Pokiston Tashqi ishlar vazirligi Qirg‘izistonning Muvaqqat ishlar vakili Melis Moldaliyevni chaqirtirdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi saytida xabar berildi.
Moldaliyevga Pokiston hukumatining Qirg‘izistonda tahsil olayotgan pokistonlik talabalar bilan bog‘liq hodisa yuzasidan xavotiri yetkazilgan.
“Pokiston hukumati butun dunyo bo‘ylab o‘z fuqarolarining xavfsizligi masalasiga juda jiddiy yondashadi va ularning farovonligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘radi”, deyiladi TIV bayonotida.
Bildirilishicha, Pokistonning Bishkekdagi elchixonasi shoshilinch telefonlarini ishga tushirib, talabalar va ularning oilalarining so‘rovlariga javob bermoqda. Qirg‘iziston Respublikasidagi Pokiston elchisi Hasan Ali Zayg‘am esa Qirg‘izistonning yuqori martabali rasmiylari bilan yaqin aloqada bo‘lgan. Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, to‘rt nafar pokistonlikka birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyga ruxsat berilgan. Yana bir nafarining esa jag‘ jarohati davolanyapti.
Bishkekdagi to‘palon
18 mayga o‘tar kechasi Bishkekda mahalliy aholi bilan chet ellik talabalar o‘rtasida to‘qnashuv yuz bergan, shundan so‘ng 29 kishi tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan. Mojaroga 13 may kuni poytaxt tumanlaridan birida xorijlik talabalar va mahalliy aholi o‘rtasida sodir bo‘lgan mushtlashuv sabab bo‘lgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda Qirg‘iziston universitetlarida Hindiston, Pokiston va Bangladeshdan 40 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda.
Bishkekdagi tartibsizliklardan so‘ng xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Xorijlik talabalar yashaydigan yotoqxonalar joylashgan ko‘chalarda transport harakati to‘sib qo‘yilgan. Huquq-tartibotni muhofaza qilishda 2,7 ming nafarga yaqin ichki ishlar xodimlari, shuningdek, 1 mingdan ortiq xalq ogohligi xodimlari jalb etilgan. Poytaxt ichki ishlar boshqarmasi shaharda vaziyat tinch va huquq-tartibot idoralari tomonidan to‘liq nazoratga olinganini aytmoqda.
To‘polon oqibatida to‘rt nafar xorij fuqarosi, shuningdek, tartibsizliklarni qo‘zg‘atishga aloqador bo‘lgan bir necha Qirg‘iziston fuqarosi qo‘lga olingan. Mazkur holat yuzasidan respublika huquq-tartibot idoralari tomonidan Jinoyat kodeksining (“Bezorilik”) moddasi bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan.
Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Bishkekdagi vaziyat to‘liq hokimiyat nazorati ostida ekanligi va shaharda xorijlik talabalarning pogromlari sodir etilmasligiga ishontirib, xorijiy OAV va blogerlarni yolg‘on yoki provokatsion ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev miting ishtirokchilarining talablarini qo‘llab-quvvatlab, respublika qonunchiligini buzayotgan xorijliklarga nisbatan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan kerakli ishlar olib borilayotgani, asosan Pokiston va Bangladesh fuqarolari huquqbuzarlik sodir etayotganini aytgandi. Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif ham Bishkekda xorijlik fuqarolar bilan sodir bo‘lgan voqeadan xavotir bildirib, Pokistonning Qirg‘izistondagi elchisiga barcha zarur yordamni ko‘rsatishni buyurgani, uning idoram ham elchixona bilan aloqada va vaziyatni doimiy ravishda kuzatib borayotganini ma’lum qildi.