AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Ukrainadan tashqariga chiqadigan tajovuzkor loyihalari borligi va agar u g‘alaba qozonsa, mamlakat chegaralarida to‘xtab qolmasligi haqida ogohlantirdi. Bu haqda u bugun, 17 yanvar kuni Shveysariyaning Davos shahrida CNBC telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Agar biz Putinga javobgarlikdan qochishga imkon bersak, hushyorligimizni va Ukraina uchun qiladigan hamma narsani yo‘qotsak, u Pandora qutisini ochadi. U bu bilan to‘xtamaydi va dunyoning boshqa qismlaridagi tajovuzkor kuchlar undan saboq oladi”, deydi Blinken.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday ssenariy jiddiy xavf-xatarlarga to‘la, chunki u Qo‘shma Shtatlarni Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri mojaroga olib kelishi mumkin.
“O‘ylaymanki, Putin to‘liq kuch bilan Ukrainaga qarshi kurashadi va keyin NATO mamlakatlari ortidan boradi. Va, albatta, agar u NATO davlatiga hujum qilsa, biz NATO shartnomasining 5-moddasiga muvofiq unga yordam berishga majbur bo‘lamiz”, deydi Amerika diplomatiyasi rahbari.
Blinkenning aytishicha, AQSH buning oldini olishga harakat qilmoqda. U Prezident Jo Bayden so‘ragan, Ukrainaga yordamni o‘z ichiga olgan 106 milliard dollarlik paketni Kongress tomonidan ma’qullanishi muhimligini ta’kidladi.
"Bu abadiy urush emas va biz uchun ham abadiy xarajat emas. Hatto hozir Ukrainaga o‘nlab boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilish orqali o‘zini himoya qilishga yordam berayotganimizda ham, biz Ukrainani harbiy, iqtisodiy va demokratik jihatdan oyoqqa turishi uchun harakat qilmoqdamiz", deydi u.
Biroq, Blinken agar Ukraina zarur mablag‘ni olmasa, bu haqiqiy muammo bo‘lishidan ogohlantirdi. Davlat kotibining aytishicha, Ukrainaga yordam berish AQSH va uning eng yaqin ittifoqchilarining umumiy ishi.
"Hozirda Rossiya Ukrainada strategik mag‘lubiyatga uchramoqda. Biz qarshi kurashni davom ettirishdan manfaatdormiz", deya ta’kidladi Blinken.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya Ukrainadan keyin Boltiqbo‘yi davlatlari, Finlyandiya va O‘zbekistonga hujum qilmoqchi ekanini aytgandi.