Polsha Prezidenti Andjey Duda etnik ozchiliklar Moskva hukmronligidan ajralib, o‘z davlatlarini tuzishi kerakligini da’vo qilgan holda, Rossiyani “dekolonizatsiya”ga chaqirdi. Bu haqda u Shvetsariyada o‘tgan tinchlik konferensiyasida so‘z ochdi.
Duda Rossiyani “xalqlar qamoqxonasi” deb ta’rifladi va uning tarkibidagi o‘lkalarga ishora qilgan holda, Kreml hali ham “mustamlakachi”lik siyosatidan voz kechmaganini aytdi.
“Rossiya dunyodagi eng yirik mustamlakachi imperiya bo‘lib qolmoqda. U Yevropa davlatlaridan farqli o‘laroq, hech qachon dekolonizatsiya jarayonidan o‘tmagan. Xalqaro hamjamiyat a’zosi sifatida zamonaviy dunyoda mustamlakachilik uchun joy yo‘q ekanligini aytishimiz kerak”, deydi Polsha rahbari.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya dunyodagi eng xilma-xil davlatlardan biri bo‘lib, 270 dan ortiq til va lahjalarda so‘zlashadigan 190 dan ortiq etnik guruhlarni o‘z ichiga oladi.
Rossiya qo‘shni davlatda harbiy amaliyot boshlaganidan beri Polsha Ukrainaga yordam ko‘rsatishning eng ochiq tarafdorlaridan biri bo‘lib kelgan. Polsha ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, Dudaning Shvetsariyadagi asosiy vazifasi “Rossiya tahdidining ko‘lamini ta’kidlash” edi.
Joriy yilning boshida Polsha Bosh vaziri Donald Tusk o‘z mamlakatiga AQSH yadroviy qurollarini joylashtirishga tayyorligini bildirgan. Moskva esa buni “provokatsiya” va “chuqur dushmanlik siyosati” deb atagandi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Moskvaning NATO a’zolariga hujum qilish niyati yo‘qligini bir necha bor ta’kidlagan va buning aksi haqidagi da’volarni “qo‘rqitish taktikasi” sifatida rad etib keladi.