Bugun, 6 fevral kuni Ergashali Abduqurbonovich Abdujalilov Andijon viloyatidagi Oltinko‘l tumani hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ergashali Abdujalilov ushbu lavozimga tayinlanguniga qadar Andijon viloyati hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
U Oltinko‘l tumaniga 2022 yilning mayidan buyon rahbarlik qilib kelayotgan Muhammadmuso Obidov o‘rnini egalladi.
Qayd etish joizki, oldinroq ijtimoiy tarmoqlarda Oltinko‘l tumani hokimi o‘zgargani haqida xabarlar tarqalgan va viloyat hokimligi matbuot xizmati buni rad etgandi.
Ma’lumot uchun, yangi tayinlangan Abdujalilov 1985 yilda Marhamat tumanida tug‘ilgan. U 2007 yilda O‘zbekiston Respublikasi IIV akademiyasini tamomlagan. Mehnat faoliyati davomida ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy tizimlarda mutaxassis, bo‘lim boshlig‘i, rahbar o‘rinbosari hamda rahbarlik lavozimlarida ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 5 fevral kuni Toshkent viloyatining Chinoz tumaniga Sherzod Solihov hokim etib tayinlangandi.