Qirg‘izistonda deputatlar Emil Jamg‘irchiyevni jinoiy javobgarlikka tortishni ma’qulladi. Bu haqda “24 kg” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, yig‘ilishda 81 nafar deputat ovoz berishda qatnashgan. Deputat Emil Jamg‘irchiyevni jinoiy javobgarlikka tortish uchun 69 deputat ovoz bergan.
Spiker Nurlanbek Shakiyevning fikricha, qonun oldida hamma teng.
“Jamiyat parlamentning nufuzi va roli tushib ketganini aytmoqda, xavfsizlik kuchlari deputatlarga qarshi ish ochmoqda. Lekin bu to‘g‘ri emas, qonun oldida hamma teng, u deputatmi, vazirmi, shuning uchun hamkasbimizni jinoiy javobgarlikka tortishni qo‘llab-quvvatladik. Jogorku Keneshda toza deputatlar bo‘lishi kerak”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, qirg‘izistonlik deputat Emil Jamg‘irchiyev qirg‘iz-o‘zbek chegarasini noqonuniy kesib o‘tishda ayblanmoqda. Jamg‘irchiyev o‘zbekistonlik “Salimboyvachcha” nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyevdan yordam so‘ragan, u bilan yashirin uchrashuv o‘tkazish uchun 2022 yil dekabr oyida chegarani noqonuniy kesib o‘tib, Toshkentga borgan.
Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Jamg‘irchiyev Abduvaliyev Markaziy Osiyoni boshqarishini aytib, undan hokimiyatdagilarga nisbatan chora ko‘rishini so‘ragan.
Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan Jinoyat kodeksining 378-moddasi (Davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jamg‘irchiyev qidiruvga berilgan. O‘zbekiston tomoni ham uni hibsga olishga qaror chiqargan.