Kecha, 9 aprel kuni Saymon Xarris mart oyida kutilmaganda iste’foga chiqqan Leo Varadkarning o‘rniga Irlandiyaning eng yosh hukumat rahbari bo‘ldi. Bu haqda “The Guardian” xabar beradi.
Irlandiya Vakillar palatasi a’zolari Saymon Xarrisni mamlakatning yangi Bosh vaziri etib saylash uchun ovoz berdi. Xarrisning nomzodini Vakillar palatasidagi 160 deputatdan 88 nafari qo‘llab-quvvatladi, 69 nafari qarshi chiqdi.
Endi 37 yoshli Xarrisning nomzodini mamlakat Prezidenti Maykl Xiggins tasdiqlashi kerak bo‘ladi.
Ovoz berishdan so‘ng Xarris hukumatni siyosiy kuchlar o‘rtasidagi hamkorlik ruhida boshqarishiga va’da berdi.
“Bu hamkorlikka asoslangan hukumat va men uni birdamlik, hamkorlik va o‘zaro hurmat ruhida boshqarish niyatidaman”, deydi u.
Xarris parlament ishonchini oqlash uchun hamma narsaga tayyor ekanini ta’kidladi, shuningdek, o‘zidan oldingi Leo Varadkarga hurmat bajo keltirdi.
37 yoshli siyosatchi jiddiy muammolarni, shu jumladan arzon uy-joy yetishmasligi va boshpana so‘raganlarning rekord sonidan fuqarolarning noroziligini hal qilishi kerak.
Xarris sobiq yetakchi va bosh vazir Leo Varadkar iste’foga chiqqanidan so‘ng “Fine Gel” partiyasini boshqargan. Varadkar shu yilning mart oyida o‘z lavozimini tark etishni rejalashtirayotgani haqida ma’lum qilgan, biroq u iste’foga chiqish sababini aytmagan.
Xarris esa shu paytgacha hukumatda bir nechta lavozimlarda ishlagan: 2016 yildan 2020 yilgacha u Irlandiya sog‘liqni saqlash vaziri, 2022 yildan 2023 yilgacha esa adliya vaziri bo‘lgan. Shuningdek, u 2020 yildan Irlandiya oliy ta’lim, tadqiqotlar, innovatsiyalar va fan vaziri lavozimida ishlab kelgan.