Bugungi kunda barchamiz global va mintaqaviy vaziyatning tobora murakkablashib borayotganiga guvoh boʻlib turibmiz — Shavkat Mirziyoyev

Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ashxobod shahrida oʻtayotgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 15-sammitida nutq soʻzlamoqda.

Davlatimiz rahbari Prezident Gurbanguli Berdimuhamedovga anjumanni yuksak saviyada tashkil etgani va samimiy mehmondoʻstligi uchun minnatdorchilik bildirdi.

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti oʻtgan davr mobaynida ulkan iqtisodiy salohiyatga ega yirik mintaqaviy tuzilmaga aylangani, uning xalqaro maydondagi oʻrni va ahamiyati oshib borayotgani qayd etildi.

Oʻzbekiston tashkilot doirasida keng qamrovli aloqalarni yanada rivojlantirish tarafdori hamda boʻlajak raislik vazifasini samarali amalga oshirish niyatida ekani taʼkidlandi.

«Bugungi kunda barchamiz global va mintaqaviy vaziyatning tobora murakkablashib borayotganiga guvoh boʻlib turibmiz.

Davom etayotgan pandemiya taʼsirida jahon iqtisodiyoti rivojida qanday tendensiyalar kuzatiladi, xalqaro hamjamiyat yana qanday yangi xavf-xatarlarga duch keladi, degan savollarga hamon aniq javob yoʻq.

Bunday oʻzgaruvchan sharoitda quyidagi ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha umumiy saʼy-harakatlarimizni birlashtirish zarur, deb hisoblaymiz.

Birinchi yoʻnalish – 500 milliondan ortiq aholi yashaydigan, ulkan bozorga ega boʻlgan mamlakatlarimizning savdo va investitsiya sohalaridagi katta imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish zarur.

Qabul qilingan “Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti istiqbollari – 2025” konseptual dasturi asosida mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalarini yanada kengaytirish va eng muhimi, amaliy natijadorlikka erishish maqsadga muvofiqdir”.