Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlarining muzokaralari mamlakatlarimiz hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini tasdiqladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning muzokaralari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom etdi.

Davlat rahbarlari Oʻzbekiston va Qozogʻiston strategik sherikligi va koʻp qirrali hamkorligini yanada mustahkamlashning istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, jumladan, oʻzaro tovar ayirboshlashni koʻpaytirish, qoʻshma kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, tranzit va logistika, energetika, suv va qishloq xoʻjaligi sohalaridagi qoʻshma saʼy-harakatlarni faollashtirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratildi. Hududlararo va madaniy-gumanitar almashinuvlarni jadallashtirish choralari koʻrib chiqildi.

Shuningdek, global va mintaqa kun tartibida turgan hamda xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.

Prezidentimiz Oʻzbekiston xalqlarimiz oʻrtasidagi samimiy birodarlik munosabatlarini yuksak qadrlashini taʼkidladi.

— Bugun tarixiy qaror qabul qilyapmiz, hamkorligimizni ittifoqchilik munosabatlari darajasiga koʻtaryapmiz. Koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro ishonch va keng koʻlamli sheriklikni yanada mustahkamlash yoʻlidagi intilishimiz qatʼiy. Buning uchun barcha imkoniyat va resurslarni ishga solamiz, Maqsadimiz – birodar xalqlarimizning koʻp qirrali hamkorligini aniq mazmun bilan boyitish, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ikki mamlakat yetakchilari strategik sheriklikni yanada mustahkamlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasining Davlatlararo Oliy Kengashi, Parlamentlararo hamkorlik kengashi va Tashqi ishlar vazirlari kengashini taʼsis etishga kelishib oldilar.

Muzokaralar chogʻida ikki tomonlama hamkorlikning yangi “oʻsish nuqtalari”, ustuvor yoʻnalishlari va muhim vazifalari belgilab olindi.

Uchinchi mamlakatlardan import qilinayotgan mahsulotlar oʻrnini bosish orqali zarur mahsulotlarni oʻzaro yetkazib berish nomenklaturasi va hajmini salmoqli darajada kengaytirish uchun katta salohiyat mavjud. Tovar ayirboshlash miqdori jadal surʼatda oshayotgani ham buning tasdigʻidir. Joriy yilda bu koʻrsatkich rekord daraja – 4 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.

Ushbu koʻrsatkichni yaqin besh yilda oʻn milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi. Shu maqsadda tomonlar tegishli “yoʻl xaritasi”ni qabul qilish, ulgurji-taqsimlash markazlari va qoʻshma agroklasterlarni rivojlantirishga kelishib oldilar.

Tomonlar iqtisodiyotning turli sohalarida yangi qoʻshma korxonalar tashkil etish orqali oʻzaro manfaatli sheriklikni rivojlantirish muhimligini taʼkidladilar. Investitsiyalarni jalb qilish, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xoʻjaligi, transport va logistika, energetika, farmatsevtika, qurilish sohalari ustuvor yoʻnalishlar sifatida belgilandi.

Sanoat kooperatsiyasi boʻyicha aniq loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi. Mashinasozlik, energetika, elektrotexnika, kimyo, toʻqimachilik va boshqa tarmoqlarda muvaffaqiyatli loyihalar koʻp. Endilikda qurilish, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika va boshqa ustuvor sohalarda yangi yirik loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Xususan, kuni kecha ishbilarmon doiralar ishtirokida oʻtkazilgan tadbirlarda umumiy qiymati ikki milliard dollardan ziyod istiqbolli investitsiya loyihalari tayyorlandi.

Bu boradagi saʼy-harakatlarga qoʻshimcha surʼat bagʻishlasha maqsadida sanoat kooperatsiyasi boʻyicha qoʻshma xalqaro markaz tashkil etiladi.

Hududlararo aloqalar hamkorlikni kengaytirishda drayver boʻlib xizmat qilmoqda. Jumladan, yaqinda oʻtgan Hududlar forumi natijasida qator kelishuv va savdo shartnomalari imzolandi.

Ikki mamlakatning chegaraoldi hududlariga oʻzaro mahsulot yetkazib berish va yangi kooperatsiya loyihalarini ishlab chiqishda yanada yaqindan hamkorlik qilishga topshiriq berildi.

Transport sohasi muhim yoʻnalish sifatida belgilab olindi. Avtomobilda va temir yoʻl orqali yuk tashish hajmi ortib bormoqda. Mamlakatlar oʻrtasidagi aviaqatnovlar toʻliq tiklandi, yangi yoʻnalishlar ochildi.

Oʻzbekiston Prezidenti mamlakatlarimiz va uchinchi davlatlar bozorlariga chiqishni taʼminlaydigan yangi yoʻlaklarni shakllantirish muhim ekanini qayd etdi. Yetakchilar “Uchquduq-Qiziloʻrda” temir va avtomobil yoʻlini hamda «Turkiston — Chimkent — Toshkent» yuqori tezlikda harakatlanishga moʻljallangan temir yoʻl qurilishi loyihalarini jadallashtirishga kelishib oldilar.

Suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi. Shu maqsadda oʻzaro manfaatli hamkorlikning barqaror, uzoq muddatli mexanizmlarini ishlab chiqish va ikki mamlakat oʻrtasida suv munosabatlarining barcha yoʻnalishlariga oid takliflar tayyorlash boʻyicha Ishchi guruh faoliyatini davom ettirishga kelishib olindi. Suv tejaydigan yangi texnologiyalarni jadal joriy etish boʻyicha birgalikda amaliy ishlash, Orolboʻyida daraxtzorlar barpo etish borasida qoʻshma chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Tomonlar Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash maqsadida oʻzaro manfaatlar va mintaqaviy yaqinlashuv gʻoyalarini ilgari surgan holda tashqi siyosat sohasida yaqindan hamkorlik qilish istagini bildirdilar. Prezidentlar Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari formatini ishtirokchi davlatlar manfaatlariga qatʼiy hurmat asosida mavjud salohiyatlardan maksimal darajada toʻliq foydalanish maqsadida takomillashtirish yoʻlida maqsadli ish olib borishga kelishib oldilar.

Gumanitar almashinuvlarni kengaytirish, taʼlim, fan, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sanʼat, turizm va sport sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari ham muhokama qilindi.

Qozogʻiston Prezidenti xalqlarimizning maʼnaviy yaqinligi va koʻp asrlik doʻstligi ramzi sifatida Nur-Sulton shahrida Alisher Navoiy haykali oʻrnatilishini taʼkidladi.