2 iyun tongida AQSHning Nyuark shahrida aralash yakkakurashlar bo‘yicha UFC 302 turniri bo‘lib o‘tdi. Asosiy bahsda tashkilotning yengil vazn toifasi chempioni (70 kg gacha) rossiyalik Islom Maxachev amerikalik Dastin Porega qarshi o‘z chempionlik kamarini himoya qildi.
Jang besh raund davom etdi va raundlarning oxirgisida Maxachev bo‘g‘ilish uslubi bilan g‘alaba qozondi. Shu tariqa Islom Maxachev yengil vazn toifasida qatorasiga uchinchi bor chempionlik kamarini himoya qildi.
Oktyabr oyida u BAA poytaxti Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan UFC 294 musobaqasida o‘zining oxirgi himoya jangida avstraliyalik Aleks Volkanovskini birinchi raunddayoq texnik nokautga uchratgandi. Hozir Maxachev hisobida 26 g‘alaba va bitta mag‘lubiyat bor.
Pore hisobida esa 30 g‘alaba va 9 mag‘lubiyat bor.