BMT Xavfsizlik kengashida Rossiya va Ukraina diplomatlari Il-76 harbiy samolyotining halokatga uchrashi mavzusida tortishdi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
"Bugungi kunda bizda mavjud bo‘lgan barcha ma’lumotlar biz qasddan, puxta o‘ylangan jinoyat bilan shug‘ullanayotganimizni ko‘rsatadi. Ukraina rahbariyati askarlarni oldindan kelishilgan joyga olib borish yo‘li va usullarini yaxshi bilardi", deya iddao qilgan Rossiya Federatsiyasining BMTdagi vakili o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiy.
Shu bilan birga, u Ukrainani “G‘arbning geosiyosiy manfaatlari yo‘lida o‘z fuqarolarini qurbon qilishga tayyor”likda ayblagan.
O‘z navbatida, Ukrainaning BMTdagi vakili o‘rinbosari Kristina Gayovishin Ukrainaga mahbuslarni tashishda foydalaniladigan transportning soni va turi haqida ma’lumot berilmaganini aytgan.
"Buning o‘zi Rossiyaning mahbuslar hayoti va xavfsizligini xavf ostiga qo‘yishga qaratilgan qasddan harakatlarini ko‘rsatishi mumkin. Agar samolyot bortida ukrainalik harbiy asirlar bo‘lganligi haqidagi ma’lumot tasdiqlansa, bu Rossiya tomonidan xalqaro gumanitar huquqning jiddiy buzilishi bo‘ladi”, deydi Gayovishin.
Ma’lum qilinishicha, samolyot halokatiga doir BMT Xavfsizlik Kengashining yig‘ilishi Rossiyaning iltimosiga binoan bo‘lib o‘tgan.
Shuningdek, ushbu yig‘ilishda AQSHning BMTdagi elchisi ham fikr bildirgan.
"Rossiya bir necha bor bu bema’ni va singdirilgan urush fojialari uchun mas’uliyatni boshqalar zimmasiga yuklashga urinib ko‘rdi, go‘yo u tajovuzkor emas, qurbon bo‘lgandek", deydi AQSHning BMTdagi elchisi o‘rinbosari Robert Vud.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning Il-76 harbiy-transport samolyoti 24 yanvar kuni ertalab Belgorod viloyatida halokatga uchradi. Rossiya Mudofaa vazirligining da’vo qilishicha, bortda Belgorodga almashish uchun olib ketilayotgan 65 nafar ukrainalik harbiy asir, shuningdek, olti ekipaj a’zosi va uch nafar hamroh bo‘lgan. Ularning barchasi, Rossiya rasmiylariga ko‘ra, vafot etgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi Il-76 halokatini terakt deb atadi va bunda Ukraina harbiylarini aybladi. Ukraina hukumati halokat uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi. Ukraina harbiy razvedkasi 24 yanvar kuni Moskva va Kiyev asirlarni almashishga tayyorlanayotganini tasdiqladi va Ukraina tomonida Il-76 bortida kim bo‘lgani haqida ishonchli ma’lumotlar yo‘qligini qo‘shimcha qildi.
Avvalroq Vladimir Zelenskiy samolyot halokati bo‘yicha xalqaro tergov o‘tkazilishini talab qilgandi. Unga javoban Rossiya tomoni bu “Kiyev rejimining jinoiy harakatlari” bo‘yicha tergov sifatida qaralsagina rozi bo‘lishini ma’lum qildi.