Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi (UNRWA) agar tashkilotning moliyaviy yordami pasayishda davom etsa, G‘azo sektori hamda ocharchilik va gumanitar inqiroz avj olgan mintaqadagi barcha faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lishidan ogohlantirdi. Bu haqda UNRWA rasmiy bayonot berdi.
U G‘azo sektorida gumanitar inqiroz chuqurlashgan bir paytda tashkilotga moliyaviy yordamning kamayishi falastinliklarga yordamni xavf ostiga qo‘yganini bildirdi.
“16 donor davlat UNRWA’ga moliyaviy ko‘makni to‘xtatishga qaror qilganidan so‘ng, G‘azodagi 2 milliondan ortiq aholining ulkan gumanitar ehtiyojlari yomonlashishi mumkin”, deyiladi bayonotda.
Tashkilot Isroilning o‘tgan haftadagi bombardimonlari tufayli o‘n minglab insonning G‘azo sektori janubidagi Xon Yunusni tark etishga majbur bo‘lganiga diqqat qaratib, bu odamlar hozirda 1,4 milliondan ortiq falastinlik og‘ir sharoitlarda yashayotgan Rafah shahriga qochganiga ishora qilgan.
Bayonotda aytilishicha, Isroil hujumlaridan qochgan aksariyat odamlar vaqtinchalik chodirlarda yoki ochiq joylarda yashashga majbur, shahardagilar esa UNRWA’dan oziq-ovqat va boshqa insonparvarlik yordamlarini olmaslikdan qo‘rqadi.
"Rafah bombardimondan qochgan odamlar dengiziga aylandi", deydi UNRWA’ning G‘azodagi direktori Tomas Uayt.
U Xon Yunusdan qochgan odamlar avval ham ko‘p marta ko‘chirilganini va UNRWA xodimlari ko‘chirilganiga qaramay ishlashda davom etishini ta’kidlagan. Tomas Uayt Isroil hujumi boshlangandan beri ocharchilik davom etayotgan G‘azo shimoliga kirishning juda cheklangani, mintaqa aholisining un qilish uchun parrandalar ozuqasidan foydalanayotganiga ishonilganiga diqqat qaratdi va Isroil armiya gumanitar yordam kolonnalariga kirishni to‘sib qo‘yganini aytdi.
“Ba’zi donor davlatlar tashkilotga ajratiladigan 440 million dollarlik yordamni to‘xtatdi”, deyiladi bayonotda.
UNRWA Bosh komissari Filipp Lazzari esa tashkilotni zaiflashtirmaslik, balki uni kuchaytirishga chaqirdi. Uning ogohlantirishicha, agar UNRWA’ga moliyaviy yordam berish to‘xtatilsa, fevral oyi oxiridan keyin agentlik nafaqat G‘azoda, balki butun mintaqada o‘z faoliyatini to‘xtatishiga to‘g‘ri kelishi mumkin.
Qayd etish joizki, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo davlatlarning ixtiyoriy badallari hisobidan moliyalashtirilgan UNRWA 1950 yildan beri falastinlik qochqinlarga oziq-ovqat, sog‘liqni saqlash, ta’lim va uy-joy kabi insonparvarlik yordamini ko‘rsatuvchi asosiy tashkilot bo‘lib kelgan. Agentlik 5,9 million falastinlik qochqinga yordam beradi. 74 yil davomida falastinliklarni davolamoqchi bo‘lgan UNRWA muassasalari bir necha bor Isroil tomonidan nishonga olingan, bu vaqt ichida tonnalab oziq-ovqat va dori vositalari yo‘q qilingan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroil rasmiylarining “7 oktyabrdagi hujumlarda UNRWA xodimlari ishtirok etgani” haqidagi iddaolarini zudlik bilan tekshirishni talab qildi. UNRWA ham Isroilning ayblovlari yuzasidan tekshiruv boshlagan.
Germaniya, Shvetsiya, Shveysariya, Italiya, Kanada, Finlyandiya, Islandiya, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, AQSH, Fransiya, Avstriya, Yaponiya va Estoniya UNRWAga moliyaviy yordamni vaqtincha to‘xtatishga qaror qildi.
Norvegiya, Irlandiya va Ispaniya esa UNRWA’ni qo‘llab-quvvatlashda davom etishlarini e’lon qildi.