Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga raislik Oʻzbekiston Respublikasiga oʻtdi

Foto: president.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-noyabr kuni Ashxobod shahrida oʻtgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) oʻn beshinchi sammiti ishida ishtirok etdi.

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov raisligida oʻtgan tadbirda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Orif Alviy, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, shuningdek, Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Mamin va IHT bosh kotibi Husrav Noziriy ham ishtirok etdi.

IHTni jadal rivojlanayotgan tashkilot sifatida mustahkamlashga qaratilgan koʻp tomonlama sheriklikni yanada kengaytirish, unga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikni savdo, transport-kommunikatsiyaviy oʻzaro bogʻliqlik, sanoat kooperatsiyasi, “yashil” iqtisodiyot va turizm sohalarida rivojlantirish masalalari yigʻilish kun tartibining asosiy mavzusi boʻldi.

Davlatimiz rahbari sammitdagi nutqida Turkmanistonni tashkilotga samarali raislik qilgani bilan tabrikladi hamda joriy yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bilan sheriklik toʻgʻrisidagi rezolyutsiyasi qabul qilinganining muhim ahamiyatini qayd etdi.

– Tarixi, dini, urf-odat va anʼanalari yaqin boʻlgan birodar xalqlarimiz azaldan savdo-sotiq aloqalari va madaniy rishtalar bilan chambarchas bogʻlangan. Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti oʻtgan davr mobaynida ulkan iqtisodiy salohiyatga ega yirik mintaqaviy tuzilmaga aylandi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mamlakatimiz yetakchisi tashkilot doirasida keng qamrovli aloqalarni yanada rivojlantirish tarafdori ekanini taʼkidladi.

Prezidentimiz xalqaro va mintaqaviy vaziyatga, davom etayotgan pandemiya sharoitidagi iqtisodiy qiyinchiliklarga eʼtibor qaratib, hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha qator aniq takliflarni ilgari surdi.

– 500 milliondan ortiq aholi yashaydigan, ulkan bozorga ega boʻlgan mamlakatlarimizning savdo va investitsiya sohalaridagi katta imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish zarur. Qabul qilingan “IHT istiqbollari – 2025” konseptual dasturi asosida, mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalarini yanada kengaytirish va eng muhimi, amaliy natijadorlikka erishish maqsadga muvofiqdir.ltatov, – dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Shu munosabat bilan tashkilot doirasida yangilangan va keng qamrovli Savdo bitimini ishlab chiqish va qabul qilish taklif qilindi. Mazkur hujjatda savdo toʻsiqlarini bartaraf etish, bojxona tartiblarini raqamlashtirish, hamda hozirgi vaqtda dolzarbligi tobora oshayotgan elektron savdoni keng tadbiq etish masalalari oʻz ifodasini topishi zarur.

Mamlakatlarimizda oʻzaro sarmoyalar oqimini koʻpaytirish va ularni ishonchli himoya qilish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishga qaratilgan Qoʻshma harakatlar dasturini qabul qilish bugungi kun talabi ekani taʼkidlandi.

Oʻzaro savdo hajmlarini oshirish, mintaqaviy ahamiyatga ega loyihalarni ishlab chiqish va mamlakatlarimiz iqtisodiyotlarining jahon bozoridagi raqobatbardoshligini kuchaytirish lozimligi koʻrsatib oʻtildi.

Buning real mexanizmi sifatida Shavkat Mirziyoyev BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (YUNIDO) va Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun (SPEKA) Maxsus dasturi bilan hamkorlikda Tashkilotimiz doirasida Savdo, investitsiyalar va innovatsiyalar markazini tashkil etish hamda uning qarorgohini Toshkent shahrida joylashtirishni taklif qildi.

Yana bir muhim yoʻnalish – mintaqamizdagi mavjud transport yoʻlaklaridan unumli foydalanish va yangilarini yaratish.

Davlatimiz rahbari mintaqalararo tranzit xablarini tashkil etish, zamonaviy transport va yoʻl infratuzilmalarini rivojlantirish, transport va tranzit tariflarini optimallashtirish hamda qoʻshimcha chegirmalarni taqdim etish, xalqaro yuk va yoʻlovchi tashish shartlarini yengillashtirish, transport sohasini raqamlashtirish masalalariga aniq yechimlar topish muhim ekanini taʼkidladi.

Bu rejalarni roʻyobga chiqarish uchun mamlakatlarimizning transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish va tranzit salohiyatini kengaytirishga qaratilgan mintaqaviy strategiyani ishlab chiqish maqsadga muvofiq.

Global iqlim kun tartibi tobora dolzarb boʻlib borayotganini hisobga olib, sammit “yashil” iqtisodiyotga oʻtishni davom ettirish masalalarini koʻrib chiqdi. Yetakchilar bu borada faol hamkorlik qilish, jumladan, uglerod neytralligiga erishish uchun sanoat tarmoqlarida ekologik toza va resurstejamkor texnologiyalarni keng tatbiq etish zarur ekanini taʼkidladilar.

Shu maqsadda Shavkat Mirziyoyev xalqaro ekolog olimlar va ekspertlar ishtirokida yuqori darajadagi doimiy Muloqot kengashini tuzishni taklif etdi.

Sayyohlik almashinuvini qayta tiklash muhimligini qayd etib, Oʻzbekiston Prezidenti Buxoro shahrida 2022-yili boʻlib oʻtadigan turizm vazirlarining navbatdagi uchrashuvida pandemiyadan keyingi davrda Xavfsiz sayyohlikni rivojlantirish umummintaqaviy Dasturini qabul qilish tashabbusini bildirdi. Ushbu tashabbus doirasida ziyorat turizmi” va boshqa qoʻshma sayyohlik mahsulotlarini ishlab chiqish, aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish, turizm infratuzilmasini rivojlantirishga jiddiy eʼtibor qaratiladi.

Davlatimiz rahbari qoʻshni Afgʻonistondagi vaziyat haqida alohida toʻxtalib oʻtdi.

– Ushbu mamlakat kun sayin ogʻir gumanitar inqirozga kirib bormoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev. Xalqaro hamjamiyat, jumladan, yaqin qoʻshnilar yordamisiz afgʻon xalqi yakka holda bu qiyin sinovlardan oʻta olmaydi.

Shu bois afgʻon xalqiga zarur yordam koʻrsatish boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirish va umumiy yondashuvlarni ishlab chiqishimiz kerak.

Shuningdek, Afgʻoniston bilan mintaqaviy ahamiyatga ega boʻlgan yirik savdo, transport va energetika loyihalarini amalga oshirish ishlarini izchil davom ettirish tarafdorimiz.

Sammitda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining xalqaro nufuzi va obroʻsini oshirish, institutsional mexanizmlarini va yetakchi xalqaro tuzilmalar bilan hamkorligini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.

Bu borada Oʻzbekiston Prezidenti tashkilot faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha aniq taklif va tavsiyalar tayyorlash uchun yuqori darajadagi Ekspertlar guruhini tuzish tashabbusini ilgari surdi.

Tashkilot doirasida muayyan sohani rivojlantirish boʻyicha har yilga nom berish anʼanasini joriy etish tashabbusi bildirildi. Prezidentimiz IHTda 2022-yilni Oʻzaro uzviy bogʻliqlikni mustahkamlash yili, deb eʼlon qilishni taklif etdi.

Sammit yakunida Harakatlar uchun Ashxobod konsensusi imzolandi. Ushbu hujjat aʼzo mamlakatlarning mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash borasidagi muhim ustuvor intilishlarini oʻzida mujassam etdi.

Davlatlar va hukumatlar rahbarlari hamda tashkilot bosh kotibi Oʻzbekistonni 2022-yilda IHTga raislikni qabul qilib olgani bilan tabrikladilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu munosabat bilan bildirilgan samimiy tilaklar uchun minnatdorchilik bildirib, uchrashuv ishtirokchilarini Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan navbatdagi sammitga taklif qildi.