O‘zbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov Shvetsiyada o‘tkazilgan “Tepe Sigeman-2024” chempioni bo‘ldi.
Shvetsiyaning Malmo shahrida 27 apreldan 3 mayga qadar “Tepe Sigeman-2024” turniri bo‘lib o‘tdi. 19 yoshli o‘zbekistonlik shaxmatchi asosiy davrada 4,5 ochko to‘plab, taybrekda rossiyalik Peter Svidler hamda hindistonlik Arjun Erigaysini mag‘lubiyatga uchratib, g‘alaba qozondi.
Ma’lumot uchun, 19 yoshli Nodirbek Abdusattorov mart oyi yakunlari bo‘yicha FIDE reytingida (Elo reytingi) to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilgandi. U 2765 ochko to‘plab, amaldagi jahon chempioni, xitoylik Din Lijen (2762) va boshqa mashhur shaxmatchilardan o‘zib ketgan. Dunyo reytingida ko‘p karra jahon chempioni, norvegiyalik Magnus Karlsen 2830 ochko bilan birinchi o‘rinda joylashgan. O‘zbekiston shaxmatchilari orasida reyting bo‘yicha rekord sohibi hisoblanadi. Ungacha faqat Rustam Qosimjonov eng yuqori natijani ko‘rsatib, 2715 ochko bilan 11-o‘rinni egallagan.