Parij-2024 Olimpiadasi ishtirok etuvchi o‘zbekistonlik bokschilar bir necha kundan so‘ng Olimpiada oldidan oxirgi o‘quv-yig‘in mashg‘ulotini o‘tkazish uchun Fransiyaning Nan shahriga jo‘nab ketadi. Bu haqda O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi Shohid Tillaboyev QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
“O‘zbekiston erkaklar boks terma jamoasi Olimpiya o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rishi uchun maxsus reja tuzilgan. Rejaga asosan ular Rossiyaning Sochi shahrida o‘quv-yig‘in mashg‘ulotini o‘tkazdi va ikki bokschimiz tayyorgarliklar oralig‘ida Qozon shahrida o‘tkazilgan BRICS o‘yinlarida ishtirok etdi. Erkaklar terma jamoasi yana O‘zbekistonda ikki bosqichda Olimpiadaga tayyorgarlik ko‘radi va so‘nggi tayyorgarlikni amalga oshirish uchun 7 iyul kuni Fransiyaning Nan shahriga yo‘l oladi”, deydi Shohid Tillaboyev.
Ma’lumot uchun, Olimpiada o‘yinlarida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi to‘liq tarkibda, 7 ta vaznda bahslarda ishtirok etsa, ayollar jamoasi 4 ta vaznda mamlakat sharafini himouya qiladi. Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimi 26 iyul kuni o‘tkaziladi.