calendar 12 Jul 17:05
eye 81
comments 0
comments Manba: xs.uz

Fargʻonadagi muammolar tahlil qilinib, tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha yangi choralar belgilandi

image
Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻsib borayotgan aholi talabini taʼminlash uchun iqtisodiyotni izchil rivojlantirish zarurligini taʼkidladi.

' Fargʻona katta viloyat. Hozirgi kunda aholi 4 milliondan oshdi. Bunday oʻsish bilan 2030-yilga borib 5 millionga yetadi. Bu aytishga oson. Lekin bu raqam ortida qancha masʼuliyat va javobgarlik bor. Har yili yangi bogʻcha va maktablar, uylar qurish, yuz minglab ish oʻrinlari yaratish zarur. Shuning uchun hozirgi tahlikali zamonda qanday qilib iqtisodiyotimizni barqaror qilamiz, degan savol hammamizni qiynashi kerak, ' dedi Prezident.

Soʻnggi yetti yilda viloyatda katta oʻzgarishlar boʻldi. Yoʻl, suv, yer, uy-joy, taʼlim va tibbiyot infratuzilmasi yaxshilandi. Kiritilgan investitsiyalar hajmi 3 karra oʻsdi. Tovar aylanmasi 10 million dollardan oshgan 122 ta korxona paydo boʻldi.

Eksport ham oshayapti. Bu koʻrsatkich oʻtgan yili 722 million dollarni tashkil etdi. Fargʻonalik korxonalar 60 ta yangi bozorga kirib bordi.

Lekin 19 ta korxonada quvvatlar pasaygan. 3 ta loyihani ishga tushirish kechikkan. 6 ming 700 ta korxonada ish oʻrinlari kamaygan. Oʻtgan yili eksport qilgan 135 ta korxona bu yil hali chetga mahsulot sotmagan.

Viloyat sanoat oʻsishi boʻyicha respublikada eng oxirgi oʻrinda. Shuncha sharoit boʻla turib, Fargʻonada oʻtgan yili bor-yoʻgʻi 220 million dollarlik meva-sabzavot eksport boʻlgan. Atigi 30 foiz ip kalava qayta ishlanmoqda.

Roʻyxatga olingan 545 ta tadbirkor hisobraqam ochmagan, mingdan oshigʻi bank orqali aylanma qilmagan. Shu bois ishchilar toʻlayotgan daromad soligʻining yarmini tuman byudjetida qoldirish masalasi qoʻyildi. Bu orqali tumanda manfaat koʻpayishi, tadbirkorlarni 'soyadan' chiqarishi aytildi.

Mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha koʻp ishlar qilindi. Ishsiz va muhtojlarga bank-moliya orqali koʻmaklashish yoʻlga qoʻyildi. Endi yangicha yondashuvga ehtiyoj sezilayapti.

Davlatimiz rahbari buni Bogʻdod tumani misolida tahlil qilib, tizim takomillashtirilishini aytdi.

' Kambagʻal deb qancha nafaqa toʻlaganimiz bilan, ish topib bermasak, yana ijtimoiy yordamga qayta-qayta kelaveradi, boqimandalik kuchayib boraveradi. Shu bois endi kambagʻallikni qisqartirish va ijtimoiy himoya bir tizimda boʻladi. Buni respublikada Ijtimoiy himoya agentligi boshqaradi, ' dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yigʻilishda viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Oʻzbekiston Prezidentining 10-iyuldagi qaroriga koʻra, 'Qoʻqon' erkin iqtisodiy zonasining hududi Quvasoy shahrining Pakana, Kokilon va Soʻfon mahallalaridagi 210 gektarga kengaytirildi. U yerda 2026-yil oxirigacha kamida 1 milliard AQSH dollari miqdoridagi investitsiyalar oʻzlashtirilishi, 11 mingdan ortiq ish oʻrni yaratilishi, yiliga 965 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarilishi belgilangan. Mutasaddilarning bu boradagi vazifalari yana bir koʻrsatib oʻtildi.

Shuningdek, Xitoy tajribasi asosida 19 ta tuman-shaharning har biri sanoatning aniq yoʻnalishiga ixtisoslashtirilib, sanoat zonalari tashkil qilinadi.

Yuqori qoʻshilgan qiymat yaratish va ish oʻrinlarini koʻpaytirish sharti bilan qoʻshimcha 1 ming 210 gektar yer ajratiladi. Buning uchun viloyat hokimligi huzurida direksiya tashkil qilinib, ushbu yerlar uning ixtiyoriga beriladi. Mahalliy tadbirkorlar sanoat zonalaridagi binolarni ijaraga yoki muddatli sotib olishi mumkin boʻladi.

Sanoatni tuman va mahallaga tushirish uchun infratuzilma xarajatlariga 50 million dollar ssuda ajratiladi. 161 ta yirik mahallada ham 4-5 qavatli sanoat markazlari tashkil qilinadi.

Davlatimiz rahbari Fargʻonada sanoatga katta turtki beradigan loyihalarni koʻpaytirish zarurligini taʼkidladi.

Xususan, energetika, neft-gaz va kimyo sohalarida 2 milliard dollarlik loyiha qilinadi. 700 million dollarlik investitsiya hisobidan 230 turdagi yangi qurilish materiallari ishlab chiqarish tashkil etiladi.

Elektr texnikasi sanoatida 420 million dollarlik, avtomobilsozlikda 500 million dollarlik loyihalar amalga oshiriladi. Jumladan, Quvasoyda elektromobilni zaryadlash stansiyasi hamda qishloq xoʻjaligi texnikalari ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Toʻqimachilik tarmogʻida 300 million dollarlik loyiha orqali ip-kalavani qayta ishlashni 60 foizga olib chiqish moʻljallangan.

Qishloq xoʻjaligi sohasi tahlil qilinar ekan, soʻnggi uch yilda 110 ming aholiga dehqonchilik qilish uchun 25 ming gektardan ziyod yer ajratilgani qayd etildi. Bu yerlarda uch martagacha hosil olish muhimligi aytildi.

Fargʻona tumanida 200 gektarda sanoat usulida Italiya va Polshaning serhosil malina navlarini ekiladi. Qoʻshtepa va Yozyovonda yuqori hosildor bodom, shaftoli, gilos va olxoʻri bogʻlari barpo etiladi. Yirik bogʻbonlarning yerida muzlatkichli omborlar tashkil qilinadi.

Bogʻbon-tadbirkorlar uchun qator yangiliklar eʼlon qilindi. Meva-sabzavotni saqlash, saralash va qayta ishlash loyihalariga xorijiy valyutada olingan kreditlarning 6 foizgacha qismi qoplab beriladi. Quvasoy shahridagi 616 ta fermerning ogʻirini yengil qilish uchun yer soligʻi yarmiga kamaytiriladi.

Fargʻonada turizm salohiyati ham katta. Sayyohlarga qulaylik yaratish uchun Shohimardon va Yordon qishloqlariga vertolyot parvozini yoʻlga qoʻyish, 'Vodil' va 'Oq-qiya' postlariga xalqaro maqom berish masalasi koʻrib chiqildi. Mutasaddilarga ushbu qishloqlar va Vodil shaharchasining master-rejasini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. Fargʻona tumanini turistik rekreatsion zona qilish boʻyicha topshiriq berildi.

Yigʻilishda Quva tumanida qishloq xoʻjaligi, hunarmandchilik va xizmatlarni rivojlantirish, Qoʻqon va Margʻilon shaharlarida koʻp qavatli uylar, sanoat korxonalari, madaniyat va turizm maskanlari barpo etish masalalariga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Yosh avlod qalbi va ongiga ona yurtga muhabbat va sadoqat, bugungi tinch-osoyishta hayotimizni qadriga yetish va shukronalik tuygʻularini chuqur singdirish ishlarini yangi bosqichga koʻtarish maqsadida Qoʻqon va Margʻilonda nuroniylar, imom-xatiblar, mahalla faollaridan iborat Oqsoqollar kengashi va ota-onalar guruhlarini tuzish taklifi ilgari surildi.

Yigʻilganlar ushbu taklifni qoʻllab-quvvatlab, tarbiyasi ogʻir yoshlarni toʻgʻri yoʻlga solish, adashgan, murakkab vaziyatga tushib qolgan yoshlarga oʻz oʻrinini topishida yordam berish, ularni maʼrifatga chorlash, maʼnaviyatini yuksaltirish boʻyicha tajriba yaratilsa, bu butun respublikaga namuna boʻlishiga ishonch bildirdi.

Umuman, viloyat hokimi va oʻrinbosarlari, shahar va tuman rahbarlari masʼuliyatini oshirib, yil yakuniga qadar asosiy kapitalga 2,1 milliard dollar qoʻshish, 400 ming odamni band qilish, 80 ming oilani kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha xalq oldida kafolat berdi. Viloyat kengashi deputatlari komissiya tuzib, buni nazoratga oladi.

Bank va hududiy filiallar boshliqlari ishlab chiqarish, xizmatlar, bandlik dasturlarini moliyalashtirish rejalari boʻyicha hisobot berdi.

Davlatimiz rahbari jamoatchilik vakillari bilan ochiq muloqot qildi.


Doʻstlaringiz bilan ulashing

29 Jul 17:09
 
155
0
qalampir.uz

Farg‘ona hokimining 9 kunlik korxonaga bergan vakolati bekor qilinadi

Farg‘ona viloyat hokimi Hayrullo Bozorovning ochilganiga 9 kun bo‘lgan “Garden Catering Trade” korxonasiga topshirgan Quvasoy shahridagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini oziq-ovqat bilan ta’minlash huquqi bekor qilinadi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining QALAMPIR.UZ maqolasiga bergan munosabatida yozilgan. “Raqobat qo‘mitasi tomonidan ushbu holat o‘rganib chiqilib, “Raqobat to‘g

26 Jul 10:20
 
33
0
qalampir.uz

FVV quyosh urishidan saqlanish bo‘yicha tavsiyalar berdi

Favqulodda vaziyatlar vazirligi kunlar keskin isib ketishi sababli yuz berishi mumkin bo‘lgan quyosh urishi holatlaridan saqlanish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Ma’lumki, ob-havoning keskin isib ketishi ayniqsa bolalar, qariyalar va bemorlarga og‘ir ta’sir qiladi. Hatto sog‘lom odamlar ham ba’zi bir qoidalarga rioya etishlariga to‘g‘ri keladi. Quyosh urishi ochiq havoda to‘g‘ri tushadigan quyosh nurlari ostida sodir bo‘ladi, lekin issiq ta’sir qilgandan so‘ng 6-8

26 Jul 10:21
 
40
0
xs.uz

Shavkat Mirziyoyev tugʻilgan kuni munosabati bilan tabriklagan barchaga minnatdorlik bildirdi

Shavkat Mirziyoyevning taʼkidlashicha, ushbu tabrik va tilaklarni, eng avvalo, Oʻzbekiston xalqi va davlatiga yuksak hurmat va ehtirom, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga va Oʻzbekistonning yorugʻ kelajagiga boʻlgan ishonch ifodasi sifatida qabul qiladi.'Fursatdan foydalanib, mehnatkash, bagʻrikeng va olijanob xalqimizga yana bir bor chin yurakdan oʻzimning cheksiz farzandlik mehrim va hurmatimni bildiraman.Ishonchim komil, el-yurtimizning fidokorona mehnati, ulkan bunyodkorlik

26 Jul 10:20
 
33
0
qalampir.uz

Toshkentda notkoin sotgan yana bir yigit qamaldi

Navoiy viloyatining Karmana tumanida yashovchi 21 yoshli yigit noqonuniy notkoin oldi-sotdisi bilan shug‘ullangani uchun 10 sutkaga qamaldi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari matbuot kotibi Zokirjon Qo‘ziboyev QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.  Bildirilishicha, 2024 yil 28 iyun kuni Toshkent shahar IIBB kotibiyati tomonidan ro‘yxatga olingan fuqaro A.A. ning arizasi yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilganda fuqaro G‘.Yo. ga tegishli telefon va plastik kart