La Mansh orqali Fransiyadan Britaniyaga suzib o‘tmoqchi bo‘lgan 27 nafar muhojirning o‘limi ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p yillik bahsni avj oldirdi

24-noyabr kuni Fransiya qirg‘oqlari yaqinida ichida bir necha o‘nlab muhojirlar bo‘lgan puflama qayiq cho‘kib ketdi. Fransiyadan Buyuk Britaniyaga yo‘l olgan muhojirlar ushbu qayiq yordamida La-Mansh bo‘g‘ozidan o‘tishga uringan. Halokatga uchraganlarning ayrimlari Fransiya sohil xizmatlari tomonidan qutqarilgan bo‘lsa-da, ulardan 27 nafari cho‘kib ketgan. BBC xabariga ko‘ra, qurbonlar orasida uch nafar bola ham bor. Bu voqea Parij va London o‘rtasida Fransiyadan Buyuk Britaniyaga suzib o‘tayotgan muhojirlar masalasini qanday hal qilish borasida bir necha yillardan beri davom etayotgan bahsni avj oldirdi, deb yozadi Meduza.

Angliya janubi-sharqidagi Danjeness shahriga yaqin qirg‘oqda Britaniya qutqaruv kemasidan tushayotgan muhojirlar. 24-noyabr, 2021 yil

Foto: AFP

25-noyabr kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson o‘zining Twitter’dagi sahifasiga Fransiya prezidenti Emmanuel Makronga murojaat qilingan maktubni joyladi. Murojaatnomada Jonson migratsiya inqirozini hal qilish bo‘yicha bir nechta takliflarni ilgari surgan: masalan, bo‘g‘oz suvlarida hamkorlikdagi suv va havo patrullarini ishga tushirish, La-Mansh bo‘ylab o‘tadigan muhojirlar kemalarini aniqlashning yuqori texnologiyali usullaridan, jumladan, radarlar va sensorlardan foydalanish taklif qilingan.

Alohida murojaatda Jonson o‘zining oldingi takliflarini, jumladan, ikki mamlakat bir-birining suvli hududlariga patrul kemalarini kiritishi va Britaniya qirg‘oqlariga kelgan muhojirlarni Fransiyaga qaytarish dasturini amalga oshirish zarurligini qayd etgan.

Parijda Jonsonning xatti-harakatlari xush ko‘rilmadi. Makron britaniyalik hamkasbi o‘z maktubini unga shaxsan yo‘llamaganidan ayniqsa g‘azablangan. “Bunday masalalarni mamlakatlar rahbarlari Twitter’da yoki ochiq xatlar orqali ko‘rib chiqmaydi”, — dedi Makron va bu yondashuvni “bema’nilik” deb atadi. Shundan so‘ng Fransiya Britaniya ichki ishlar vaziri Priti Patelga Yevropa Ittifoqi vazirlarining migratsiya inqirozi bo‘yicha yig‘ilishida ishtirok etish uchun bergan taklifini qaytarib oldi. Yig‘ilish 28-noyabr kuni Kale shahrida bo‘lib o‘tadi.

Financial Times gazetasining yozishicha, fransuzlarning noroziligiga sabab shuki, ularning fikricha, Buyuk Britaniya Brexit tufayli yuzaga kelgan muammolar uchun Makronni javobgarlikka tortishga urinmoqda. O‘z navbatida, Britaniya rasmiylari Fransiya prezidentining murosasizligini izohlar ekan, Makron aprel oyida prezidentlikka qayta saylanish uchun kurashishi, shu munosabat bilan u millatchi raqiblarining tanqidlarini qaytarishi kerakligiga ishora qildi.

Fransiya shimolidagi Vimre qirg‘og‘idan suzib boshlagan bir guruh muhojirlar La-Mansh bo‘g‘ozidan o‘tishga urinmoqda. 24-noyabr, 2021-yil

Foto: Reuters

Muhojirlarni Fransiyaga qaytarish taklifi Fransiya tomonidan bir necha bor rad etilgan, deya qayd etadi Financial Times. Fransiya ichki ishlar vaziri Jerald Darmanen sentabr oyida buni “shantaj” deb atagan edi; Parij Buyuk Britaniya bu masalani Yevropa Ittifoqi darajasida hal qilishi kerakligini ta’kidlamoqda.

So‘nggi paytlarda Fransiya-Britaniya munosabatlari boshqa sabablarga ko‘ra yomonlashgani sababli muhojirlarga oid vaziyat ham murakkablashdi. Masalan, 26-noyabr kuni fransuz baliqchilari norozilik namoyishi uyushtirib, La-Mansh orqali o‘tadigan tunnelni va bo‘g‘ozdan o‘tuvchi paromlar yo‘nalishini to‘sib qo‘ydi. Ular Britaniyaning suvli hududlarida baliq ovlash bo‘yicha litsenziya berishni talab qildi. Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi haqidagi kelishuv shartlariga ko‘ra, ushbu hududlarda ov uchun baliqchilarda tegishli litsenziya bo‘lishi kerak.

Muhojirlar La-Mansh bo‘g‘ozini kesib o‘tishda foydalangan va cho‘kib ketgan qayiq qoldiqlari

Foto: Reuters

BBC xabariga ko‘ra, so‘nggi oylarda La-Mansh orqali qayiqda Britaniyaga yetib borishga uringan muhojirlar soni keskin oshgan. Agar 2020-yilda o‘n mingdan kam odam bo‘g‘ozdan o‘tishga uringan bo‘lsa, 2021-yilda ular soni 25 mingdan ortgan. Bo‘g‘ozni kesib o‘tishning bunday usuli shu qadar ommalashganki, Decathlon sport do‘konlari tarmog‘i Kale va Fransiya shimolidagi boshqa port shaharlardagi savdo nuqtalarida qayiqlar sotishni to‘xtatgan.