Chiroqchida IIB xodimlari talabga bo‘ysunmay qochgan haydovchi Lacetti’sining oynasini urib sindirdi (video)

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida YPX inspektori va viloyat IIBga qarashli tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi vakillari fuqaro boshqaruvidagi avtomobil oynalarini sindirishga urindi. Bu haqda “Daryo”ga avtobloger Maqsud Muzaffarov ma’lum qildi.

Foto: Videodan kadr

Qayd etilishicha, voqea 27-noyabr kuni Chiroqchi tumani markazidagi tuman Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi ma’muriy binosi yonida sodir bo‘lgan.

“YPX xodimlari tomonidan to‘xtatilgan Lacetti 100 foiz tonirovka ekan. YPX xodimlari avtomobil hujjatlarini tekshirmoqchi bo‘lgan shekilli, to‘xtatgan. Ammo haydovchi avtomobil eshiklarini yopib, YPX xodimlariga bo‘ysunmagan. Keyin esa voqea joyidan ketishga chog‘landi”, — deydi Maqsud Muzaffarov.

Qashqadaryolik avtoblogerning “Daryo”ga taqdim etgan videosidan anglashilishicha, voqea joyidan ketishga chog‘langan Lacetti haydovchisi YPX inspektorlari va viloyat IIBga qarashli tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi vakillari qarshiligiga duch kelgan.

“Eng qizig‘i avvaliga YPX inspektorlaridan biri, keyin esa qora maxsus formali kishilar fuqaro avtomobilining oynalarini sindirishga urindi”, — deydi avtobloger.

Qo‘shimcha qilinishicha, Lacetti haydovchisini voqea joyini tark etishga undab, “ket bu yerdan” deya baqirgan fuqarolardan biri YPX inspektorlari va viloyat IIBga qarashli tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi vakillari tomonidan majburiy tarzda olib ketilgan.

Videoda avtomobilning orqa oynasi dubinka zarbidan singanini ko‘rish mumkin.

Holatga YHXBB matbuot xizmati munosabat bildirib, ayni kunlarda Qashqadaryo viloyatida “Xavfsiz hudud” keng qamrovli profilaktik tadbiri doirasida yo‘llarda sohaviy xizmatlar xodimlari hamkorligida reydlar o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.

Qashqadaryo viloyati IIB matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu tadbirlar 19-noyabr kuni tasdiqlangan rejaga asosan viloyat IIB YHXB, viloyat IIB Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi xodimlari hamda viloyat transport boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda viloyat hududida avtotransport vositalari haydovchilari tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan qo‘pol qoidabuzarliklarni aniqlash, yo‘l-transport hodisalarni oldini olish maqsadida o‘tkazilmoqda.

27-noyabr kuni soat 16:10 larda o‘tkazilgan tadbir davomida Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumani, “Kommuna” MFY hududidan o‘tgan ichki yo‘lda YPX xodimlari tomonidan Lacetti to‘xtatilganida, haydovchi qonuniy talabni bajarmasdan avtomobilning oynasi va eshiklarini qulflab oldinda turgan soha vakillarining ustiga transportni boshqargan.

Mazkur jarayonda xodimlar tomonidan maxsus vositalar qo‘llanilib, haydovchini to‘xtatish choralari ko‘rilganligiga qaramasdan haydovchi voqea joyidan qochib ketgan. Hozirda YPX xodimining bildirgisi asosida bo‘ysunmay harakatlangan haydovchi yuzasidan surishtiruv olib borilmoqda.