Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatida foydalanishga yaroqsiz bo‘lgan attraksion videolavhasi tarqaldi. Bunga Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi munosabat bildirdi.
Bildirilishicha, joriy yilning 13 mart kuni “charxpalak” qo‘mitaning mas’ul xodimlari tomonidan o‘rganilgan. Unga ko‘ra, “Z.M.Bobur” nomli madaniyat va istirohat bog‘i hududida o‘rnatilgan attraksionlardan foydalanish yuzasidan quyidagi talablar buzilganligi aniqlangan:
- attraksionlarning metall konstruksiyalarini putur yetkazmay nazoratdan o‘tkazilmagan;
- attraksion elektr jihozlarini yerga zaminlash va izolyatsiyasi qarshiligini o‘lchash bo‘yicha xulosa olinmagan;
- elektr tarmoqdan xavfsiz foydalanish qoidalariga amal qilinmagan;
Shuningdek, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi Andijon hududiy boshqarmasi istirohat bog‘i hududida o‘rnatilgan barcha attraksionlar foydalanishga ruxsat bermagan.
“Qo‘mita tomonidan hududiy elektr ta’minoti tashkilotiga barcha ta’mirlash ishlari tugaguniga qadar attraksionni elektr ta’minotini o‘chirish talabi bilan murojaat yuborildi. Bundan tashqari, bog‘ ijarachisi faoliyatini tekshirish bo‘yicha biznes-ombudsman nomiga so‘rov yuborildi”, deyiladi munosabatda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryoda attraksionning o‘rindig‘i sinib, qulab tushgan, oqibatda 4 kishi jarohatlangandi.