Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) rasmiy sayti Yevropa Chempionlar ligasida (YeCHL) haftaning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishga nomzod bo‘lgan 4 nafar futbolchi nomini e’lon qildi.
Sovringa fransiyalik PSJ hujumchisi Kilian Mbappe, “Bavariya” hujumchisi Harri Keyn, shveysariyalik “Manchester Siti” himoyachisi Manuel Akanji va vengriyalik “RB Leypsig” futbolchisi Villi Orban da’vogarlik qilmoqda.
Mbappe “Real Sosedad”ga qarshi o‘yinda dubl qayd etgan bo‘lsa, Keyn “Latsio”ga qarshi o‘yinda 2 ta gol urdi. Himoyachi Orban “Real” darvozasiga 1 ta gol urdi va bu Germaniya klubiga durang keltirdi. Akanji “Kopengagen”ga qarshi o‘yinda jamoasining 1-golini kiritdi.
Bu haftada Chempionlar ligasi 1/8 finalining to‘rtta o‘yini bo‘lib o‘tdi: “Real Sosedad” - PSJ (1:2), “Real” - “RB Leypsig” (1:1), “Bavariya” - “Latsio” (3:0), “Manchester Siti” - “Kopengagen” (3:1).