Navoiyda quvurlarni oʻzboshimchalik bilan kovlab olgan tashkilot aniqlandi

Navoiyda “Navoiy suv taʼminoti” MCHJga tegishli boʻlgan quvurlarni oʻzboshimchalik bilan kovlab olgan tashkilot fosh etildi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida Bosh prokuratura huzuridagi Departament tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda MCHJ hududdagi ichimlik suvi quvurlarini taʼmirlash jarayonida “Navoiy suv taʼminoti” MCHJ balansidagi 1190,6 metr polietilen quvurlarni hujjatlarsiz, oʻzboshimchalik bilan kovlab olganliklari natijasida davlat va jamiyat manfaatlariga 196,5 mln soʻm zarar yetkazilganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 229-moddasi (oʻzboshimchalik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.