Surxondaryo viloyatida yuz bergan yo‘l-transport hodisasida 10 yoshli bola jarohatlandi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lum qildi.
Kecha, 31 yanvar kuni soat taxminan 12:30 lar chamasi Sho‘rchi tumani “Sovurtepa” mahallasi hududidan o‘tuvchi M41 avtomobil yo‘lida 2002 yilda tug‘ilgan haydovchi KIA K5 D05P mashinasini boshqarib kelib, bir yo‘nalishda harakatlanib borib, chapga burilayotgan Damas bilan to‘qnashgan.
To‘qnashuv vaqtida yo‘l chetida harakatlanib ketayotgan ota-bola va yana bir nafar fuqarolar ham turtib ketilgan. Oqibatda piyoda 2014 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan maktab o‘quvchisi “bosh miya yopiq jarohati, bosh miya lat yeyishi, o‘ng yelka qismidan yopiq sinishi” tashxisi bilan tuman shifoxonasiga yotqizilgan.
Hozirda holat yuzasidan Sho‘rchi tumani IIB tergov guruhi tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Surxondaryo viloyatida Gentra mashinasini poyezd urib ketishi oqibatida bir oilaning besh nafar a’zosi halok bo‘lgandi.