AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin bugun, 12 iyul kuni Rossiya Mudofaa vaziri Andrey Belousov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Pentagon matbuot kotibi o‘rinbosari Sabrina Singx brifingda ma’lum qildi.
"Bugun ertalab kotib Ostin Rossiya Mudofaa vaziri Andrey Belousov bilan telefonda gaplashdi", dedi Singx.
Uning aytishicha, suhbat Rossiya tomonining tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan. Pentagon vakilining so‘zlariga ko‘ra, suhbat chog‘ida Ostin aloqa yo‘llarini ochiq saqlash muhimligini ta’kidlagan. U mudofaa idoralari rahbarlari o‘rtasidagi suhbatning qo‘shimcha tafsilotlarini keltirmadi.
Singxning so‘zlariga ko‘ra, uning Ostin va Belousov o‘rtasidagi kelajakdagi aloqalar ehtimoli haqida "e’lon qiladigan hech narsasi" yo‘q.
"Ammo, vazir aytganidek va men boshida ta’kidlaganimdek, hozir aloqa kanallarini saqlab qolish juda muhim", deydi Pentagon matbuot kotibi o‘rinbosari.
Eslatib o‘tamiz, 25 iyun kuni Belousov Ostin bilan birinchi marta suhbatlashgan, suhbat davomida ular Ukraina atrofidagi vaziyatni muhokama qilgandi. O‘shanda muloqot Amerika tomonining tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgandi.
Pentagon matbuot kotibi Patrik Rayderning ta’kidlashicha, bungacha amerikalik va rossiyalik vazirlar 2023 yil martida gaplashgan, o‘shanda Rossiya Mudofaa vazirligi rahbari Sergey Shoygu bo‘lgan. Suhbat Ostinning tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan. Biroq Rayder qo‘ng‘iroqqa nima sabab bo‘lganiga aniqlik kiritmagan.