Jizzax viloyati hududidan o‘tuvchi xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan M-39 avtomobil yo‘lida to‘rtta yuk tashuvchi transport vositalari ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat IIB Yo‘l harkati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Aytilishicha, Toshkent-Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib ketayotgan MAN yuk mashinasida yo‘lning dovon qismida tushish-chiqish vaqtida nosozlik vujudga kelgan. U yo‘lning o‘ng chekka qismida to‘xtab turgan boshqa bir yuk mashinasi bilan to‘qnashgan. Shundan so‘ng MAN harakatni davom ettirib, oldinda ketayotgan transport vositalarini tashishga mo‘ljallangan avtotreylerga urilgan.
Ikkala transport vositasi ham rul boshqaruvini yo‘qotib, beton to‘siqqa urilgan va qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan. MAN yuk mashinasi esa harakatni davom ettirishi oqibatida yana bir to‘xtab turgan yuk tashuvchi mashina bilan to‘qnashgan.
Oqibatda yuk mashinalarining haydovchi va yo‘lovchilariga tan jarohati yetmagan, biroq transport vositalariga jiddiy shikast yetgan. M-39 avtomobil yo‘lining 1011-1013-kilometrida sun’iy tirbandlik hosil bo‘lgan, hozirda YPX xodimlari tirbandliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda.