga tushib ketgani va tashkilot reytingida matbuot erkinligi bo‘yicha 180 davlat orasida 142-o‘rindaligini hisobga olib, “Chegara bilmas muxbirlar” Prezidentni yana bir bor o‘ylab ko‘rishga chaqirgan.
Ma’lumot uchun, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 19 iyun kuni Qozog‘iston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunini imzoladi. Oq o‘rda matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, qonun davlat rahbarining 2022 yil 16 martdagi “Yangi Qozog‘iston: yangilanish va modernizatsiya yo‘li” Qozog‘iston xalqiga Murojaatnomasi doirasida “Ommaviy to‘g‘risida”gi qonunni qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi farmoyishini bajarish maqsadida davlat manfaatlari, jamiyat ehtiyojlari va media sohasidagi rivojlanish tendensiyalarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.