Hindiston armiyasining maxsus operatsiyasi vaqtidagi qo'pol xato tufayli 14 kishi halok bo'ldi

post Foto: «AP Photo / Mukhtar Khan»
Hindiston armiyasining mamlakat sharqida Nagalend shtatida o'tkazgan maxsus operatsiyasi paytida 14 kishi, jumladan, 13 nafar tinch aholi vakillari halok bo'ldi, deb xabar berdi 3-armiya korpusi matbuot xizmati.

«Isyonchilarning ehtimoliy harakati haqidagi ishonchli razvedka maʻlumotlariga asoslanib, Nagaland shtati Mon okrugi Tiru tumanida operatsiya o'tkazish rejalashtirilgandi. Ushbu hodisa va uning oqibatlaridan chuqur afsusdamiz. O'lim sabablari yuqori darajada o'rganilmoqda va qonunga muvofiq tegishli choralar ko'riladi», — deyiladi xabarda.

Armiya hodisa natijasida bir necha askar og'ir yaralanganini, bir askar esa olgan jarohatlaridan halok bo'lganini qayd etgan.

Mahalliy politsiya maʻlumotlariga ko'ra, armiya Nagaland shtatining taqiqlangan Milliy sotsialistik kengashi aʻzolarini pistirmaga o'tkazgan, biroq ko'mir konida mahalliy ishchilar uyiga qaytayotgan pikap mashinasiga yanglishib o't ochgan.

Armiya vakilining The Hindu nashriga xabar berishicha, tinch aholi qidiruvdagiga o'xshash mashinada kelgan va to'xtash so'ralganda «hamkorlik qilmagan». Otishma olti kishining hayotiga zomin bo'ldi. Armiya vakillari politsiyaning kelishini kutar ekan, mahalliy aholi to'planib, ularga hujum qilgan. To'qnashuv natijasida olomondan o'q uzishi oqibatida bir askar halok bo'ldi, 3 nafari yaralandi. Harbiylar o'zini himoya qilish maqsadida o't ochganidan so'ng yana yetti nafar tinch aholi halok bo'ldi, dedi armiya vakili.

Nagaland bosh vaziri Neyfiu Rio halok bo'lganlarning oila aʻzolariga hamdardlik bildirdi va yuqori darajadagi komissiya tekshiruv o'tkazishini aytdi.