Chinozdagi yo‘lda juda qisqa masofalarda 20 ta piyodalar o‘tish joyi belgisi o‘rnatilgani aniqlandi

Ijtimoiy tarmoqda 120 metr masofa ichida 20 ta piyodalar o‘tish joyi belgisi o‘rnatilgani aks etgan video tarqaldi. YHXBB matbuot xizmati rasmiy ma’lumot berib, holat Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi ichki yo‘lda yuz berganini ma’lum qildi.

Foto: Videodan kadr

“Mazkur yo‘l qurilishida belgilarni o‘rnatish ishlari Toshkent viloyati IIBB YHXB mas’ullari bilan kelishilmagani, buning natijasida belgilar noto‘g‘ri o‘rnatilgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu xatolik bartaraf etilib, amaldagi tartibga ko‘ra yo‘lni belgi va chiziqlar bilan jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Foto: YHXBB matbuot xizmati

Shuningdek, juda qisqa masofalarda, belgilanmagan joylarga noto‘g‘ri o‘rnatilgan 5.16.1, 5.16.2. piyodalar o‘tish joyi belgilari olib tashlangani aks etgan surat ilova qilingan.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent ko‘chalarida yangi yo‘l belgisi paydo bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgandi. Keyinroq YHXBB holatga munosabat bildirib, ushbu belgi GOST 23457-86 talablari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 24-dekabrdagi “Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash” to‘g‘risidagi 370-sonli qarorida ham mavjud emasligini ta’kidlagan.