Jizzax shahrida fuqaroni AQSHga yuborishini aytib, Janubiy Afrikaga jo‘natgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, shaharning Xayrobod mahallasida yashovchi fuqaro I.M. ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, fuqaroning o‘g‘li M.T.ni A.Ya. ismli shaxs Amerikaga ishlashga yuborishini aytib, 14 300 dollar olgan, lekin farzandini Janubiy Afrikaga jo‘natgan.
Shuningdek, arizachi o‘g‘li Afrikada chorasiz qolib ketgani, o‘z navbatida A.Ya. undan vaziyatni o‘nglash uchun yana 6700 dollar talab qilayotganini bildirgan.
“Mazkur murojaat asosida tezkor tadbir o‘tkazilib, A.Ya. ushlangan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyati va Toshkent shahrida Amerikaga fuqarolarni noqonuniy yo‘llar bilan jo‘natmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlangandi.